Jahon | 21:28 / 27.10.2016
9001
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya TIV: Biz Idlibdagi maktabga hujumga aloqador emasmiz

Foto: AFP

Rossiya 20 nafardan ortiq bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan Idlib viloyatidagi maktabga berilgan zarbaga aloqador emas. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarovaga asoslanib, «Vesti.Ru» xabar bergan.

«Rossiya bu dahshatli fojiaga olib kelgan hujumga hech bir jihatdan aloqador emas», — degan u.

Zaxarova shuningdek, Rossiya tomoni bu voqea bo‘yicha sinchkovlik bilan tekshiruvlar o‘tkazilishini talab etishini ma'lum qilgan.

Bundan oldinroq BMT bolalar jamg‘armasi (UNICEF) ijrochi direktori Entoni Leyk Suriyaning Idlib shahridagi maktabga nisbatan uyushtirilgan bir nechta aviazarba oqibatida 22 nafar bola va olti nafar o‘qituvchi halok bo‘lganligini ma'lum qilgandi.

Idlib viloyati Suriya muxolifati nazoratida bo‘lib, turli manbalar 27 oktabrga o‘tar kechasi berilgan havo zarbasi Rossiya va Suriya hukumati tomonidan amalga oshirilganini bildirgan.

O‘z navbatida, Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vitaliy Churkin Idlibdagi maktabga zarba berilganligi haqidagi xabarni dahshatli deb atab, bu bo‘yicha Rossiya tomonining izohini kutishga chaqirgandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid