Jamiyat | 20:00 / 29.04.2025
2487
4 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda mayiz yetishtirish va eksport bo‘yicha yirik loyiha boshlanmoqda

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2025 yil 14 fevraldagi PF 22-sonli farmoni va PQ-57-sonli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida 2025 yil 29 aprel kuni Samarqand shahrida mayiz yetishtirish va uni eksport qilish masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan “O‘zbekiston mayizini dunyoda eng xaridorgir darajaga olib chiqish” mavzusida tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.

Mazkur ochiq muloqot Xalq banki, Markaziy bank va Samarqand viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etildi. Unda mayizchilik sohasida faoliyat yuritayotgan fermerlar, eksportchi korxonalar, qayta ishlash korxonalari, xorijiy ekspertlar, davlat idoralari va tijorat banklari vakillari ishtirok etdi.

Muloqot doirasida prezident farmon va qarorlarida belgilangan ustuvor vazifalarning amaliy ijrosi, jahon mayiz bozoridagi so‘nggi tendensiyalar va O‘zbekistonning ushbu bozordagi raqobatbardosh o‘rni muhokama qilindi. Shuningdek, mayiz ekportini kengaytirishda uchrayotgan muammolar va ularning yechimlari, O‘zbekiston, xususan Qo‘shrabot mayizining o‘ziga xos xususiyatlari va uning xalqaro brend salohiyati, Yevropaga mayiz eksportida qo‘llanayotgan amaliy tajribalar kabi muhim yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratildi.

Respublikamizda mavjud mayizbop uzumzor maydonlar, ularda yetishtiriladigan mayizning 65 foizi, shuningdek, umumiy mayiz eksportining 65 foizi Samarqand viloyati hissasiga to‘g‘ri keladi.

Mazkur sohani tuzilmaviy asosda rivojlantirish maqsadida Qo‘shrabot tumani bazaviy tuman etib belgilandi va “Qo‘shrobat-Agro star” MChJ tashkil etildi. Uning faoliyatiga Ishtixon, Urgut va Xatirchi tumanlari qamrab olinadi. Loyihalarning investitsion va moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlanishi uchun Xalq banki mas’ul etib belgilangan.

O‘zbekistonda 90 ming gektar mayizbop tokzorlar mavjud bo‘lib, “Qo‘shrabot – Agro Star” MChJ qamroviga kiruvchi tumanlardagi mayizbop tokzorlarning umumiy maydoni 32 875 gektarni tashkil qilib, bu ko‘rsatkich respublikaning 37 foiziga to‘g‘ri keladi.

Ushbu hududlarda har mavsumda o‘rtacha 92 350 tonna mayiz yetishtiriladi, bu respublikadagi umumiy hajmning 40 foizini tashkil etadi.

Shuningdek, Xalq banki va “Qo‘shrabot agro star” MChJ hamkorligida Qo‘shrabot tumanida zamonaviy Agrosanoat majmuasini tashkil etish rejalashtirilgan. Majmua mayizbop uzum yetishtirish, quritish, laboratoriya sinovlaridan o‘tkazish, qayta ishlab qadoqlangan shaklda ichki va tashqi bozorga milliy brend nomi bilan chiqarish kabi bosqichlarni o‘z ichiga oladi.

Tadbir davomida Xalq banki tomonidan mayizchilik sohasini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari, kreditlar va moliyaviy xizmatlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Ochiq muloqot formatida tashkil etilgan tadbirda savol-javoblar, taqdimotlar, fikr almashinuvi sessiyalari o‘tkazildi. Ishtirokchilar uchun “G2B” (davlat–biznes) va “B2B” (biznes–biznes) uchrashuvlari uchun alohida vaqt ajratilib, istiqbolli hamkorliklarni yo‘lga qo‘yish imkoniyati yaratildi.

Ushbu ochiq muloqot mayizchilik sohasidagi dolzarb masalalarni atroflicha muhokama qilish, yangi tashabbus va loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, fermer va eksportchilarni xalqaro talablarga mos faoliyat yuritishga rag‘batlantirish, shu orqali O‘zbekiston mayizining dunyo bozorida munosib o‘rin egallashini ta’minlashga xizmat qiladi.

Mavzuga oid