O‘zbekiston | 17:16 / 29.09.2016
11980
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Prezidentligiga nomzodlarda teng imkoniyatlar mavjudligiga ishonch bildirildi

Shanxay xalqaro tadqiqotlar universiteti qoshidagi Markaziy Osiyo davlatlari tadqiqot markazida joriy yilning 4 dekabrida bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga saylovlarga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi. Bu haqda "Jahon" axborot agentligi xabar bergan.

Tadbirda Xitoy ekspert-akademik davrasi vakillari, shuningdek, ShXTU o‘zbek tili kafedrasi mutaxassislari ishtirok etgan. Brifing davomida ishtirokchilar saylovlarni o‘tkazish bo‘yicha faol saylovoldi kampaniyasi boshlangani, kuzatuvchilarning, davlat rahbarligiga o‘z nomzodlarini ilgari surgan siyosiy partiyalarning bu jarayondagi majburiyatlaridan xabardor bo‘lishdi.

Brifing ishtirokchilari O‘zbekistondagi Prezidentlik saylovlari borasidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashishdi.

Agentlik ulardan ba'zilarini keltirgan.

"2014-2015 yillardagi parlament va prezidentlik saylovlari monitoringida ishtirok etgan universitetimiz ekspertlari saylov jarayoniga jalb etilgan barcha tuzilmalarning aniq faoliyati, saylov tizimining umume'tirof etilgan xalqaro me'yorlarga to‘liq mos kelishiga shaxsan ishonch hosil qilishgan.

Ishonchim komilki, navbatdagi prezidentlik saylovlari ham shaffof muhitda o‘tadi, barcha nomzodlarga teng sharoitlar yaratiladi", — degan ShXTU partiya qo‘mitasi kotibi Tszyan Fen.

Shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari tadqiqot markazi direktorining o‘rinbosari Yan Bo ham o‘z fikrlarini bildirib o‘tgan. 

"Mustaqillik yillari davomida O‘zbekistonda ulkan o‘zgarishlar yuz berdi. Mamlakatda barqaror iqtisodiy o‘sish va makroiqtisodiy barqarorlik kuzatilmoqda. Keng miqyosdagi obodonlik ishlari hamda shahar va qishloqlar qiyofasini tabiat chiroyini saqlab qolgan holda zamonaviy inshootlar qurish orqali o‘zgartirish ishlari olib borilmoqda.

Har qanday rivojlangan demokratik davlatda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham bo‘lajak saylovlarda barcha siyosiy partiyalar vakillarining ishtirok etishlari ushbu jarayonning barcha ishtirokchilariga bir xil sharoit yaratish qoidasiga qat'iy amal qilinganligidan dalolat beradi. Aminmanki, bu safar ham barcha nomzodlar saylovoldi kampaniyasi jarayonida ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda teng imkoniyatlarga ega bo‘lishadi. Xususan, saylovchilarni mamlakatni ijtimoiy-siyosiy hamda iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘z qarash va harakat yo‘nalishlarini qamrab olgan saylovoldi dasturi bilan tanishtirish uchun bir xil hajmda efir vaqti va chop etish maydoni ajratiladi.

Avvalgi saylovlarda davomat yuqori bo‘lgani respublika fuqarolarining  davlatchilikni mustahkamlash, kuchli parlamentarizm institutini shakllantirish yo‘lida o‘z hissalarini qo‘shish istaklari hamda mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga bo‘lgan yuqori xohishlarini ko‘rsatib bergandi. Saylovni muvaffaqiyatli ravishda o‘tkazib olishni tilayman", degan u.

Mavzuga oid