Iqtisodiyot | 16:50 / 27.02.2016
6895
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi “Oloy” va “Mirobod” dehqon bozorlarini ta'mirlash uchun 15 milliard so‘m ajratiladi

Toshkent shahar hokimiyatida o‘tkazilgan brifingda “Toshbozorsavdo” uyushmasi mutasaddilari poytaxt bozorlarida joriy yilda olib boriladigan qurilish, rekonstruksiya va ta'mirlash ishlari haqida ma'lumot berdi.

Aniqlanishicha, hozirda uyushma tizimida 14 ta OAJ hamda 7 ta MChJ faoliyat olib boradi va ular ixtisoslashuvi bo‘yicha 12 ta dehqon bozori, 1 ta qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ulgurji bozori, 2 ta ixtisoslashgan bozor hamda 6 ta savdo kompleksidir.

So‘ngi 7 yilda bozor faoliyatini rivojlantirish, moddiy texnik bazasini mustahkamlash, sotuvchi va xaridorlar uchun yaxshi sharoitlar yaratish maqsadida 63,6 milliard so‘mlik qurilish, qayta qurish va kapital ta'mirlash ishlari amalga oshirilgan.

Uyushma mutasaddilari joriy yilda Toshkent qishloq xo‘jalik mahsulotlari ulgurji bozori, Aviasozlar, “Navro‘z”, Sergeli hamda  “Yunusobod” dehqon bozorlaridagi kabi bunyodkorlik ishlari “Oloy” hamda “Mirobod” dehqon bozorlarida ham olib borilishi rejalashtirilayotganini ma'lum qildilar.

“Mazkur ishlarning davomi o‘laroq, joriy yilda shahar markazida joylashgan “Oloy” dehqon bozori hamda “Mirobod” dehqon bozorida ham bunyodkorlik ishlari amalga oshiriladi,- deydi “Toshbozorsavdo” uyushmasi boshqarma raisi Sohibjon Ne'matullayev. Mutaxassislar mazkur bozorlarni o‘rganib, pavilonlar ta'mirga muhtoj ekanini aniqlashdi. Bu bo‘yicha maxsus loyihalar tayyorlandi. Mazkur qurilish-ta'mirlash ishlariga 15 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi. Nasib etsa, milliy qadriyatlar va an'analar uyg‘unlashgan sharqona savdo majmualarimizni O‘zbekiston Respublikasi mustaqilliging 25 yillik bayramiga topshirishni rejalashtirilayapmiz.

Ma'lumotlarga ko‘ra, “Oloy” bozori ixcham, ko‘rkam, qulay va yangi savdo rastalarga ega kompleks ko‘rinishini oladi. “Mirobod” dehqon bozorining esa tom va fasad qismi ta'mirlanib, atrofi zamonaviy holatga keltiriladi.

“Ta'mirlash paytida savdo faoliyati to‘xtamaydimi”, deya berilgan savolga, mutaxassis “Yo‘q. Chunki bu bozorlarga ko‘nikkanlar ko‘p. Ta'mirlash maxsus reja asosida o‘tadi. Faqat qurilishi rejalashtirilgan joylar, o‘rab olinadi. Savdolar faoliyati davom etadi”, deya javob qaytardi.