Jahon | 19:47 / 12.05.2025
898
4 daqiqa o‘qiladi

Buyuk Britaniya migrantlarni qabul qilish qoidalarini kuchaytirmoqchi

Yangi yondashuv doirasida hukumat doimiy yashash uchun ruxsatnoma va fuqarolikni tezda olish imkoniyatidan voz kechmoqchi. Shuningdek, viza asosida ishchilarning jalb qilinishiga cheklovlar kiritilishi rejalashtirilmoqda.

Foto: REUTERS

Buyuk Britaniya hukumati migratsiya siyosatini kuchaytiradi va mamlakatda yashashni xorijliklar uchun «huquq» emas, balki «imtiyoz»ga aylantiradi. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Kir Starmer ma’lum qildi.

«Bizda ko‘proq nazorat bo‘lishi uchun migratsiya tizimining barcha yo‘nalishlari, jumladan, ish, oila va ta’lim yanada kuchaytiriladi. Qonun ijrosi har qachongidan ham keskinlashadi va migrantlar soni kamayadi», — deydi Starmer.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘p yillar davomida Britaniyada biznesni xorijdan kam maosh oladigan ishchilarni jalb qilishga undaydigan tizim mavjud bo‘lgan, bu esa mahalliy yoshlarga sarmoya kiritishni orqaga surgan. 2022 yil iyunidan 2023 yil iyuniga qadar mamlakatga sof migratsiya deyarli 1 million kishini tashkil etgan — bu 2019 yilga nisbatan to‘rt baravar ko‘p. 2023 yil iyunidan 2024 yil iyunigacha bu ko‘rsatkich 728 mingga qadar tushganiga qaramay, Milliy sog‘liqni saqlash va ta’lim tizimlari haddan tashqari yuklangan, uy-joy narxi esa keskin oshgan. Starmer bu tizimni «ishdan chiqqan» deb atadi va uni o‘zgartirish niyatida ekanini ma’lum qildi.

Yangi yondashuv doirasida hukumat doimiy yashash uchun ruxsatnoma va fuqarolikni tezda olish imkoniyatidan voz kechmoqchi. Endilikda Buyuk Britaniyada doimiy yashash huquqi uchun ariza topshirish uchun mamlakatda besh yil emas, o‘n yil qonuniy yashash talab qilinadi. Faqatgina mamlakat iqtisodiyoti va jamiyatiga sezilarli hissa qo‘shganlarga istisnolar qo‘llanadi.

Ingliz tilini bilish bo‘yicha talablar ham oshiriladi. Barcha migrantlar, shu jumladan, o‘zgalar qaramog‘ida bo‘lgan voyaga yetgan shaxslar ham ingliz tilini asosiy darajada bilishini isbotlashi shart bo‘ladi. Bu integratsiyani yaxshilash, ekspluatatsiyadan himoya qilish va ish topish imkoniyatlarini kengaytirish uchun kerak, deyiladi hukumat hujjatida. Yashash huquqini olishda ustuvorlik yuqori malakali migrantlarga beriladi. Xususan, tezlashtirilgan fuqarolik olish huquqiga shifokorlar, muhandislar, IT-mutaxassislar va mamlakat uchun zarur bo‘lgan boshqa kasb egalari ega bo‘lishi mumkin.

Bundan tashqari, viza asosida ishchilarning jalb qilinishiga cheklovlar kiritilishi rejalashtirilmoqda. Vaqtinchalik vizalar orqali doimiy yashash huquqini olish imkoniyati yopiladi, ish, o‘qish va oilani birlashtirish kabi barcha yo‘nalishlar bo‘yicha talablar kuchaytiriladi. Skilled Worker vizasini olish uchun oliy ma’lumot majburiy shart bo‘ladi, ijtimoiy parvarish sohasida (care sector) esa xorijliklarni ishga olish taqiqlanadi. Chet ellik bitiruvchilarning o‘qish tugaganidan keyin mamlakatda qolish muddati 2 yildan 1,5 yilgacha qisqartiriladi. Migratsiya qoidalarini buzgan ish beruvchilar va oliy o‘quv yurtlariga moliyaviy jazolar joriy etiladi.

Shu bilan birga, Starmer hukumat migratsiyaga kvotalar joriy qilish niyatida emasligini, chunki so‘nggi o‘n yildagi bunday urinishlarning barchasi muvaffaqiyatsizlikka uchraganini ta’kidladi. BBC’ning qayd etishicha, bosh vazirning rejasi parlamentda tasdiqlanishi kerak, u yerda leyboristlar mutlaq ko‘pchilikka ega. Agar tasdiqlansa, ushbu choralar 2026 yildan erta bo‘lmagan muddatda amalga oshiriladi.

Mavzuga oid