Jamiyat | 10:24 / 01.05.2025
14053
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda yong‘in oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi. Bu oxirgi haftadagi uchinchi yirik yong‘in

Yakkasaroy kichik sanoat zonasi hududidagi sintepon ishlab chiqarish sexida yuz bergan yong‘indan so‘ng ikki kishining jasadi topilgan. 5 kishi jarohat bilan shifoxonaga yuborildi.

Foto: Videodan kadr

Bugun, 1 may kuni Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, Qo‘shbegi ko‘chasida joylashgan Yakkasaroy kichik sanoat zonasi hududidagi Sintepon ishlab chiqarish sexida yong‘in ro‘y bergan.

Bu haqda soat 07:01 da FVBga xabar tushgan. Shunga ko‘ra, yong‘in -qutqaruv ekipajlari soat 07:04 da hodisa joyiga yetib borib, yong‘in 07:45 da o‘rab olingan va soat 08:09 da o‘chirilgan.

FVV ma’lumotiga ko‘ra, yong‘in bartaraf etilgandan so‘ng, joyni o‘rganish davomida ikki nafar fuqaroning jasadlari aniqlangan. Shuningdek, 5 nafar fuqaro tan jarohati bilan shifoxonaga yuborilgan.

Yong‘in ishlab chiqarishda texnologik jarayon buzilishi natijasida yuzaga kelgani taxmin qilinmoqda. Yong‘inni bartaraf etishga 11 ta asosiy, 6 ta maxsus turdagi yong‘in o‘chirish texnikalari jalb etilgan. Yong‘in natijasida sexning taxminan 700 kv.m maydonda tomi, shifti va mahsulotlari yonib zararlangan.

Holat yuzasidan dastlabki tergovoldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Voqea joyiga FVV rahbariyati, Toshkent shahar FVB boshlig‘i va tuman FVB rahbar xodimlari IIB, SSB, prokuratura mas’ul xodimlari chiqishgan.

Kun.uz muxbiri suhbatlashgan hodisa guvohlariga ko‘ra, yong‘in sodir bo‘lishidan oldin sexda kuchli portlash sodir bo‘lgan. Bunda gaz ballon portlagan bo‘lishi mumkin. Oqibatda sexning tom qismi qulab tushgan.

Marhumlar bu paytda sexning yerto‘lasida bo‘lgan. Ulardan biri 2000 yilda Qashqadaryoda, yana biri esa 1986 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Halok bo‘lganlarning tanasi 80-90 foiz kuygan.

Ma’lumot uchun, bu – poytaxtda so‘nggi kunlarda sodir bo‘lgan uchinchi yirik yong‘in.

Xususan, 28 aprel kuni Mirobod tumani «Abdurauf Fitrat» MFY G.Aliyev ko‘chasida joylashgan qurilish mahsulotlari saqlanayotgan omborxonalarning birida yong‘in sodir bo‘lgan edi. 8 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji yong‘in joyiga yetib borib, uni bartaraf qilgan.

26 aprel kuni esa Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi gilam do‘konida yirik yong‘in yuzaga keldi. Yong‘in oqibatida paydo bo‘lgan qora tutunlar butun Toshkent shahridan ko‘ringan edi. FVV 7 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji yong‘in joyiga yetib borib, uni bartaraf qilganini ma’lum qilgan. Rasmiylarga ko‘ra, ushbu ikkala holatda ham vafot etganlar yoki jarohat olganlar haqida ma’lumot kelib tushmagan. 

Mavzuga oid