“Geosiyosiy muammolarni deb o‘zbek mevalarini istaganimizcha ololmayapmiz” – Hindiston elchisi qarorgohidan eksklyuziv suhbat
Hindiston mintaqadagi geosiyosiy muammolarni deb o‘zbek tovarlari, xususan meva hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini to‘liq miqdorda ololmayapti. Bundan tashqari, o‘tgan yili Chobahor portidan foydalanish bo‘yicha delegatsiyalar uchrashuvi ham kerakli natijani bermagan. Kashmirdagi voqeani esa Hindiston terrorchilik hujumi deb hisoblaydi, Doc-1 Max ishi bo‘yicha muhokamalar tugamagan. Bu haqida Hindiston elchisi Kun.uzʼga bergan intervyusida to‘xtalib o‘tdi.

Smita Pant 2024 yil may oyidan beri Hindistonning O‘zbekistondagi elchisi sifatida ishlab kelmoqda. Bundan oldin BAA hamda Buyuk Britaniyada diplomatik faoliyat bilan shug‘illangan elchi O‘zbekistonda diplomat bo‘lib ishlayotganidan mamnun. Smita Pant Toshkentdagi qarorgohida oilasi, bolalari hamda uy hayvonlari bilan birga yashaydi. Ham diplomat, ham ona bo‘lish qiyin, deydi u.
Elchi Kun.uz bilan suhbatda Pokiston bilan Kashmirdagi mojaro, O‘zbekiston bilan aloqalar, savdodagi muammo hamda rejalar, Markaziy Osiyoga qarash, Afg‘oniston bo‘yicha pozitsiyalar, xorijiy investitsiyalar haqida gaplashdi. Hindiston ham, O‘zbekiston ham o‘z mintaqalarida eng katta jamiyatlar. Hindiston O‘zbekistondagi ikkinchi ma’muriyatning chegaralarni ochgani, xorijiy investitsiyalarni jalb qilganini ijobiy baholaydi. Ikki tomonlama aloqalarimizda limitlar yo‘q, deydi elchi Smita Pant.
“Ikki tomonlama munosabatlar haqida gap ketganda, qandaydir limit yo‘q. Ikkala davlat ham global janubdagi rivojlanayotgan mamlakatlar, biz intilishlarimizni baham ko‘ramiz, biz demografik dividendlarga egamiz, shuning uchun ikki lider bosh vazir Modi va prezidentlar hamkorlikning muayyan yo‘nalishlarini aniqladi, biz sog‘liqni saqlash, sun’iy intellekt haqida ko‘proq gapirishdan manfaatdormiz. Madaniy meros odamlarni odamlar bilan bog‘laydi, turizm, axborot texnologiyalari, yoshlar almashinuvi shuning uchun takror aytamanki, hech qanday chegara yo‘q. Mintaqaviy o‘zgarishlar fonida yana bir yo‘nalish muhokamasini qo‘shishga ijozat bering, terrorizmga qarshi kurash har ikki tomon o‘rtasida muhim bo‘lib qolaveradigan yo‘nalish deya olaman” – Smita Pant, Hindistonning O‘zbekistondagi elchisi
Elchiga ko‘ra, Hindiston tashqi siyosatida Markaziy Osiyo muhim rol o‘ynaydi. Lekin Hindiston bu aloqalarga uchinchi tomondan kelib chiqib yondashmaydi.
“Biz har doim sizning tashqi siyosatingizni qo‘llab-quvvatlab kelganmiz va bu milliy manfaatlaringiz yo‘lida qilinganini yaxshi bilamiz ham. Strategik ustuvorliklarni, bunday hamkorliklarni qo‘llab-quvvatlaymiz. Hindiston bilan esa global hamkorlik asrlarga borib taqaladi, o‘z-o‘zidan biz ikki tomonlama aloqalarimizni uchinchi davlatni inobatga olgan holda qurmaymiz. Ya’ni uchinchi tomon yoki davlat yoki mintaqa o‘ylanib, shuning uchungina mustahkam munosabatlarga ega bo‘lish ko‘zlanmagan” - Smita Pant, Hindistonning O‘zbekistondagi elchisi
Hindiston O‘zbekistonning asosan neytral pozitsiyalarini to‘g‘ri tushunadi.
