Jahon | 10:59 / 07.05.2025
18520
8 daqiqa o‘qiladi

Hindiston Pokiston bo‘ylab zarbalar seriyasini amalga oshirdi. Asosiy ma’lumotlar

Pokiston hukumati Hindiston zarbalari oqibatida o‘nlab kishilar halok bo‘lgani, javob zarbalari yo‘llagani, hindlarning beshta samolyoti urib tushirilganini xabar qilgan. Hindiston hududida ham qurbonlar bor.

Foto: AFP

Hindiston Pokistonga va Kashmirning pokistonliklar tomonidan nazorat qilinadigan qismiga zarbalar yo‘lladi. Bu rasmiy Dehli Islomobodni Kashmirning Hindiston nazoratidagi qismida sayyohlarga hujum qilgan jangarilarni qo‘llab-quvvatlashda ayblaganidan ikki hafta o‘tib ro‘y berdi. O‘shanda 26 kishi halok bo‘lgandi. Pokiston hukumati bunday ayblovni rad etgan.

«Hindiston qurolli kuchlari „Sindur“ amaliyotini boshlab, Pokistonga hamda Pokiston okkupatsiya qilgan Jammu va Kashmirdagi terrorchilik infratuzilmasiga zarbalar berdi, u yerdan Hindistonga qarshi terrorchilik hujumlari rejalashtirilgan va yo‘naltirilgan», – deyiladi Hindiston armiyasi bayonotida.

Hindiston rasmiylari amaliyot doirasida to‘qqizta obekt aniq nishonga olinganini e’lon qilgan, Pokiston rasmiylari buni rad etmoqda.

«Bizning harakatlarimiz maqsadli, vazmin va eskalatsiya keltirib chiqaruvchi xarakterda emasdi. Pokistonning birorta harbiy obektiga hujum qilinmagan. Hindiston nishonlarni va ularga zarba berish usullarini tanlashda jiddiy vazminlik namoyish etdi», – deyiladi bayonotda.

Reuters agentligi Hindiston harbiy doiralaridagi anonim manbaga asoslanib raketa zarbalari jangari guruhlar bazalariga yo‘llanganini xabar qilgan.

Pokiston armiyasi esa zarbalar terrorchilarga emas, balki tinch aholi yashaydigan hududlarga berilganini ma’lum qildi. Harbiylar ma’lumotiga ko‘ra, Hindiston samolyotlari o‘z havo hududidan turib raketa uchirgan.

So‘nggi xabarlarga ko‘ra, Hindiston zarbalari oqibatida Pokistonda 26 kishi halok bo‘lgan, 46 kishi yaralangan, ikki kishi bedarak yo‘qolgan. Avvalroq Pokiston armiyasi matbuot kotibi Ahmad Sharif BBC uchun izohida qurbonlar orasida ikki bola borligini aytgandi.

Sharifning aytishicha, raketalardan biri masjid hududiga kelib tushgan.

Pokiston xavfsizlik kuchlari zarbaga uchragan Muzaffarobod shahri hududini o‘rab olgan

Pokiston bosh vaziri Muhammad Shahboz Sharif o‘z bayonotida Hindistonga javob qaytarilishini va’da qildi.

«Makkor dushman Pokistondagi beshta joyga qabihona zarba berdi. Pokiston tegishli javob berishga to‘la haqli va bu tegishli javob allaqachon berilmoqda», - dedi bosh vazir.

Keyinroq, chorshanbaga o‘tar kechasi Pokiston armiyasi matbuot xizmati aniqlik kiritib, Hindiston oltita nuqtaga turli qurollar bilan jami 24 ta alohida zarba berganini ma’lum qildi.

Pokiston harbiylari vakili Islomobod «o‘ziga qulay vaqtda va qulay joyda javob berishi»ni bildirdi.

«Harbiy havo kuchlarimizning barcha qiruvchi samolyotlari havoga ko‘tarildi. Bu Hindiston havo hududidan amalga oshirilgan sharmandali va qo‘rqoqona hujumdir», – dedi u.

Hindiston tomoni xabar berishicha, Pokiston armiyasi Kashmirdagi ajratish chizig‘ida artilleriyadan o‘t ochgan.

Keyinroq, chorshanbaga o‘tar kechasi Pokiston armiyasi matbuot kotibi Pokiston Hindistonning beshta jangovar samolyotini, jumladan, fransuzlar ishlab chiqargan Rafale rusumli qiruvchi hamda sovetlarga mansub Su-30MKI va MiG-29 samolyotlarini urib tushirganini aytdi. Hindiston tomoni hozircha bu ma’lumotni tasdiqlamagan va rad etmagan.

Bundan tashqari, Pokiston armiyasi Hindiston brigadalaridan birining shtab-kvartirasini yo‘q qilganini da’vo qilmoqda.

Pokiston BMT Xavfsizlik kengashiga «Hindistonning ochiq tajovuzi»ga javob berish huquqini o‘zida saqlab qolishini ma’lum qildi.

