Jahon | 18:26 / 07.05.2025
3151
3 daqiqa o‘qiladi

Hindiston Pokistonga suv yetkazib berishni to‘xtatdi

Endi Hindistonning suvi mamlakat manfaati uchun oqadi, dedi mamlakat bosh vaziri.

Foto: Reuters

Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi Pokiston bilan davom etayotgan mojaro fonida Hindiston suvlari mamlakat manfaati uchun ishlatilishini aytdi.

Tadbirlardan birida Modi Pokiston bilan davom etayotgan keskinlik fonida «Hind daryosi suvlari to‘g‘risidagi» shartnomaga oid bahsli masalani ko‘tardi, deb xabar berdi NDTV.

Matbuotda bu mavzuda juda ko‘p muhokamalar bo‘lganiga diqqat qaratgan Modi, «O‘tmishda Hindistonning haqqi bo‘lgan suv mamlakat tashqarisiga oqib ketayotgan edi. Endi Hindistonning suvi mamlakat manfaati uchun oqadi, mamlakat manfaati uchun saqlanadi va mamlakat manfaati uchun foydalaniladi», dedi.

Bosh vazir o‘z nutqida Pokiston nomini tilga olmadi.

Panjob irrigatsiya departamentining yuqori martabali rasmiysi Hindiston Pokistonga suv yetkazib berishni to‘xtatganini tasdiqladi, deb xabar berdi Dawn nashri.

«Hind daryosi suvlari to‘g‘risidagi» shartnoma - Hindiston va Pokiston o‘rtasida 1960 yil 19 sentabrda Qarochi shahrida Jahon banki vositachiligida imzolangan bitim. U Himoloy tog‘laridan boshlanib, bahsli Kashmir hududidan oqib o‘tuvchi Hind havzasining olti daryosi suvlarining taqsimlanishini tartibga soladi.

Shartnomaga muvofiq, Pokiston uchta g‘arbiy daryo: Hind, Jyelum va Chenab ustidan nazoratni qo‘lga kiritdi. Hindiston uchta sharqiy daryolar ustidan nazoratni qo‘lga kiritdi: Ravi, Beas va Sutlej.

Shuningdek, shartnoma Hindistonga g‘arbiy daryolarning suvlaridan sug‘orish va iste’mol qilinmaydigan maqsadlarda, masalan, gidroenergetika va navigatsiya uchun cheklangan tarzda foydalanish imkonini beradi.

2025 yil aprelida Hindiston Kashmirda 26 kishining hayotiga zomin bo‘lgan teraktdan so‘ng shartnomani to‘xtatdi. Hindiston ikki davlat munosabatlarining keskin yomonlashuviga olib kelgan hujumda Pokiston guruhlarini aybladi.

Bunga javoban Hindiston Chenab va Jyelum daryolarida, jumladan, Pakal Dul, Kiru, Kvar va Ratle loyihalari bo‘yicha gidroelektr inshootlari qurilishini jadallashtirishga kirishdi. Salal va Baglihor to‘g‘onlaridagi suv omborlari sig‘imini oshirish ishlari ham boshlandi.

Pokiston bu harakatlarni o‘zining suv xavfsizligiga tahdid deb biladi va suv oqimini to‘sib qo‘yish yoki boshqa tomonga burish bo‘yicha har qanday urinish bosqinchilik harakati sifatida ko‘rilishini ma’lum qildi.

Shartnomaning to‘xtatilishi Pokistonning Hind daryosiga qaramligini hisobga olib, qishloq xo‘jaligi va energetika sohalari uchun jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Xalqaro ekspertlar mojaro avj olishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda va davlatlar o‘rtasida muloqotni qayta boshlashga chaqirmoqda.

Mavzuga oid