“Bu milliy manfaatlarni himoya qilish, davlat manfaatlarini ilgari surish va ko‘p vektorli tashqi siyosat ekanini biz yaxshi tushunamiz. Mintaqadagi barqarorlikni saqlash uchun ham menimcha barcha yirik, gigant davlatlar bilan yaxshi munosabatlar ushlab turilibdi. Davlatingiz o‘z siyosiy qiziqishlarini himoya qilmoqda, O‘zbekiston hukumati buni yaxshi uddalayapti” - Smita Pant, Hindistonning O‘zbekistondagi elchisi
Hindiston qancha xohlamasin, geosiyosiy sabablar tufayli O‘zbekistondan xohlagancha qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini import qilolmayapti. Elchi Smita Pantga ko‘ra, bunga birinchi navbatda logistika muammolari to‘sqinlik qilmaydi, hamma gap geosiyosatda.
“Geosiyosiy muammolar sabab savdo aloqalarimiz zarar ko‘rdi degan bo‘lardim. O‘zbek mahsulotlarini sotib olishga ko‘proq imkonimiz bo‘lishini istardik. Davlatlarimiz Chobahor portiga chiqish masalasini ko‘rib chiqqan, masalan o‘tgan yili Bombey shahrida ishchi uchrashuvi shuni muhokama qilgan. Siz ikki marta qulflangansiz, buni biz yaxshi tushunamiz, men boshida aytganimdek Hindiston bu ulkan, katta bozor. Lekin o‘zbek mahsulotlari bizni topib bormayapti, chunki ikki davlat bir-birini bog‘lolmayapti. Hukumatlar buni biladi, xabari bor, lekin geosiyosiy muhitni rad etib bo‘lmaydi, shu sabab ko‘proq mahsulotlar ololmaymiz” - Smita Pant, Hindistonning O‘zbekistondagi elchisi
Aynan shunday muammolar sabab Chobahor portidan aktiv foydalanish masalasi bo‘yicha muhokamalar ham kutilgan natijani bermagan.
“Biz Chobahor portidan foydalanish borasida muhokamalashdik, ishladik, lekin o‘zgarish bo‘lmadi, biz xohlagandek oldinga qadam tashlolmadik. biz O‘zbekistondan Chobahor bo‘yicha ishlovchi delegatsiyani ham chaqirdik. Bilasizmi, Buyuk ipak yo‘li davrida geosiyosat bunday xalaqit qilmagan, odamlararo savdo hamda g‘oyalar almashinuvi bo‘lgan. Hindiston O‘zbekistonning milliy hamkori sifatida oldingidek savdo aloqalari bo‘lishiga umid qilib qolamiz” - Smita Pant, Hindistonning O‘zbekistondagi elchisi
Suhbat davomida elchi 22 apreldan alanga olgan Kashmirdagi mojaro, bu borada Hindistonning pozitsiyasi xususida ham gapirdi. Bu terror hujumi, odamlar diniy e’tiqodi uchun o‘ldirildi, deydi Smita Pant.
“Aytganingizdek, 22 aprel kuni 26 kishi hayotdan ko‘z yumdi. Ikkita juda ham shafqatsiz terrorchilik hodisasi yuz berdi, shu narsa faktki, bu odamlar o‘z oila a’zolari, qizlari, o‘g‘illari, qarindoshlari va do‘stlari yonida vahshiylarcha o‘ldirildi. Bu uzoq vaqt bizning xotiramizda saqlanib qoladi, xuddiki Mumbaydagi vahshiy terroristik akt singari. Hozir men nimani ayta olaman, bilasizmi? Bu odamlar endi xalqaro hamjamiyatdan adolat istayapti. Do‘st O‘zbekiston hukumati esa terrorizmning barcha ko‘rinishlariga nafrat ko‘zi bilan qarashini yaxshi tushunamiz” - Smita Pant, Hindistonning O‘zbekistondagi elchisi
Hindiston elchisiga ko‘ra, yo‘qotilgan jonlar uchun odamlar dunyo va Hindiston hukumatidan adolat istaydi.
Intervyuni Kun.uzʼning YouTube sahifasida to‘liq tomosha qilishingiz mumkin bo‘ladi.
Shohrux Majidzoda suhbatlashdi.
Mavzuga oid

22:00 / 07.05.2025
Zarbalar almashuvidan keyin Pokiston va Hindistonda nimalar bo‘lmoqda - fotolar

20:58 / 07.05.2025
O‘zbekiston Hindiston va Pokistonni vazminlikka chaqirdi

18:26 / 07.05.2025
Hindiston Pokistonga suv yetkazib berishni to‘xtatdi

17:27 / 07.05.2025