O‘zbekiston | 17:38 / 20.09.2016
44187
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev metroning «Yunusobod» yo‘nalishidagi qurilish ishlarini yakunlash topshirig‘ini berdi

O‘zbekiston respublikasi prezidenti vazifasini bajaruvchi, Respublika Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev 18 sentabr kuni Toshkent shahrining bir qator tumanlarida bo‘lib, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, aholi mavzelari, ko‘p qavatli uy-joylar va ijtimoiy soha obektlarini kuzgi-qishki mavsumga tayyorlash ishlarining holati bilan bevosita tanishdi. Bu haqda Toshkent shahri hokimiyati matbuot xizmati xabar tarqatgan.

Yunusobod tumanidagi bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan tanishuv davomida mamlakatimizning birinchi prezidenti Islom Karimovning ko‘rsatmalariga binoan Toshkent metropoliteni yo‘llarini zamonaviy yo‘lsozlik va tunnelsozlik texnologiyalarini joriy etish orqali davom ettirish ishlariga alohida e'tibor qaratildi.

Xususan, Yunusobod yo‘nalishidagi 2 ta bekatda qurilish ishlarini yakunlash, yangi yer osti va yer usti tezyurar metro yo‘nalishlari qurilishini loyihalashtirish masalalari yuzasidan tegishli vazirlik va idoralar rahbarlariga topshiriqlar berildi.

Shavkat Mirziyoyev shu kuni poytaxtning Chilonzor tumanida ham bo‘lib, Bunyodkor shohko‘chasi va Muqimiy nomidagi ko‘cha chorrahasida bunyod etiladigan, uzunligi 600 metr bo‘lgan 6 qatorli yo‘lo‘tkazgichning qurilish jarayoni bilan yaqindan tanishdi.

U shuningdek, Yunusobod tumanini Mirzo Ulug‘bek tumani bilan bog‘laydigan yangi yo‘l barpo etish, bunda Yangi shahar ko‘chasini Bog‘ishamol ko‘chasi bilan tutashtiradigan 1 ming 100 metrdan iborat yangi avtomobil yo‘li hamda Bo‘zsuv kanali ustida quriladigan 510 metrli ko‘prik loyihalari bevosita joyida atroflicha muhokama qilindi.

Ushbu obektlarda qurilish ishlarini 2017 yil mart oyida to‘liq va sifatli yakunlash yuzasidan zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish to‘g‘risida topshiriqlar berildi.

Ma'lumot uchun, Toshkent metrosining «Yunusobod» yo‘li qurilishi 1988 yilda boshlangan bo‘lib, 2001 yilning sentabrida qurilish ishlari to‘xtab qolgan edi. Metroning ushbu yo‘nalishi loyihalashtirish va qurishda juda murakkab bo‘lib chiqdi, chunki metro tunneli va bekatlari joylashgan joylar kanallar va Bo‘zsuv ostiga to‘g‘ri keldi. Undan tashqari, metro qurilishiga o‘tgan ko‘plab muhandislik kommunikatsiyalari ham xalaqit berdi.

Bugungi kunda ushbu metro yo‘nalishining asosiy muammosi uning Yunusobodning aholi gavjum yashaydigan mavzelarigacha yetib kelmagani hisoblanadi. Shuning uchun ham yo‘lovchilarning ko‘p qismi yo undan umuman foydalanmaydi yoki faqat tranzit maqsadlarda foydalanishi kuzatiladi.

Metro yo‘nalishini aholi ko‘p istiqomat qiladigan hududlargacha olib borish orqali shahardagi avtomobil transporti yukini bir qadar yengillashtirish, shuningdek, metropolitenning rentabelligini sezilarli darajada oshirish mumkin.

Mavzuga oid