Jahon | 09:46
1485
2 daqiqa o‘qiladi

Fransiya: YeI Ukraina bo‘yicha muzokaralarda qatnashmoqchi

Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro Yevropa Ittifoqi davlatlarining Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralarda ishtirok etish istagi borligini, biroq Moskva o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lishi kerakligini e’lon qildi.

Foto: Philemon Henry/France's Ministry of Europe and Foreign Affairs/AFP

Yevropa Ittifoqi davlatlari Rossiya va Ukraina o‘rtasida bo‘lajak muzokaralarda ishtirok etishga tayyor, biroq faqat Rossiya birinchi navbatda o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lishi kerak. Bu haqda Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro France Inter radiosi orqali aytdi.

Barroning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev va uning ittifoqchilarining 12 maydan boshlab 30 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi chaqirig‘i Rossiya prezidenti Vladimir Putinni «to‘g‘ri yo‘nalishda qadam tashlashga» undagan, bunda Putinning Rossiya va Ukraina o‘rtasida 15 maydan keyin Istanbulda to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazish taklifiga ishora qilingan.

Biroq Fransiya TIV rahbari o‘t ochishni to‘xtatish muzokaralar boshlanishi uchun zaruriy shart ekanini ta’kidladi. «Biz bombalar va dronlar ostida muzokaralar olib bormaymiz. Buni oxirgi marta 2022 yilda Istanbulda qilgan edik va bu muvaffaqiyatsizlikka olib keldi», — dedi Barro.

Fransiya vazirining so‘zlariga ko‘ra, yevropaliklar va amerikaliklar Rossiya sulhga rozi bo‘lmasa, unga nisbatan bosimni kuchaytirishga tayyor. Xususan, Barro Rossiya iqtisodiyotiga «buzg‘unchi ta’sir» ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan keng ko‘lamli sanksiyalar bilan tahdid qildi.

Mavzuga oid