20 may yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar
O‘zbekistonga fuqarolari vizasiz kira oladigan davlatlar soni oshdi, eski liftlarni yangilashga ajratiladigan 855 mlrd so‘m, 18 yoshga to‘lmagan yoshlar ishlashi mumkin bo‘lgan kasblar ro‘yxati va prezidentning Vengriya ishbilarmonlari bilan uchrashuvi — o‘tgan kun davomida Kun.uzʼda yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Shavkat Mirziyoyev Vengriya ishbilarmonlari bilan uchrashdi
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Budapeshtga rasmiy tashrifi 20 may kuni Vengriyaning yirik kompaniya va banklari rahbarlari bilan uchrashuvdan boshlandi. Davlat rahbari o‘z nutqida rasmiy tashrif Vengriya ishbilarmonlari bilan uchrashuvdan boshlanayotgani ramziy ma’noga ega ekanini ta’kidladi.
Qayd etilishicha, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va ilg‘or texnologiyalar transferini rag‘batlantirish maqsadida Toshkent viloyatida Yevropa kompaniyalari uchun maxsus sanoat zonasi tashkil etilmoqda. Ushbu hududni boshqarish Vengriyaning «Inpark» operatoriga beriladi.
Tadbir yakunida davlat rahbari huzurida ustuvor investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha bitimlar almashish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Uch davlat fuqarolari uchun vizasiz rejim
2025 yil 1 iyundan Bahrayn, Kuvayt va O‘mon fuqarolari uchun O‘zbekiston hududiga kirgan kundan e’tiboran 30 kunlik muddatga vizasiz rejim belgilanadi.
Prezident farmoniga muvofiq, 2025 yil yakuniga qadar:
respublika hududlariga 15,8 million nafar xorijiy turistlarning safarlarini tashkil etish, turizm xizmatlari eksportini 4 mlrd AQSh dollariga yetkazish;
ichki turizmni rivojlantirish hisobiga 40 millionta mahalliy sayyohlarning hududlarga safarlarini tashkil etish, qo‘shimcha 378 ta turoperator faoliyatini yo‘lga qo‘yish turizm sohasining asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari etib belgilandi.
Shuningdek, 2025 yildan har yili 30 noyabrga qadar kelgusi yil turizmni rivojlantirish bo‘yicha hududiy dasturlar ishlab chiqiladi. Har yili noyabr oyining 3-haftasida Xalqaro turizm haftaligi tashkil etiladi.
2025 yil iyun oyidan «O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!» dasturini amalga oshirish uchun har oy 2-haftasining shanba va yakshanba kunlari «Oila va jamoa bilan sayohatga chiqish kuni» etib belgilanadi.
Eski liftlarni yangilashga 850 mlrd so‘m ajratiladi
O‘zbekistonda ko‘p kvartirali uy-joylardagi lift uskunalarining texnik holatini yaxshilash va aholiga xavfsiz sharoit yaratish maqsadida chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi qayd etishicha, «Xavfsiz lift» yagona idoralararo platformasi doirasida liftlarga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar reyestri yuritiladi. Ushbu reyestrga tashkilotlarning liftlarni o‘rnatish va ta’mirlash faoliyati uchun berilgan ruxsatnomalar, ularning amal qilish muddati hamda xizmat ko‘rsatuvchi mutaxassislar to‘g‘risidagi ma’lumotlar kiritilishi belgilangan.
Mamlakatdagi 5491 ta ko‘p kvartirali uyda joylashgan 13 798 ta lift uskunasi to‘liq xatlovdan o‘tkazilgan. Xatlov natijasiga ko‘ra, foydalanish muddati o‘tgan 2001 ta liftni yangilash va 382 tasini ta’mirlash zarurligi aniqlangan.
Mazkur maqsadlarni amalga oshirish uchun mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan jami 854,6 milliard so‘m ajratilishi belgilangan.
18 yoshgacha bo‘lganlar ishlashi mumkin bo‘lgan kasblar ro‘yxati tasdiqlanadi
Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional ta’lim tashkilotlari o‘quvchilari bo‘sh vaqtida mehnat qilishi mumkin bo‘lgan yengil turdagi ishlar va kasblar ro‘yxati tuzildi. Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi bu boradagi tegishli hukumat qarori loyihasini muhokamaga qo‘ydi.
Ro‘yxatda 40 ta ishlar va kasblar nomlari keltirilgan. Xususan, o‘quvchilar ofitsiant, sotuvchi, sartarosh, buyumlarni qo‘lda taxlovchi-qadoqlovchi, dehqon xo‘jaligi a’zosi, yukchi bo‘lib ishlashi mumkin.
Bunda, 16 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan xodimlarning ish vaqti faqat yuklarni qo‘lda ko‘tarish va tashish bilan bog‘liq bo‘lgan ishlardan iborat bo‘lganda, ular uchun yuk ko‘tarish va tashish normasining chegarasi 4,1 kilodan og‘ir bo‘lmasligi, shuningdek, ular aravacha va vagonetka yordamida yuk tashishlariga jalb etilmasligi lozim.
16 yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmaganlar ish vaqtining uchdan bir qismi yuklarni qo‘lda ko‘tarish va tashish bilan bog‘liq ishlardan iborat bo‘lganda, qo‘lda yuk ko‘tarish va tashish normalarining chegarasi o‘g‘il bolalar uchun — 6,5 kilo, qiz bolalar uchun — 3,5 kilodan og‘ir bo‘lmasligi kerak.
18 yoshga to‘lmagan shaxslar og‘ir ishlarga hamda zararli va xavfli mehnat sharoiti mavjud ishlarga qabul qilinmasligi lozim.
Mavzuga oid

22:31 / 19.05.2025
19 may yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

22:31 / 16.05.2025
16 may yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

22:05 / 15.05.2025
15 may yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

22:59 / 14.05.2025