Jahon | 14:43 / 31.07.2016
6911
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniyada Erdo‘g‘anni qo‘llab-quvvatlovchilar tinch namoyish o‘tkazishga tayyorlanmoqda

Foto: RIA

Germaniyaning Myunster shahridagi konstitutsiyaviy sud Turkiya prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning demokratik tamoyillarni yoqlab qilgan murojaatini to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatishni taqiqladi. Bu haqda Germaniyadagi Deutsche Welle teleradiokompaniyasi xabar tarqatdi.

Xabarda aytilishicha, Erdo‘g‘anning murojaati telekonferensiya tarzida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Murojaat xavfsizlik nuqtai nazaridan taqiqlangan.

DW nashrining aniqlik kiritishicha, 31 iyul kuni Kyoln shahrida Turkiya hukumatini qo‘llab-quvvatlab, 30 ming kishi tinch namoyish o‘tkazadi. Xuddi shu vaqtda, Erdo‘g‘anga qarshi kishilar ham ko‘chalarga chiqishi kutilmoqda.

Bundan oldinroq, Zeit nashrida namoyish "Ozodlik uchun, istibdod esa yo‘qolsin!", "Demokratiya uchun, isyonchilar yo‘qolsin!" shiorlari ostida o‘tishi aytilgandi.

Kyoln shahri politsiyasi rahbari Yurgen Matiyesning aytishicha, politsiya namoyishlarni taqiqlamoqchi emas, lekin xavfsizlik tartiblari buzilgan holda, huquq-tartibot organlari xodimlari vaziyatga aralashadi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid