Fan-texnika | 15:16 / 07.09.2016
4518
2 daqiqa o‘qiladi

Twitter direktorlari kengashi kompaniyani sotish masalasini muhokama qilishadi

Twitter direktorlar kengashi 8 sentabr kuni kompaniyani to‘la yoki alohida bo‘limlarini (Vine va MoPub) sotish masalasini muhokama qilishadi. Bu haqda o‘z manbasiga tayangan holda Recode xabar yozgan.

Nashrning yozishicha, joriy yilda Square rahbari va Twitter asoschisi Jyek Dorsining kompaniya direktorlar kengashiga bosh bo‘lishi kompaniyadagi vaziyatni yaxshilamadi.

"Ba'zi harakatlar amalga oshirildi, masalan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri transyatsiyalar ommalashdi. Lekin komaniya muammolari hal qilinmadi. Masalan, foydalanuvchilarning bir-birini haqorat qilishiga qarshi kurash juda sust", deyiladi nashr xabarida.

Twitter rahbariyati vakili, sobiq rahbar, ayni vaqtdagi eng yirik aksionerlardan biri Evan Uilyams avgust oyidayoq kompaniya sotilishiga ishora qilgandi.

Shunga qaramasdan vaziyatdan chiqishning boshqa yo‘llari ham bor. Masalan, loyiha aksionerlari, Microsoft sobiq rahbari Stiv Balmer hamda Saudiya Arabistoni shahzodasi Alvolid bin Talal kompaniyadagi ulushlarini ko‘paytirmoqchiligi va qo‘shimcha investitsiya kiritmoqchiligi haqida xabarlar berilgandi. Lekin bu hali ro‘y bermadi.

Shuningdek, Vine va MoPub loyihalari sotilishi va bu Twitter faoliyatiga ta'sir ko‘rsatmasligi mumkin.

Recode kompaniyaning bahosi 18 mlrd dollardan yuqori bo‘lishini taxmin qilgan. Lekin kompaniya har chorakni zarar bilan yakunlamoqda va bu narxning pasayishiga olib kelishi mumkin.

2016 yili TechCrunch tahlilchilari kompaniyani xarid qilishi mumkin bo‘lganlarning ro‘yxatini tuzib chiqqandi. Bu ro‘yxatda Google va Microsoft imkoniyatlari yuqori baholangan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid