Sport | 19:36 / 01.12.2016
13925
2 daqiqa o‘qiladi

«Shapekoense»ning safaridan qolib ketgan darvozabon futboldan ketdi

«Shapekoense» klubi darvozaboni Nivaldo o‘z faoliyatini yakunlaganini e'lon qildi.

Daily Mail nashrining yozishicha, 42 yoshli futbolchi «Shapekoense» maydonida kechadigan javob o‘yinida jamoa tarkibidagi 300-o‘yinni o‘tkazib, faoliyatini yakunlashni rejalashtirgandi. U shu sababli ham jamoa bilan Sudamerikana turnirining birinchi finali o‘yini uchun Kolumbiyaga uchib ketmagan.

«Men jamoa bilan uchishim kerak edi. Ammo qolishga qaror qilgandim. Hammada o‘z sababi bo‘ladi.

Yakshanba kuni «Palmeyras»ga qarshi o‘yinga ham bormagandim va 300-o‘yinimni «Atletiko Mineyro»ga qarshi o‘z maydonimizda o‘tkazishni va keyin faoliyatimni yakunlashni niyat qilgandim.

Rejalar o‘zgarib ketdi. «Palmeyras»ga qarshi o‘yindan keyin jamoa Shapekoga qaytmasdan to‘g‘ri Medelinga yo‘l olgan. Shu tufayli men bu safardan qolib ketganman», – degan Nivaldo.

Aviahalokatdan so‘ng karaxt ahvolga tushgan Nivaldo so‘nggi turni kutib o‘tirmasdan, faoliyatini yakunlaganini e'lon qildi. Bunda u ko‘z yoshlarini tiyib turolmadi.

Nivaldu jamoa safida 2006 yildan buyon to‘p surib kelgan. Uning jamoa bilan o‘tkazgan o‘yinlari soni 298taligicha qoldi.

Mavzuga oid