Jizzaxda yuk mashinasi yonib ketdi
M-39 xalqaro avtomobil yo‘lining Sharof Rashidov tumanidan o‘tgan qismida yuk mashinasi yonib ketdi. Hozirda yong‘in sababi aniqlanmoqda.

Foto: Videodan kadr
Jizzax viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi M-39 xalqaro avtomobil yo‘lida yuk avtomobilida sodir bo‘lgan yong‘in yuzasidan ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, 9 may kuni soat 17:20 da M-39 xalqaro avtomobil yo‘lining Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani, Qangli MFY hududida o‘tuvchi qismining 971-kilometrida harakatlanib ketayotgan yuk avtomobilida yong‘in sodir bo‘layotgani to‘g‘risida Jizzax viloyati FVBga xabar tushgan.
Xabarga ko‘ra, yong‘in-qutqaruv ekipajlari hodisa joyiga yetib borgan va yong‘inni o‘chirilgan.
Hodisa oqibatida yuk avtomobilining dvigatel va salon qismi yonib zararlangan.
«Hozirda yong‘in sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda. Yong‘in oqibatida tan jarohati olganlar yo‘q», — deyiladi xabarda.
Avvalroq Toshkentda daraxtga urilgan BYD yonib ketgani, shuningdek, Yashnobod tumanida Damas va Cobalt avtomobillari yongani to‘g‘risida xabar berilgandi.