Hindiston armiyasi matbuot xizmati chorshanba kuni ertalab BBC’ga bergan izohida Pokistonning artilleriya zarbalari oqibatida Kashmirning Hindiston tomonidan nazorat qilinadigan qismida uch kishi halok bo‘lib, o‘nlab kishilar yaralanganini ma’lum qildi.

Hindiston hukumati nazorat chizig‘i bo‘ylab joylashgan hududlardagi barcha ta’lim muassasalarini yopdi. Pokiston ham poytaxt Islomobod (nazorat chizig‘iga yaqin joylashgan) va boshqa chegara hududlaridagi maktablarni yopgan.

Hindiston nashrlarida yozilishicha, chorshanba kuni ertalab Hindiston mudofaa vaziri Rajnat Singh quruqlikdagi kuchlar, aviatsiya va flot qo‘mondonlari bilan Pokistonga berilgan zarbalarni muhokama qilgan.

Ikki davlat chegarasida so‘nggi kunlar davomida kichik otishmalar bo‘lib o‘tayotgandi. Ekspertlar Hindiston 2019 va 2016 yillarda bo‘lgani kabi jangarilar hujumlariga javoban Pokiston hududiga aviazarbalar yo‘llashini taxmin qilayotgandi.

Xitoy «afsus bildirdi», AQSh kuzatmoqda, Eron vositachilik qilmoqda

Chorshanba kuni Eron tashqi ishlar vaziri Said Abbos Araqchi vositachilik missiyasi bilan Dehliga uchib kelishi kutilmoqda. U prezident Drupadi Murmu va Hindiston tashqi ishlar vaziri Subramanyam Jayshankar bilan uchrashishni rejalashtirgan.

Eron Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi mojaroning yangi bosqichini hal qilishda vositachilik qilishga rozi bo‘lgan.

Shu hafta boshida Araqchi Islomobodga tashrif buyurib, u yerda Pokiston armiyasi qo‘mondoni general Said Asim Munir va bosh vazir Shahboz Sharif bilan suhbatlashgandi. Shu bilan birga, Tehron bayonotida tomonlar faqat Pokiston va Eron munosabatlarini muhokama qilishgani aytilgan.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi rasmiy Pekin Hindistonning Pokistonga zarba berish qarorini afsuslanarli deb hisoblashini aytdi.

U Xitoy yuzaga kelayotgan vaziyatdan «xavotirda» ekanini ta’kidlab, har ikki tomonni vazminlikka chaqirgan.

Xitoy o‘nlab yillar davomida Pokiston bilan ittifoqchilik munosabatlarini saqlab keladi.

AQSh davlat kotibi Marko Rubio X tarmog‘ida vaziyatni diqqat bilan kuzatib borayotgani haqida yozdi.

Hindistonning AQShdagi elchixonasi ma’lum qilishicha, milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Ajit Doval Rubio bilan suhbatlashgan va unga Hindiston tomonidan amalga oshirilgan harakatlar haqida ma’lumot bergan.

Prezident Donald Tramp jurnalistlarning Hindiston-Pokiston mojarosining yangi bosqichi haqidagi savoliga javoban shunday dedi: «Men faqat bularning barchasi juda tez tugashiga umid qilaman».

Kashmirdagi Muzaffarobodning (Pokiston nazorati ostidagi hududda) ko‘rinishi, bu hududda aviazarbalardan keyin elektr ta’minoti uzilgan

«Ulkan avantyura»
Anbarasan Etiradjan

Janubiy Osiyo bo‘yicha muharrir, BBC jahon xizmati

Bu yadro quroliga ega bo‘lgan ikki davlat o‘rtasidagi qarama-qarshilikning keskinlashuvidir.

Hindiston harbiy harakatlarni boshlashi kutilgan edi, ammo Pokiston hududiga raketa zarbalarining intensivligi ko‘pchilikni hayratda qoldirdi.

Hindiston o‘zi bombardimon qilayotgan joylar jangarilar bilan bog‘liq ekani va Pokiston armiyasi obektlariga zarba berilmaganini ma’lum qildi.

Pokiston javob zarbasi yo‘llashga va’da berdi va Dehlining javob reaksiyasi uning xarakteri va maqsadlariga bog‘liq bo‘ladi.

Ikkala davlat ham eskalatsiyani chegarada ushlab turishga ishonadi, ammo keskinlik yuqori va har qanday harbiy mojaroning borishini oldindan aytish qiyin.

O‘tmishda AQSh va boshqa davlatlar eskalatsiyani to‘xtatish uchun aralashgan.

Donald Tramp ma’muriyati boshqa global masalalar bilan band bo‘lgan hozirgi holatda Vashington ularni tiyib turish choralarini qanchalik tez ko‘rishi noma’lum.

Har ikki davlatning siyosiy yetakchilari qat’iy harakat qilganliklarini ko‘rsatishni va g‘alaba qozonganliklarini e’lon qilishni istaydi.

Ular ulkan avantyuraga qo‘l urishdi.

Mavzuga oid