G‘azoda otishmalar ostida tarqatilayotgan taom, AQSh harbiy uchog‘ini qulatgan husiychilar va «kelajak shahri»ni tortolmayotgan Saudiya - kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

G‘azodagi vaziyat: otishmalar ostida taom tarqatilmoqda
Keyingi 40 kun davomida humanitar qamal sharoitida qolgan G‘azo shimolidagi Jabaliya va Beyt Lahiya lagerlarida yuzlab bolalar, ayollar va keksalar qo‘lida bo‘sh idishlar bilan issiq taom uchun navbatda turibdi. Bu ularning hayotdagi yagona umidiga aylangan.
Isroilning qamal holati va uzluksiz havo hujumlari ovqat topishni haqiqiy tirikchilik kurashiga aylantirdi. Xayriya tashkilotlari dronlar guvillashi ostida, vayronalar bag‘rida yegulik tarqatmoqda.
Ko‘p bolalar taomni o‘zlari uchun emas, devorsiz, darichasiz, uylaridagi och nahor yaqinlari uchun olib ketmoqda. Bu ahvol — shunchaki insonparvarlik inqirozi emas. Bu — ataylab uyushtirilayotgan ocharchilik.
Isroilning harbiy amaliyotlari shunchaki halokat bo‘libgina qolmasdan, balki butun boshli jamiyatni yashash huquqidan mahrum qilmoqda.
Qatar va Saudiya Suriya qarzini yopdi
Qatar va Saudiya Arabistoni Suriyaning BMT Taraqqiyot banki oldidagi 15 mln dollarlik qarzini to‘lab berdi. Bu qaror Asad rejimi qulaganidan so‘ng yangi hukumat uchun xalqaro yordamni qayta tiklash yo‘lini ochishi mumkin.
Qo‘shma bayonotda aytilishicha, ushbu to‘lov bank faoliyatini qayta boshlash va yangi hukumatga moliyaviy va texnik yordam ko‘rsatish imkonini yaratadi. Damashq hukumati bu qadam uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.
Suriyada davomli iqtisodiy tanazzul davom etmoqda: mamlakat milliy valutasi funt qadri 300 barobarga tushgan, aholining 90 foizi qashshoq. G‘arb sanksiyalari hamon kuchda, AQSh ularni bekor qilish uchun Eron ta’sirining cheklanishini talab qilmoqda.
Saudiya va Qatar bu qarorni Vashingtondagi XVJ va Jahon banki uchrashuvlarida muhokama qilgan.
Husiychilar AQSh harbiy uchog‘ini dengizga qulatishdi
AQSh harbiy-dengiz kuchlariga tegishli 60 mln dollarlik F/A-18 Super Hornet qiruvchi samolyoti Qizil dengizga quladi. U «Harri Trumen» aviatashuvchi kemasiga husiychilarning hujumi ortidan sodir bo‘lgan keskin burilish paytida suvga qulab, g‘arq bo‘lgan.
CNN xabariga ko‘ra, xusiychilar dron va raketa bilan hujum qilgan. Samolyot bu paytda angardan tortib chiqarilmoqda edi. Jarayonda nazorat yo‘qolib, samolyot va uni tortayotgan texnika dengizga tushib ketgan. Ekipaj katapulta orqali o‘zini qutqarishga ulgurgan, bir nafar dengizchi yengil tan jarohati olgan.
Bu «Trumen»ning xusiychilar bilan ilk to‘qnashuvi emas. Dekabr oyida u o‘z kreyseri tomonidan xatoga yo‘l qo‘yib, samolyotini yo‘qotgan, fevralda esa savdo kemasi bilan to‘qnashgan.
AQSh Zelenskiy emas, Ukraina tomonida
AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiyaga qarshi urushda Ukrainaga yordam berish ehtimolini rad etmadi, biroq bu yordam Volodimir Zelenskiyga emas, ukrain xalqiga qaratilganini bildirdi.
