Jahon | 16:41 / 28.04.2025
8303
2 daqiqa o‘qiladi

Putin 9 may kuni Ukrainada o‘t ochish to‘xtatilishini e’lon qildi

Qisqa otashkesim 7-10 may kunlariga belgilandi. Kreml Ukrainani «bundan o‘rnak olishga» chaqirdi.

Foto: kremlin.ru

Rossiya qo‘shinlari G‘alabaning 80 yilligi munosabati bilan 7-10 may kunlari barcha harbiy operatsiyalarni to‘xtatadi. Bu haqda Kreml ma’lum qildi.

«Rossiya Federatsiyasi Qurolli Kuchlari Oliy Bosh Qo‘mondoni Vladimir Putinning qarori bilan, insonparvarlik nuqtai nazaridan, G‘alabaning 80 yilligi kunlarida - 7-8 may yarim tundan 10-11 may yarim tungacha - Rossiya tomoni o‘t ochishni to‘xtatishni e’lon qiladi», deyiladi bayonotda.

Kreml Ukraina «bundan o‘rnak olishi kerak», deb hisoblaydi. Biroq bayonotda qayd etilishicha, agar o‘t ochishni to‘xtatish rejimi Ukraina tomonidan buzilsa, Rossiya Qurolli kuchlari «adekvat va samarali javob qaytaradi».

Rossiya tomoni Ukraina inqirozining asl sabablarini bartaraf etishga va xalqaro hamkorlar bilan konstruktiv hamkorlik qilishga qaratilgan dastlabki shartlarsiz tinchlik muzokaralariga tayyorligini yana bir bor e’lon qildi.

Avvalroq, Vladimir Putin nasroniylarning Pasxa bayrami kunlari o‘t ochish rejimini to‘xtatgan edi. Ukraina ham bu qarorni qo‘llab-quvvatladi. Biroq, keyinchalik tomonlar bir-birini o‘t ochishni to‘xtatish rejimini buzganlikda ko‘p marta aybladi.

Mavzuga oid