Jamiyat | 13:27 / 29.09.2016
7883
3 daqiqa o‘qiladi

Amerikaliklar Samsung kir yuvish mashinalarining portlash xavfidan ogohlantirildi

Iste'molchi mahsulotlar xavfsizligi bo‘yicha Davlat komissiyasi (CPSC) amerikaliklarni ba'zi Samsung kir yuvish mashinalarining "xavfsizlik muammosi" haqida ogohlantirdi. Bu haqida CNN xabar berdi. 

CPSC ma'lumotlariga ko‘ra, 2011 yilning mart oyidan 2016 yilning apreliga qadar ishlab chiqarilgan vertikal yuklovli Samsung kir yuvish mashinalaridan foydalanish paytida portlash xavfi mavjud. 

Samsung kir yuvish mashinalari egalariga komissiyada "nafis kiyimlarni yuvish" rejimini qo‘llash tavsiya etildi. Shunda qurilma pastroq tezlikda aylanadi va uning ziyon yetkazish xavfi kamayadi. 

Samsung kir yuvish mashinalari egalari kompaniyaning bir qator mahsulotlari portlaganidan keyin uni sudga berishdi. Shundan so‘ng CPSC rasmiy ogohlantirish bilan chiqdi. 

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, ular kir yuvish mashinalaridan foydalanayotgan paytda "bomba portlashiga o‘xshagan" baland tovushni eshitishgan. Texaslik ayolning qurilmasi hatto turgan joyidan qo‘zg‘alib ketgan va garaj devorida sezilarli iz qoldirgan. Da'vogarlarning fikricha, Samsung o‘zining kir yuvish mashinalaridagi muammolarni keng ommadan yashirishga uringan. 

Kompaniyaning rasmiy ma'lumotida "anomal tebranishlar" kir yuvish mashinalari egalari uchun haqiqatdan ham xavf manbai bo‘lishi mumkinligi qayd etiladi. Shunga qaramay, Samsung'da bunday holatlar kamdan-kam ro‘y berishi ta'kidlangan. 

Samsung kompaniyasi mahsulotlariga bo‘lgan e'tibor uning Galaxy Note 7 smartfonidagi muammolar bilan bog‘liqdir, yangi qurilmalarda batareya portlash holatlari kuzatilganidan keyin kompaniya 2,5 million smartfonni ortga qaytarishiga to‘g‘ri kelgan. 

Ko‘rilgan choralarga qaramay, Samsung qurilmalaridagi kamchilik va muammolar haqidagi xabarlar ko‘paymoqda. Kuni kecha Delta Airlines samolyoti Samsung planshetining tutab ketishi natijasida favqulodda qo‘nishni amalga oshirgani haqida xabar berildi. 
 

Mavzuga oid