Jahon | 22:02 / 12.05.2025
1153
2 daqiqa o‘qiladi

HAMAS garovdagi so‘nggi amerikalikni ozod qildi

G‘azoda asirda bo‘lgan so‘nggi tirik Amerika fuqarosi deb hisoblangan 21 yoshli Idan Aleksandr yigit janubdagi Xon Yunis shahrida Qizil Xoch rasmiylariga topshirildi.

Foto: Getty images

HAMAS harakati G‘azo sektorida 19 oydan ortiq tutqunlikda bo‘lgan amerikalik-isroillik askar Idan Aleksandrni ozod qildi, deb xabar berdi NBC News.

G‘azoda asirda bo‘lgan so‘nggi tirik Amerika fuqarosi deb hisoblangan 21 yoshli Aleksandr janubdagi Xon Yunis shahrida Qizil Xoch rasmiylariga topshirildi.

Ozod qilish jarayoni AQSh prezidenti Donald Trampning Yaqin Sharqqa tashrifi arafasida bo‘lib o‘tdi. Avvalroq Tramp bunga erishganini ma’lum qilgandi.

HAMAS bu G‘azo sektoriga «o‘t ochishni to‘xtatish, o‘tish joylarini ochish va yordam yetkazish bo‘yicha ko‘rilayotgan qadamlarning» bir qismi ekanini aytdi. Isroil garovga olinganni ozod qilish uchun xavfsiz yo‘lakni ta’minlash maqsadida harbiy amaliyotlarni, jumladan havo hujumlari va artilleriya zarbalarini vaqtincha to‘xtatdi.

Isroil rasmiylariga ko‘ra, Idan Aleksandr ozod qilinishi bilan G‘azoda 58 nafar garovga olingan shaxs qoldi. Ulardan 23 nafari bugungi kunda tirik ekanligiga ishoniladi.

Idan Aleksandrning ozod etilishi AQSh prezidenti va Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu o‘rtasida diplomatik taranglik kuchaygan paytga to‘g‘ri keldi. NBC News manbalariga ko‘ra, kelishmovchiliklar G‘azo va Eron bo‘yicha muzokaralarga yondashuvlar bilan bog‘liq. Netanyaxuning idorasi 12 may kuni Isroil o‘t ochishni to‘xtatish yoki falastinlik mahbuslarni ozod qilish maqsadida emas, faqat Aleksandrning ozod etilishi uchun xavfsiz o‘tish joyini ta’minlash majburiyatini olganini aytdi. «Muzokaralar otishma ostida va janglarni kuchaytirishga tayyorgarlik ko‘rish bilan birgalikda davom etadi», deyiladi bayonotda.

Mavzuga oid