The Atlantic’ga bergan intervyusida u Zelenskiy bilan munosabatlarini murakkab deb atadi. 28 fevraldagi uchrashuv ham o‘zaro sovuqlikni namoyon etgan. Shunga qaramay, Tramp Ukrainaga qurol emas, iqtisodiy sanksiyalar va moliyaviy cheklovlar orqali yordam berish mumkinligini aytdi.
U Putinning Ukraina shaharlariga raketa hujumlarini tanqid qilib, bu harakatlar Kremlning tinchlik istagi haqidagi so‘zlariga shubha tug‘dirayotganini ta’kidladi.
AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vens so‘nggi 3 oyda diplomatik sa’y-harakatlar orqali katta muvaffaqiyatlarga erishilganini aytib, urushni cho‘zish Ukraina uchun xatarli ekanini eslatdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya parchalanishiga umid bog‘lash yadroviy mojaroga olib borishi mumkin.
Bu orada Kreml 8–11 may kunlari vaqtincha otashkesim rejasini e’lon qildi. Zelenskiy bunga keskin munosabat bildirib, to‘liq va kamida 30 kunlik otishmaning to‘xtatilishi talab qilinishini aytdi.
Muzokaralar to‘xtadi: Putin bosimni oshirmoqda
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukraina bilan tinchlik kelishuvini Donetsk, Luhansk, Zaporijjya va Xerson viloyatlari to‘liq nazoratini olish sharti bilan bog‘layapti. Bloomberg manbalarining xabar berishicha, u AQShning kelishuvga erishish urinishlarini rad etgan.
25 aprel kuni Kremlda o‘tkazilgan muzokarada Trampning maxsus vakili Stiven Uitkoff Putinni front chiziqlarida o‘t ochishni to‘xtatishga ko‘ndirishga uringan. Biroq Putin hech qanday hududiy cheklanishni qabul qilmagan va talablarida qat’iy qolgan.
Bloomberg’ga ko‘ra, muzokaralar to‘liq to‘xtab qolgan. Davomiy siljish faqat Putin va Trampning shaxsiy uchrashuvidan keyin yuzaga kelish ehtimoli bor.
AQSh rasmiylari bundan norozi bo‘lib, agar tez orada kelishuvga erishilmasa, muzokaralardan chiqib ketishini bildirgan. Yevropa diplomatlari muzokaralar hali davom etayotganini aytmoqda, ammo yaqin haftalarda vaziyat aniqlashishi mumkin.
Rossiya Boltiqbo‘yida yangi front ochadimi?
Rossiya Finlandiya va Boltiqbo‘yi davlatlari bilan chegarada harbiy infratuzilmani kengaytirmoqda. The Wall Street Journal yozishicha, Petrozavodskdagi yangi shtab va chegarada qurilayotgan kazarma hamda temiryo‘llar bu yo‘nalishga jiddiy e’tibor qaratilayotganini ko‘rsatadi.
Moskva armiya sonini 1,5 milliongacha oshirmoqda, T-90M tanklari ishlab chiqarish hajmi uch yilda 8 barobarga oshgan. Ularning aksariyati Ukrainaga emas, mamlakat ichida qolmoqda.
Finlandiya elektron nazorat tizimlari o‘rnatmoqda, Polsha esa «vaqt qolmadi» deb ogohlantirmoqda. Boltiqbo‘yi davlatlari Rossiya Ukrainadan qo‘shinlarini tortgach, ular shimoliy frontga o‘tadi, deb hisoblamoqda. Estoniya 2028–2030 yillarda hujum ehtimolini aytmoqda.
Moskva va Minsk joriy yil «G‘arb» mashqlarini o‘tkazishni rejalashtirmoqda. NATO esa Boltiqbo‘yida yangi tartibsizliklardan xavotirda.
Muqarrar inqiroz: retsessiya xavfi ormoqda
