Isroil uchinchi kundirki o‘rmon yong‘inlari qurshovida
22 noyabr seshanba kunidan boshlangan o‘rmon yong‘inlari Isroil uzra tarqalmoqda. Bunga, ikki oydan beri davom etgan qurg‘oqchilik va kuchli shamol esayotgani sabab qilib ko‘rsatilmoqda. U 24 va 25 noyabr kunlari ham davom etilishi kutilayapti, deb yozmoqda Haaretz gazetasi.
Uchinchi kundan beri davom etayotgan dahshatli yong‘inlar tufayli Isroil shimolidagi o‘n minglab aholi zudlik bilan xavfsiz joylarga ko‘chirilayotgani xabar qilinmoqda.
Isroil xavfsizlik idoralarining ayrim xodimlari, ushbu yong‘inlar siyosiy maqsadda qasddan o‘t qo‘yish natijasida yuz berganini taxmin qilishmoqda. Biroq, shu bilan birga, yirik tashkilotlar qo‘li borligi inkor qilinmoqda.
Isroil jamoat xavfsizligi vaziri Gilad Erdan so‘zlariga ko‘ra, ikki oydan beri davom etgan qurg‘oqchilik tufayli yuz bergan yong‘inlar, kuchli shamol sababli hafta oxiri va kelasi haftada ham davom etishi mumkin.
24 noyabrda Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali suhbatlashgan bosh vazir Benjamin Netanyahuning aytishicha, Rossiya rahbari zudlik bilan alangaga qarshi kurashishda yordam berish uchun ikkita Be-200 samolyotlarini yuborishini bildirgan. Turkiya rahbariyati ham Gretsiya, Italiya, Xorvatiya va Kipr hukumatlari bilan birga yong‘inga qarshi kurashda yordam berishini ma'lum qilgan. Shu bilan jami 10ta samolyot Isroilga kelishi kutilmoqda.
Mamlakat shimolidagi Hayfa shahrida bir necha yo‘llar va maktablar yopilgan, o‘n minglab kishilar ko‘chirilishi e'lon qilingan. Hayfa universiteti ham ko‘chirilayotgani aytilmoqda.
Shahar hokimi Yonah Yahavning Channel 2 TV telekanaliga bergan intervyusida aytishicha, shaharning bir necha hududida yong‘in qayd etilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, yong‘inlardan biriga, sanoat hududida sigareta qoldig‘ining ehtiyotsizlik bilan yoqilg‘i va tez yonuvchi suyuqliklar yaqiniga tashlangani sabab bo‘lgan. Shundan so‘ng, alanga katta sur'atlarda qurib qolgan daraxtlar va o‘simliklarni o‘z domiga torta boshlagan.
Shu bilan birga, mamlakat janubiy tumanlarida ham bir necha alanga o‘choqlari aniqlangan va ularga qarshi kurash davom ettirilmoqda.