Jahon | 19:41 / 25.05.2025
14543
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya-Ukraina urushi «endshpil bosqichiga o‘tdi» – JPMorganChase markazi hisoboti

Tahlilchilarga ko‘ra, otashkesim joriy yilning ikkinchi choragida boshlanishi kerak. Ular Ukraina kelajagi bo‘yicha to‘rtta ssenariyni ko‘rib chiqishgan va «Gurjiston»ni ehtimoli eng yuqori ssenariy sifatida qaramoqda.

Roman Pilipey / AFP / Scanpix / LETA

JPMorganChase investitsiya banki mijozlarga investitsiya risklarini baholashda yordam berish uchun o‘z geosiyosat markazini tashkil etdi. Markazning ilk hisoboti Rossiya-Ukraina urushini yakunlash istiqbollariga bag‘ishlangan. Tahlilchilar u «endshpil bosqichiga o‘tgani» va o‘t ochishni to‘xtatish rejimi 2025 yilning ikkinchi choragi, ya’ni iyul oyida boshlanishini yozishgan.

Hisobotda bu qanday sodir bo‘lishining to‘rtta ehtimoliy ssenariysi keltirilgan, ularning ehtimolligi foizlarda baholangan. Har bir ssenariyda tarixiy pretsedent tilga olinadi. Ssenariyni tanlashga ta’sir qiluvchi asosiy omil sifatida AQSh va Yevropa Ukrainaga taqdim etishga tayyor bo‘lgan xavfsizlik kafolatlari darajasiga e’tibor qaratilgan. Ssenariylarning barchasida Ukraina hududining 1991 yil chegaralarida tiklanishi va ushbu mamlakat NATOga qo‘shilishi istisno qilingan.

JPMorganChase tahlilchilari fikricha, Ukraina uchun eng yaxshi va eng yomon ssenariylarning ehtimoli past baholangan (15 foizdan). Bular mos ravishda «Janubiy Koreya» va «Belarus» ssenariylari.

«Janubiy Koreya» ssenariysiga ko‘ra, Ukrainaga Yevropa qo‘shinlari joylashtirilishi, ular Amerika razvedkasi ma’lumotlari bilan qo‘llab-quvvatlanishi va mojaro qayta boshlangan taqdirda AQShdan yordam bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Bunday holda, Ukraina xavfsizligi yetarlicha ishonchli ta’minlanadi va unga sarmoya kiritish xavfi nisbatan past bo‘ladi.

«Belarus» ssenariysida esa, aksincha, AQSh ham, Yevropa ham Ukraina xavfsizligini ta’minlay olmaydi yoki ta’minlashni istamaydi. Bu Rossiyaga o‘zining maksimalistik talablarini bajarishga erishish va Ukrainani amalda vassal davlatga aylantirish imkonini beradi.

Hisobotda «Isroil» ssenariysi ehtimoli 20 foizga baholangan. Unga ko‘ra, Ukraina G‘arbning xavfsizlik kafolatlarini oladi, ammo uning hududida G‘arb qo‘shinlari bo‘lmaydi. U yangi urushga doimo tayyor turadigan harbiylashgan davlat bo‘lib qolishi mumkin.

Va nihoyat, Geosiyosat markazi «Gurjiston»ni eng ehtimoliy ssenariy (50 foiz) deb hisoblaydi: Ukraina Rossiya bilan urushdan keyin ishonchli xavfsizlik kafolatlarini olmaydi, beqaror bo‘lib qoladi – va vaqt o‘tishi bilan, bir necha bor hokimiyat almashinuvidan so‘ng, Rossiya ta’sir doirasiga tushib qoladi.

Mavzuga oid