2025 yilda global retsessiya xavfi yuqori bo‘lishi kutilmoqda. Reuters o‘tkazgan so‘rovda iqtisodchilarning 60 foizi bu ehtimolni «yuqori» yoki «juda yuqori» deb baholadi. Bunga AQSh prezidenti Donald Tramp joriy qilgan yangi boj siyosatlari sabab bo‘lmoqda.
Uning barcha importga 10 foiz va Xitoy mahsulotlariga 145 foizlik boj joriy etishi, iqtisodchilar fikricha, ishonchsiz muhit yaratib, biznes rejalashtirishni qiyinlashtirmoqda. TD Securities kompaniyasi rahbari Jyeyms Rossiterga ko‘ra, bir yil keyingi vaziyatni tasavvur qilish imkonsizga aylanmoqda.
300 dan ortiq iqtisodchi so‘rovida bojlar ijobiy ta’sir qilmoqda, degan yakkam-dukkam fikr ham bildirilmadi. 92 foizi salbiy ta’sirni qayd etgan. Xalqaro valuta fondi 2025 yilda o‘sishni 2,8 foizga baholamoqda, so‘rovdagi taxmin esa 2,7 foizga tushirilgan.
Xitoy AQShni hushyorlikka chaqirdi
Xitoy tashqi ishlar vaziri Vang Yi AQShni tariflar orqali siyosiy bosim o‘tkazayotganlikda aybladi va BRICS davlatlarini jahon savdo qoidalarini himoya qilishga chaqirdi.
Rio-de-Janeyroda o‘tgan BRICS tashqi ishlar vazirlari uchrashuvida Vang Yi Amerika proteksionizmini tanqid qildi. Unga ko‘ra, AQSh erkin savdodan foyda ko‘rgan bo‘lsa-da, hozirda tariflar orqali boshqa davlatlarga yuqori narxlarni majbur qilmoqda.
«Agar janjalkashga imkon berilsa, u butun tizimni egallaydi», dedi Vang Yi. U BRICS davlatlarini Jahon savdo tashkiloti asosidagi ko‘p tomonlama tizimni himoya qilishga chaqirdi.
AQShning yuqori bojlari fonida Xitoy sanoatida ishlab chiqarish yanada sekinlashmoqda. Mart oyida xitoylik ishlab chiqaruvchilar eksportni kuchaytirgandi, ammo Tramp joriy etgan 145 foizli tariflar bu imkoniyatni chekladi.
XXR iqtisodiyoti qurilishdagi inqiroz, deflyatsiya va daromad o‘sishining sustligi bilan yuzma-yuz kelmoqda.
Saudiya «kelajak shahri»ni torta olmayapti
Saudiya Arabistonining ulkan «kelajak shahri» — Neom loyihasi keskin qisqartirilmoqda. Neft narxining pasayishi va budjet xarajatlarining cheklangani tufayli 2030 yilgacha rejalashtirilgan 1,5 million aholi o‘rniga 300 ming kishi yashashi kutilyapti. 170 km uzunlikdagi «chiziqli shahar»dan esa faqat 2,4 km qurilishi mumkin.
1,5 trln dollarga baholangan Neom loyihasi Muxammad ibn Salmonning «Nazar 2030» strategiyasidagi markaziy bo‘g‘in edi. Ayni damda faqat Qizil dengizdagi ayrim kurortlar ishga tushgan, ko‘plab obektlar, jumladan, 2029 yilgi Osiyo qishki o‘yinlari uchun mo‘ljallangan chang‘i kurorti hali ham qog‘ozda.
Brent narxining $64,27ga tushishi Saudiya iqtisodiyotiga bosimni kuchaytirdi. Xalqaro valuta fondiga ko‘ra, mamlakat budjeti muvozanatda bo‘lishi uchun barreli 90 dollarlik narx zarur. Goldman Sachs kabi banklar xarajatlarni qisqartirish va loyihalarni qayta ko‘rib chiqishni bashorat qilmoqda.
Mavzuga oid

17:35
Tramp jahonda neft narxining so‘nggi yillardagi eng katta pasayishiga sabab bo‘ldi – OAV

17:12
Reuters: Rossiya tomonida turib jang qilishga yuborilgan qariyb 600 nafar KXDR harbiysi halok bo‘ldi

15:15
Ukraina jangovar tajribasi bo‘lmagan HShM xodimlarini frontga yuboradi

15:03