Jahon | 07:41
1133
2 daqiqa o‘qiladi

G‘azodagi hukumat: Isroil falastinliklar izolyatsiyasi uchun lagerlar yaratishni rejalashtirmoqda

G‘azodagi hukumat Isroilni gumanitar yordam niqobi ostida izolyatsiya lagerlari qurishga urinishda ayblamoqda.

Foto: AP

G‘azo sektoridagi hukumat Isroilni insonparvarlik yordami taqsimotini nazorat qilish niqobi ostida falastinliklar uchun majburiy izolyatsiya lagerlari barpo etishga intilayotganlikda ayblab, harakatlarini fashistlarning konslagerlariga o‘xshatdi.

«Biz okkupatsion Isroilning xalqaro huquqning barcha normalarini qo‘pol ravishda buzgan holda amalga oshirilgan tizimli izolyatsiya strategiyasi doirasida gumanitar yordam taqsimotini nazorat qilish orqali fashistlar konslagerlariga o‘xshash majburiy izolyatsiya lagerlarini barpo etish rejalarini qat’iyan rad etamiz», — deyiladi G‘azo matbuot xizmati bayonotida.

G‘azo rasmiylari Isroilning harakatlarini «qabul qilib bo‘lmaydigan va g‘ayriinsoniy» deb atadi hamda ular adolat va inson qadr-qimmatining asosiy tamoyillariga zid ekanini ta’kidladi.

Matnda, shuningdek, Falastin xalqi «bu jinoiy rejalarga barcha mavjud vositalar bilan qarshilik ko‘rsatishi» qayd etilgan. Rasmiylarga ko‘ra, Isroil gumanitar yordamdan qamal, ocharchilik va qullik quroli sifatida foydalanish niyatida.

Bayonotda xalqaro hamjamiyat, inson huquqlari tashkilotlari va huquqiy institutlar Isroilning G‘azo sektorida keltirib chiqarayotgan tartibsizliklariga chek qo‘yish uchun zudlik bilan aralashishga chaqiriladi.

Arab va islom davlatlariga Falastin xalqini himoya qilish uchun tarixiy va insonparvarlik mas’uliyatini o‘z zimmasiga olishga, genotsid, ocharchilik va izolyatsiyani to‘xtatish yuzasidan alohida murojaat qilingan.

Mavzuga oid