Jahon | 14:42 / 08.09.2016
6766
3 daqiqa o‘qiladi

Goldman Sachs top-menejyerlariga Trampning kampaniyasini moliyalashtirish taqiqlandi

Amerikaning Goldman Sachs investitsiya banki o‘z top-menejyerlariga Donald Trampning saylovoldi kampaniyasini moliyalashtirishni taqiqladi. Lekin bunday qaror Hillari Klintonning saylovoldi kampaniyasiga nisbatan qo‘llanmagan.

Fortune jurnali xabariga ko‘ra, bank xodimlariga pul mablag‘lari ajratilmaydigan shaxslar qatorida Tramp nomi namuna sifatida keltirilgan.

«Federal darajadagi istalgan shaxsga, masalan Trampga pul ajratilmasin», — deyilgan bankning ichki qarorida. Bu hujjatda Hillari Klinton nomi aytilmagan.

Saylovning praymerizlar bosqichida Bill va Hillari Klinton Goldman Sachs va UBS kabi banklarning xodimlari uchun o‘qilgan 39ta nutq uchun jami 7,7 million dollar miqdorida gonorar olgani ma'lum qilingandi.

Umuman Klinton xonimning eng yirik homiysi Jorj Soros va uning jamg‘armasi — Soros Fund Management bo‘lmoqda. Soros buni Trampning agressivligi bilan tushuntirgan.

AQShda prezidentlik kampaniyasi bir necha usulda moliyalashtiriladi. Birinchidan, nomzod o‘z shtabining saylovoldi hisobiga o‘z mablag‘larini o‘tkazishi mumkin. Shuningdek, u jismoniy shaxslardan ehsonlar qabul qilishi mumkin, lekin bu holda 2,5 ming dollarlik cheklov mavjud.

Bundan tashqari, mablag‘ to‘plash uchun siyosiy xatti-harakatlar qo‘mitalari (Political Action Comittees, PACs) tashkil etiladi. Ular jamoat tashkilotlari, kasaba uyushmalari va firmalar qoshida ta'sis etilishi mumkin. An'anaviy qo‘mitalar bitta nomzodga maksimal 5 ming dollar, bitta partiyaga maksimal 15 ming dollar pul o‘tkazishi mumkin. Ammo 2010 yilda AQSh Oliy sudi jismoniy shaxslar, korporatsiyalar va fuqarolik birlashmalariga nomzodning o‘ziga emas, balki uning u yoki bu takliflarini qo‘llab-quvvatlashga cheklanmagan miqdorda pul ajratishga ruxsat berdi. Bu mablag‘ yangi tipdagi PACs’ga — Super PACs’ga o‘tkaziladi. Bunday tashkilotlar nomzodning shtabi bilan bevosita aloqa qila olmaydi, lekin nomzod, o‘z navbatida, bunday mablag‘lar nimaga sarflangani haqida hisobot berishga majbur emas.

Mavzuga oid