Ukraina qonga belanmoqda, Tramp qo‘lini yuvmoqda, Yevropa tomoshabin – siyosatchilar, ekspertlar va jurnalistlar Putin va Tramp muloqoti haqida

Mandel Ngan / AFP / Scanpix / LETA
19 may kuni AQSh prezidenti Donald Tramp ikki soatga yaqin vaqt davomida telefon orqali Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muloqot qildi. Bu ularning Tramp Oq uyga qaytganidan keyingi davrda uchinchi telefon muloqoti bo‘ldi. Amerika yetakchisi nihoyat Putinni Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lishga ko‘ndirishi – agar rad etsa, Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar kiritishi taxmin qilingan edi. Unisi ham, bunisi ham bo‘lmadi. Muloqotdan so‘ng Putin tinchlik o‘rnatish bo‘yicha qandaydir memorandum taqdim etishga va’da berdi, Tramp esa o‘t ochishni to‘xtatish talabi va sanksiyalar tahdidi haqida eslamadi. Buning o‘rniga u, aslida, AQSh tinchlik jarayonidan chiqib, Rossiya va Ukrainani mustaqil ravishda – katta ehtimol bilan, buning uchun platforma taqdim etishga tayyor bo‘lgan Vatikanda muzokaralar olib borishga qo‘yib berishini aytdi. Bunday natija, shubhasiz, Ukraina va Yevropaning hafsalasini pir qildi: Financial Times ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropa yetakchilari Tramp va Putin o‘rtasidagi suhbat natijalaridan taajjubga tushishgan. «Meduza» siyosatchilar, ekspertlar va jurnalistlar u haqida yana nimalar yozayotganini o‘rganib chiqdi.
Volodimir Zelenskiy
Ukraina prezidenti
Barchamiz uchun AQSh muzokaralardan va tinchlikka erishish jarayonidan uzoqlashmasligi juda muhim, chunki bunday [uzoqlashishdan] manfaatdor bo‘lgan yagona shaxs – Putin. Agar Rossiya qotilliklarni to‘xtatmasa, agar Putin noreal shartlarni qo‘yadigan bo‘lsa, bu Rossiya urushni cho‘zishda davom etishi va Yevropa, Amerika hamda butun dunyo qo‘shimcha sanksiyalar bilan javob berishga munosib ekanini anglatadi.
Karl Bildt
Shvetsiya sobiq bosh vaziri
Trampning pozitsiyasi avvaliga o‘t ochishni to‘xtatishga erishish, keyin esa muzokaralar olib borish edi. Ammo endi u amalda Putinning pozitsiyasiga ko‘ndi: avvaliga muzokaralar, shundan keyingina o‘t ochishni to‘xtatish. Uzoq davom etadigan urush retsepti.
Bet Sanner
AQSh Milliy razvedkasi direktorining sobiq o‘rinbosari
Prezident [Tramp] Putinga umuman bosim o‘tkazishga urinmagan bo‘lishi mumkin. Yaxshi, ular ikki soat gaplashibdi, ammo yakunda nima bo‘ldi? Putin maksimalistik talablarini qo‘yishda davom etdi. Bu muloqotni faqat Putin o‘zi istaganiga ega bo‘lganining dalili sifatida qabul qilish mumkin.
Andrea Kendall-Teylor
o‘tmishda — Amerika razvedkasining Rossiya bo‘yicha katta zobiti
Saylovchilarga tezkor kelishuv va’da qilgan Tramp, Oq uy matbuot kotibining aytishicha, «charchagan», uning ma’muriyati a’zolari esa [tinchlik] jarayonida ishtirok etishdan bosh tortish bilan tahdid qilmoqda. Bu tahdid Ukrainadagi urush – birinchi navbatda Yevropaning urushi ekani haqidagi g‘oyaga asoslanadi. Ammo u Tramp o‘ylagani kabi Amerikadan uzoqda emas. Putinning uzoq muddatli maqsadlari Ukraina bilan cheklanib qolmasligi tayin – u Yevropadagi urushdan keyingi tartibotni qayta ko‘rib chiqmoqchi. Putin uchun bu nol summali o‘yin: Rossiyaning ta’sirini faqat Amerikani zaiflashtirish orqali kuchaytirish mumkinligiga uning ishonchi komil. Tramp tanlov qarshisida turibdi: Kremlga hozirning o‘zida, Ukrainada yoki keyinroq zarba berish. AQSh qancha uzoq kutadigan bo‘lsa, buning narxi ham shunchalik oshadi.
Deniyel Kochis
Hadson instituti qoshidagi Yevropa va Yevrosiyo markazi katta ilmiy xodimi
Urushni maqbul shartlar bilan tugatish va Trampning tinchlikparvarlik merosini tasdiqlash hali ham imkonli ish. Ammo buning uchun u o‘z samarasini bera oladigan yagona strategiyani qo‘llashi kerak: Putinni zaiflashtirish va kuch pozitsiyasidan turib muzokaralar olib borish. Putin mustahkam tinchlikdan manfaatdor emas. Hamma narsa Kreml Ukrainadagi jang maydonlarida o‘z harbiy mashinasini saqlab qolish va NATO bilan ehtimoliy urushga tayyorgarlik ko‘rish uchun qo‘lidan kelganini qilayotganini ko‘rsatadi. Rossiya Ukrainada qancha ko‘p narsaga erishsa, bunday ssenariy ehtimoli shuncha ortadi.
Maks But
The Washington Post sharhlovchisi va Xalqaro munosabatlar bo‘yicha kengash ilmiy xodimi
Agar Ukraina o‘t ochishni bir tomonlama to‘xtatsa, u yakson etilgan bo‘lardi. Agar Rossiya o‘t ochishni to‘xtatsa, urush yakunlanardi. Ammo Tramp hech qachon bu oddiy haqiqatni oshkora aytmaydi – va, ma’lum bo‘lishicha, tor doirada ham. <…> Uning tinchlikparvar sifatidagi muvaffaqiyatsizligi Ukraina uchun halokatli bo‘lmasligi mumkin, ammo bu uning katta kelishuvlar ustasi bo‘lishga da’volarini chippakka chiqarishi aniq. Rossiyaning qat’iyatiga duch kelganida, u muvaffaqiyatli muzokaralarning asosiy tamoyilini buzdi: bosim o‘tkazish vositalaridan foydalanmadi. Putin uni ahmoq qildi, Tramp esa, aftidan, buni hatto anglamadi ham.
Tatyana Stanovaya
siyosatshunos
Putin Trampga real yon bermasdan oraliq natijani taklif qilish yo‘lini topganga o‘xshaydi. Uning g‘oyasi – memorandumni, muzokaralar tamoyillari va jadvalini belgilaydigan asosiy hujjatni kelishib olish. Putin «prinsiplar» haqida gapirganda, Rossiya o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lishi mumkin bo‘lgan shartlarni nazarda tutadi. Aslida, gap sulh shartlari haqida ketmoqda. Uning maqsadi – Ukrainani Istanbulda boshlangan jarayonga qaytarish va aftidan, u Trampning qo‘llab-quvvatlashiga erishgan. Masalan, u Ukrainaga harbiy yordamni muzlatishni o‘z ichiga olishi mumkin bo‘lgan kengroq kelishuv doirasida o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lishi ehtimoli yo‘q emas.
Sergey Radchenko
tarixchi
Aftidan, Tramp qo‘lini yuvmoqda. Boshqa hech narsa yo‘q – tahdidning soyasi ham. Putin bayram qilmoqda. U qanchalar omadli.
Lev Shlosberg
siyosatchi
Tramp ham, Putin ham yangi dunyo tuzilishi masalasiga o‘tishni juda xohlaydi, bu ularda ilhom uyg‘otadi. Ammo bungacha halok bo‘lganlarning jasadlari va minalashtirilgan Ukraina maydoni ustidan o‘tish kerak. <...> Urushni davom ettirish mantig‘ini faqat urushdan voz kechish mantig‘i bilan buzish mumkin. Tramp ham Ukraina, ham Rossiya bilan iqtisodiy imkoniyatlaridan foydalanib, bu mantiqni ishga solishga harakat qilmoqda. Har bir bunday harakatni olqishlash kerak. Hozir boshqa tinchlikparvarlar yo‘q.
Yevroittifoqdan anonim diplomat
U [Tramp] ketadi. Ukrainani qo‘llab-quvvatlash va moliyalashtirish, Rossiyaga bosim o‘tkazish: endi bularning barchasi bizning ishimiz.
Jyeyms Metyuz
Britaniyadagi Sky News telekanalining AQShdagi muxbiri
Donald Tramp bir kunda tugatishni va’da qilgan urush amalda u umuman tugatolmagan urushga aylandi. AQSh muzokaralar jarayonidagi yetakchilikdan voz kechib, urushayotgan tomonlarni o‘z holiga tashlab qo‘ymoqda. Ukraina hech qachon Tramp uchun ustuvor masala bo‘lmagan. Uning geosiyosiy ambitsiyalari doirasida Rossiya bilan munosabatlarni tiklash har doim muhim sovrin sifatida ko‘rilgan – ayniqsa, u asosiy raqib sifatida Xitoyni ko‘rayotgan bir paytda. Global kontekstda Ukraina Tramp uchun shunchaki ikkinchi darajali epizod. Va bu yaqqol sezilib turibdi.
Yaroslav Trofimov
The Wall Street Journal muxbiri
Tramp talab qilayotgan muzokaralar endi Rossiyaga qarshi qo‘shimcha sanksiyalar qo‘llamaslik va Ukrainaga qo‘shimcha yordam bermaslik uchun bahonaga aylandi. Bu Putin uchun ikki tomonlama g‘alaba. U o‘zining maksimalistik talablari uchun hech qanday zarar ko‘rmaydi va AQSh tomonidan Ukraina shaharlarini bombardimon qilishni va ukrainaliklarni o‘ldirishni to‘xtatishni talab qiladigan bosimga duch kelmaydi, shu bilan birga ma’nosiz muzokaralar, ehtimol, yillarcha davom etadi. Ikki hafta oldin balandparvoz bayonot bergan Yevropa endi bir chetda noqulay jilmaymoqda. Ukraina yolg‘iz qonga belanishda davom etmoqda.
Kristian Vaysflog
Neue Zuercher Zeitung’ning AQShdagi muxbiri
Donald Tramp, ko‘rinishidan, Rossiyaga qarshi qo‘shimcha sanksiyalar joriy etish haqida o‘ylamayapti. U Vladimir Putinni iqtisodiy rag‘batlar va shaxsiy joziba yordamida ishontira olishiga ishonadi. Fevral oyida Tramp Zelenskiy tinchlikka intilmayapti degan qarorga kelgach, darhol Kiyevga qurol-yarog‘ va razvedka ma’lumotlarini yetkazib berishni to‘xtatgandi. O‘shandan beri Ukraina prezidenti zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga tayyorligini bildirib kelmoqda. Putin esa aniq muddatlarni aytmasdan muzokaralar olib borishni ma’qul ko‘radi va bir vaqtning o‘zida harbiy harakatlarni davom ettiradi. Tramp bunga yo‘l qo‘ymoqda.
Nik Peyton Uolsh
CNN muxbiri
Uning [Trampning] ishbilarmonlik tuyg‘usi shuni ko‘rsatadiki, kelishib olish yaxshiroq bo‘lgan raqib bilan ziddiyatga uzoq muddatli sarmoya kiritishdan ma’no yo‘q. Lekin bu yerda hech qanday «bitim» bo‘lishi mumkin emas. Putin sotib olmaydi – u g‘alaba qozonishga intiladi. Tramp esa AQSh ittifoqchilarini qo‘llab-quvvatlashdan boshqa sotadigan narsasi yo‘q. Amerikaning yetakchiligi o‘nlab yillar davomida ittifoqchilarga mehribonlik, ulkan yumshoq kuch va harbiy gegemonlikka asoslangan edi. Ammo Tramp Amerikaning rolini kamtarroq deb biladi. Chamasi, u chekingan. Agar shunday bo‘lsa, unda AQSh 1940-yillardan beri eng muhim tinchlik shartnomasini Vatikanga topshirdi.
Mavzuga oid

21:37
Ispaniyada Yanukovichning safdoshi otib ketildi

21:02
Tramp ittifoqchilarga Rossiya g‘alaba qozonishiga ishonchi komilligini aytdi – OAV

20:01
Ukrainaning Sumi oblastidagi poligoniga zarba berildi

18:51