Jahon | 13:55
9602
10 daqiqa o‘qiladi

Ochlikka ro‘para bo‘lgan G‘azo, sanksiyalardan xalos bo‘lishga urinayotgan Suriya va Rossiyaning Qirg‘izistonga tahdidi - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

G‘azoda ochlik qurolga aylantirilmoqda

Turkiya tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan G‘azoga humanitar yordam olib kirish 50 kundan buyon to‘liq to‘xtaganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, Isroil ochlikni falastinliklar uchun jazo va bosim vositasi sifatida qo‘llamoqda.

Fidan bu haqda Anqarada Norvegiya tashqi ishlar vaziri bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, G‘azoda shuncha aholi qirilayotgani dunyo hamjamiyati ko‘z o‘ngida sodir bo‘lmoqda.

Turkiya vaziri Isroil harakatlarini inson huquqlari va vijdonga qarshi jinoyatlar, deb baholadi. U G‘azoga humanitar yordamni uzluksiz yetkazish zarurligini alohida ta’kidladi.

Fidan shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlarining Kipr bilan munosabatlari va Yevropa Ittifoqining bunday jarayonlarga ta’siri haqida ham fikr bildirdi. U Anqara turk dunyosi bilan birdamlikni saqlab qolishini aytdi.

Suriya AQShdan sanksiyalarni bekor qilishni so‘radi

Suriya prezidenti Ahmad ash-Shar’a The New York Times nashriga bergan suhbatida AQShdan mamlakatga nisbatan sanksiyalar siyosatini qayta ko‘rib chiqishni so‘radi. Uning ta’kidlashicha, ayrim shartlar qo‘shimcha muzokara va muvofiqlashtirishni talab qiladi.

Ash-Shar’a mamlakat armiyasini tubdan qayta qurish uchun vaqt kerakligini aytdi. U sanksiyalar Suriyani tiklash jarayoniga jiddiy to‘siq bo‘layotganini ta’kidladi.

Prezident hech bir davlat Suriya hududidan qo‘shnilarga tahdid qilish uchun foydalanmasligi kerakligini qayd etdi. Chet el askarlari faoliyati mamlakat qonunlariga muvofiq bo‘lishi shart.

Ash-Shar’a Suriya Rossiya bilan mavjud oziq-ovqat va energetika shartnomalarini bajarishda davom etishini bildirdi. G‘arb quroli bilan almashtirish bo‘yicha takliflar hozircha kelib tushmaganini aniqlashtirdi.

Bu vaqtda Buyuk Britaniya Suriya Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va bosh razvedka idoralariga qo‘yilgan sanksiyalarni olib tashlaganini ma’lum qildi.

Zelenskiy: AQSh Rossiya agressor ekanini tan olishi kerak

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy AQShni Rossiyani rasman «agressor» deb tan olishga chaqirdi. U bu fikrni amerikalik jurnalist Ben Shapiro bilan suhbatda bildirdi.

Zelenskiy Vashingtonni Kiyev uchun strategik hamkor sifatida ta’rifladi. Unga ko‘ra, Ukraina AQShdan Rossiyaning tajovuzkor ekani haqida aniq va umumiy nuqtayi nazarni kutmoqda.

«Biz AQShni kuchli strategik hamkor deb bilamiz va Rossiya — agressor ekani haqida umumiy tushunchaga ega bo‘lishni xohlaymiz», — dedi Zelenskiy.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina AQSh «bu so‘zlarda muvozanat saqlashga intilmasligi kerak».

«Men prezident Tramp nima istayotganini juda yaxshi tushunib turibman. U yondashuv axtarayotgani faktini juda hurmat qilaman. Bu uning yondashuvi», — dedi Zelenskiy.

Zelenskiy shuningdek, AQSh Ukrainaga 105 mlrd dollarlik harbiy va moliyaviy yordam ko‘rsatganini, uning katta qismi qurol-yarog‘lardan iborat ekanini ma’lum qildi.

Trampdan Kremlga yangi takliflar

AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Rossiya bilan yangi muzokara bosqichini boshlamoqchi. Bloomberg manbalariga ko‘ra, Vashington Kremldan Ukraina o‘z qurolli kuchlari va harbiy sanoatiga ega bo‘lish huquqini tan olishni talab qiladi.

Trampning Ukraina masalasi bo‘yicha maxsus vakili Stiven Uitkoff yaqin kunlarda Putin bilan uchrashishi kutilmoqda. AQSh tomoni Zaporijjya AES nazoratini Ukrainaga qaytarish va uni xalqaro boshqaruvga o‘tkazishni ham ilgari surmoqda.

Vashington Ukrainani «qurolsizlantirish»ni rad etadi. Ukraina Dniproga chiqishi va Xarkivdagi hududlarni qaytarib olishi shart, deb hisoblaydi. Bu esa Rossiyaning pozitsiyasiga zid.

Biroq frontda tinchlik yo‘q: Kiyevga uyushtirilgan hujum oqibatida kamida 12 kishi halok bo‘ldi. Janubiy Afrika Respublikasiga safarini zudlik bilan bekor qilishga majbur bo‘lgan Zelenskiy urushni to‘xtatmasdan kelishuv muhokamasi bo‘lmasligini aytdi.

Tramp esa shoshmoqda. U Qrimni Rossiyaniki deb tan olish, frontning ayni damdagi chizig‘i bo‘ylab urushni muzlatishni taklif qilmoqda. Kiyev buni rad etmoqda. AQSh esa xalqaro kafolatlar va bosqichma-bosqich sanksiyani bekor qilishni ham muhokama qilmoqda.

Tramp yon bera boshladi: tariflar pasayishi mumkin

AQSh prezidenti Donald Tramp Xitoy tovarlariga joriy etilgan 145 foizlik bojlarni pasaytirish niyati borligini bildirdi. Unga ko‘ra, ushbu miqdor «juda yuqori» va «uni qayta ko‘rib chiqish» talab etiladi.

«Xitoy bilan munosabatlarimiz yaxshi. Yaqin orada kelishuvga erishamiz, deb o‘ylayman», — dedi Tramp. U Xitoy rahbari Si Jinping bilan munosabatlarini «ajoyib» deb baholadi.

Uning izohlari AQSh moliya vaziri Skott Bessentning chiqishidan so‘ng yangradi. Bessent Xitoy bilan savdo urushi barqaror emasligini bildirib, taranglikni yumshatishni qo‘llab-quvvatladi.

Bu bayonotlar ortidan AQSh va Osiyo fond bozorlari ijobiy o‘sish qayd etgan bo‘lsa-da, rasmiy Pekin muzokaralar haqidagi xabarlarni rad etdi.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vakili Go Jiakun: «Hech qanday muzokara yoki kelishuv yuz bermadi. Barchasi soxta axborot», — deya izoh berdi.

Moskvadan Qirg‘izistonga tahdid

Rossiyadagi Rossotrudnichestvo rahbari Yevgeniy Primakov Qirg‘izistondagi «Rus uyi» xodimi Natalya Sekerinaning ushlanishini «provokatsiya» deb atadi va bu harakatlar Qirg‘izistonga «noxush» oqibatlar olib kelishi mumkinligini bildirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «bunday holatlar uchun javob bo‘ladi, u samarali va yoqimsiz bo‘ladi». Sekerina Qirg‘iziston Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi tomonidan urushga yollashni tashkil qilish ishi bo‘yicha yana uch kishi bilan birga ushlangan.

Jumladan, O‘sh shahar hokimligi matbuot xizmati xodimi Sergey Lapushkin ham ushlanganlar qatorida. Barcha gumonlanuvchilar 17 iyungacha qamoqqa olingan. Qirg‘iz qonuniga ko‘ra, bunday jinoyat uchun 7–12 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi belgilangan.

Bu Moskva va Bishkek o‘rtasidagi so‘nggi haftalarda ikkinchi diplomatik ziddiyat. Avvalroq Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi Rossiyadan o‘z fuqarolarining Moskvadagi jamoat hammomida yarim yalang‘och holda ushlanishi yuzasidan rasmiy izoh so‘ragan edi.

Moskvada masjidga o‘t qo‘yganlar ushlandi

Moskva ostonasidagi Yegoryyevsk shahridagi masjidga Ramazon hayiti arafasida o‘t qo‘yganlikda gumonlanib, 15, 17 va 18 yoshli o‘smirlar ushlandi.

Tergovga ko‘ra, bu yoshlar Rossiyada terrorchi deb tan olingan millatchi tuzilmaga a’zo bo‘lgan. Ular neonatsistik g‘oyalarni yoqlaydigan «avtonom jangari guruh» safiga qo‘shilgan. Yigitlarga nisbatan terrorchi tashkilotda ishtirok etish moddasi bo‘yicha jinoiy ish ochilgan. Jazo muddati — 10 yildan 20 yilgacha.

Yong‘in faqat masjidni emas, balki uning yonidagi kafe va avtoservisni ham qamrab olgan. Gumondorlar hujum videosi va bayonotlarini neonatsistik guruhlar muqaddas sanovchi kunda tarqatishgan.

«Qozog‘iston Rossiyaga qarshi urushga tayyorlanmayapti»

Qozog‘iston Mudofaa vazirligi yangi «Hududiy mudofaa to‘g‘risida»gi qonun Rossiyaga qarshi qaratilgan, degan xabarlarni rasman rad etdi. Vazirlik Rossiyani strategik hamkor deb atadi.

Rasmiy bayonotda aytilishicha Rossiya bilan KXShT, MDH, ShHT va YeOII doirasida ittifoqchilik munosabatlari saqlanayotgani ta’kidlandi. Qonunda Rossiyaga qarshi qaratilgan jihatlar yo‘q va bu turdagi da’volar haqiqatni aks ettirmaydi.

Mudofaa vazirligiga ko‘ra, qonun mamlakat ichidagi barqarorlikni ta’minlash va aholi hamda infratuzilma obektlarini muhofaza qilishga qaratilgan. U faqat harbiy holatda yoki favqulodda vaziyatda qo‘llanadi.

Aprelda qabul qilingan qonunga ko‘ra, urush vaqtida faoliyat yuritadigan ixtiyoriy mudofaa tuzilmalari tashkil etiladi. Ular muhim inshootlarni qo‘riqlaydi va zarurat bo‘lsa, Qurolli kuchlar tarkibiga qo‘shiladi.

Qozog‘iston Rossiya bilan quruqlikda 7,5 ming km uzunlikdagi chegaraga ega. Hududiy brigadalar tashqi tahdidlarga javob sifatida emas, hududlarning logistik, geografik va demografik xususiyatlariga qarab joylashtiriladi.

Mavzuga oid