Jahon | 12:05 / 13.11.2016
5953
3 daqiqa o‘qiladi

Indianapolisda Trampga qarshi norozilik namoyishlari vaqtida 2 politsiyachi jarohatlandi

Foto: AFP

Indianapolisda AQShning yangi saylangan prezidenti bo‘lmish respublikachi Donald Trampga qarshi 12 noyabr kuni o‘tkazilgan norozilik namoyishlari vaqtida ikki nafar politsiyachi yengil jarohatlar olgan. Bu haqda Indy Star xabar berdi.

Trampga qarshi namoyishda asosan qora tanlilar, muhojirlar va jinsiy ozchilikni tashkil etuvchi qatlamlar ishtirok etgan. Namoyishchilarning asosiy shiori - «Sevgi nafratni yengadi» (Love trumps hate, trump so‘zi — karta o‘yinidagi krit holatini anglatadi).

Namoyishlar avvaliga tinch ruhda kechgan, ammo politsiyachilar to‘planganlarga qarshi ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz qo‘llagach, tartibsizliklar boshlangan. Aynan qanday vaziyatda to‘qnashuv boshlanganiga aniqlik kiritilmagan.

Kechqurun shtatdagi tepalik oldida 500 kishi to‘plangan. Miting ishtirokchilari Trampga qarshi qo‘shiqlar kuylashgan va nutqlar irod qilishgan. Keyin esa namoyishchilar guruhlarga bo‘lingan holda shahar ko‘chalari bo‘ylab harakatlana boshlashgan. Politsiyachilar yo‘llarni to‘sishgan.

Miting soat 20:00gacha davom etishi belgilangandi, ammo odamlar tarqalishni istashmagan. Shu vaqtda  politsiya odamlardan ko‘chalarni bo‘shatib qo‘yishni talab qila boshlagan. 15 daqiqa o‘tib esa, politsiya bilan to‘qnashuvlar boshlangan.

Odamlar politsiyachilarga qarshi shunday hayqiriqlar aytishgan: «Qora tanlilarning ham yashashga haqqi bor», «Qo‘llaringizni ko‘taring, otmang».

Aktsiya yakunida 7 kishi qo‘lga olingan, ulardan 3 nafari shaharda yashamasligi ma'lum bo‘lgan.

Trampning saylovdagi g‘alabasi amerikaliklar orasida keskin noroziliklar uyg‘otdi. Atlanta, Mayami, Nyu-York, San-Frantsisko, Portlend (Oregon) va Filadelfiyada bir necha kundan buyon namoyishlar davom etmoqda.

8 noyabr kuni o‘tkazilgan AQSh prezidenti saylovida Respublikachilar partiyasi nomzodi saylov hay'atining 290 ovozini olgan holda (g‘alaba uchun 270 ovoz ham yetarli bo‘lardi - tahr.) g‘alaba qildi. Uning raqibi, Demokratik partiya nomzodi Hillari Klinton faqat 228 ovoz to‘pladi.

Mavzuga oid