Jahon | 18:40 / 05.11.2016
8469
2 daqiqa o‘qiladi

Pekin aeroportida deyarli 500 ta reys bekor qilindi

Foto: © RIA

Pekindagi Shoudu xalqaro aeroportida 5 noyabrda kuchli smog va bulutlilik tufayli kamida 494 ta reys bekor qilindi, deb xabar bermoqda Xitoy xalqaro radiosi. 

Aeroport ma'lumotlariga ko‘ra, mahalliy vaqt bilan soat 17.00da belgilangan manzilga 43 foizgina samolyotlar uchib keta olgan. Aeroport ma'muriyatining ma'lum qilishicha, smog kamayishi bilan aviaaloqa izga tusha boshlaydi. Bir necha ichki va xalqaro reyslar ham bekor qilingan. Pekinning bir necha tumanlari va yon-atrofidagi shaharlarda ko‘rinish darajasi 200 metrdan ko‘pni tashkil qilmagan.      

Pekinda 5 noyabrda smog tufayli trevoganing yuqori – "zarg‘aldoq" darajasi e'lon qilingan. Biroq shu kuni kechroq trevoga darajasi "sariq" darajagacha pasaytirilgan. 

Xitoyda havoning ifloslanishini aniqlashning 4 pog‘onali tizimi 2013 yilda kiritilgan. Belgilangan qoidalarga ko‘ra, mahalliy ma'muriyatlar kuchli smog uch kundan ko‘proq davom etsa xavflilikning eng yuqori darajasi – "qizil"ni, 3 kun davom etsa – "zarg‘aldoq", 2 kun davom etsa – "sariq" va bir kun davom etsa "ko‘k" darajani e'lon qiladilar. 

 

Mavzuga oid