Jahon | 21:43 / 17.11.2016
28959
2 daqiqa o‘qiladi

Audio: Qirg‘iziston "prezidenti" hamda Ukraina rahbari o‘rtasida kechgan telefon suhbatining to‘liq hajmi

«Pranker Vovan» taxallusi bilan tanilgan Vladimir Kuznetsov YouTube portalidagi kanalida Ukraina prezidenti Petro Poroshenko bilan suhbati yozilgan 15 daqiqalik audioyozuvni joylashtirdi. Pranker (telefon orqali odamlarni hazil yuzasidan chuv tushiradigan kishi) o‘zini Qirg‘iziston rahbari Almazbek Atambayev sifatida tutgan va Poroshenkodan Kiyevning MDHdagi pozitsiyasi bo‘yicha qiziqqan. «Prezidentlar suhbati» prankerning feysbukdagi sahifasiga ham joylashtirilgan.

«Rossiya yetakchi rol o‘ynaydigan MDH doirasida hamkorlik borasida qarama-qarshi qarashlar paydo bo‘lgan. Hozirda men Hamdo‘stlikda Ukrainaning ishtiroki darajasini kamaytirganman, biz siz bilan xavfsizlik va siyosiy sohalarda hamkorlikni to‘xtatganmiz. Ammo men navbatdagi qadamni tashlashga shoshilmagan bo‘lardim», — deya prankerning savoliga javob qaytargan hamsuhbat.

Bundan tashqari, Kuznetsov ukrainlar prezidentiga Lipetskdagi Roshen zavodida spekulyatsiyadan qochish maqsadida «o‘z odamlari» yordamini taklif etgan.

«Yuboring, bu masalada gaplashib ko‘ramiz. Kimni yuborishingizni ayting. Elchi yoki kimdir, men belgilab qo‘yaman. Bu masala xususida ishlaymiz», — deya javob qaytargan Ukraina prezidenti.

Qirg‘iziston prezidenti bilan muloqot o‘tkazilgani haqidagi ma'lumot Ukraina prezidenti saytiga 2 noyabr kuni joylashtirilgandi. Bu ma'lumot Poroshenkoning saytidan tez orada olib tashlandi, ammo «112 Ukraina» telekanali bu xabar skrinshotini namoyish qilgandi.

Mavzuga oid