Jamiyat | 21:42 / 28.10.2016
27722
5 daqiqa o‘qiladi

Irim – bir chohdan qochib, ikkinchisiga qulash demakdir

Dinimiz irimdan qaytaradi. Safar oyida safarga chiqib yoki to‘y qilib yoki ko‘ch ko‘tarib bo‘lmaydi, degan gaplar irimdir. Abu Hurayradan roziyallohu anhu rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kasallikning yuqishi yo‘qdir. Irim qilish yo‘qdir, ruhlarning qushga aylanishi yo‘qdir, urush man qilingan oyni keyinga surish yo‘qdir”, deganlar. Bu haqda Mehrob.uz yozmoqda.
 
Kishi Allohning irodasi bilan kasal bo‘ladi. Darhaqiqat, biz har xil kasalliklardan ehtiyot bo‘lib yurgan ko‘plab odamlarning kasal bo‘lganini, doimo kasallar orasida aralashib yuradigan kishining (masalan, do‘xtirning) mutlaqo kasal bo‘lmasligini kuzatishimiz mumkin.

Johiliyat davrida arablar biron ish qiladigan bo‘lsa, avval qush uchirib ko‘rishardi. Qush o‘ng tomonga uchsa, o‘sha ish yaxshi bo‘ladi, deb uni qilishar, agar qush chap tomonga uchsa, irim qilib, bu ishda yaxshilik yo‘q ekan, deb tark etishar, agar qush to‘g‘riga uchsa, boshqatdan uchirib ko‘rishar edi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam barcha irimlar tavhidga zid deb e'lon etdilar.

Islomdan avval biron-bir kishi o‘ldirilsa, uning ruhi qushga aylanib uchib yuradi, toki uning qasosi olinmagunicha u ruh azobda bo‘ladi, degan noto‘g‘ri tushuncha bor edi va juda ko‘p urush-janjal, o‘ldirish, qon to‘kish mana shu noto‘g‘ri aqida natijasida yuz berar edi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam buni butunlay inkor qildilar. Bizning diyorlarda ham ruh kapalak bo‘lib yo boshqa holatda xonadonga kelib turadi, payshanba kuni dasturxonlar tepasida hozir bo‘ladi, degan tasavvur yoyilgan. Bu qarash ham butunlay noto‘g‘ridir.

Anas ibn Molikdan roziyallohu anhu rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam marhamat qiladilar: “Kasallikning yuqishi yo‘qdir. Irim yo‘qdir. Men falni yaxshi ko‘raman”. Shunda sahobalar: “Fal nima?” deb so‘rashdi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Yaxshi so‘z”, deb javob berdilar.

Masalan, bir bemorni ko‘rishga bordingiz. Ahvoli og‘ir. Uning holi ertaga nima bo‘lishini bilmaysiz. Yashab ketadimi, jon topshiradimi – qorong‘i. Lekin siz unga baribir “Xudo xohlasa, tuzalib ketasiz”, deysiz. Ana shu fal degani. Ya'ni, bemorni ko‘rishga borilsa, yaxshi umidda: “Siz tuzalib ketasiz”, deb ko‘ngli ko‘tariladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shuni yaxshi ko‘rganlar.

Biz nima uchun irim qilamiz? Biron-bir xatarning go‘yo oldini olish uchun shunday qilamiz. Go‘yo shu oyda bir baloga uchramay deb to‘y yoki safar qilmaslik bilan yomonlikdan o‘zimizni himoyalamoqchi bo‘lamiz. Lekin bilmaymizki, bu ishimiz bilan yomonlikning ustida turibmiz. Buning misoli bir oyog‘ini olovdan saqlab, ikkinchi oyog‘ini olovga tashlashday gap. Kishi irim qilib o‘z boshiga bir yomonlikni olib kelishi mumkin. Irim qilishdan, uning yomon oqibatlaridan qo‘rqishimiz kerak.

Agar aqidamiz mustahkam bo‘lsa, unga muvofiq hayot kechirsak, barcha ishlarimiz xayrli bo‘ladi.

Alloh taolo aqidamizni mustahkam qilsin. Zero, sof islomiy aqida insonni mard etadi, xulqi, axloqi, ma'naviyati, madaniyatini ziynatlaydi.
 
Rahmatulloh SAYFUDDINOV
Yunusobod tumani bosh imom-xatibi,
Toshkent Islom Instituti o‘qituvchisi,
«Mirza Yusuf» jome masjidi imom-xatibi

Mavzuga oid