Sport | 20:14 / 05.12.2016
8642
15 daqiqa o‘qiladi

O‘yin tahlili: «Siti»ni yenggan «Chelsi» chempionlikka asosiy da'vogarmi?

Bitta gapga qo‘shilaman: «Chelsi» APLda chempionlik uchun eng asosiy da'vogar. Rostan ham aynan Antonio Konte jamoasi qisqa vaqtda ko‘rsatgan o‘yinlari bilan bunga tez ishontira oldi. Oltita o‘yinda birorta gol o‘tkazmasdan g‘alaba qozongan jamoa, tushunarliki, eng yaxshi sport formasida, o‘yin o‘xshab turibdi. Jamoa ustunlik qilib g‘alaba qozonyapti. Lekin har bir jamoada bo‘lgani kabi pasayish davri kuzatilganda, yoki umuman o‘yin chiqmaganda «Chelsi» qanaqa ko‘rinishda bo‘ladi? Aynan mana shu savol oxirgi ikki o‘yindan oldin dolzarb bo‘lib turgandi. Konte ko‘rsatdiki, jamoa har qanday sharoitga tayyor. Jamoa o‘yinni taktik jihatdan yutqazib ham natija erisha olishini isbotladi. «Tottenhem»ga qarshi birinchi bo‘lim, «Siti» bilan butun o‘yinni taktika jihatdan boy bergan jamoa, natija jihatdan maksimal ochko bilan chiqib ketdi.

Albatta, «Siti»ga qarshi o‘yinda «Chelsi» qarshi hujumda o‘ynadi, vaziyatlardan foydalandi, ya'ni jamoaning bu o‘yinga tanlagan taktikasi shunaqa edi, deyishingiz mumkin. Lekin londonliklarning birinchi goligacha bo‘lgan vaziyatlarni ko‘rib chiqsak, bunday xulosaga kelmaymiz. «Manchester Siti» himoyaga yotib olgan jamoa mudofaasini yorib o‘tishga, vaziyat yaratishga qiynalmadi. Gvardiola jamoasida hammasi o‘xshadi. Vaziyatlar yaratildi. Raqib himoyasidagi qo‘pol xatolardan foydalanish imkoniyati bo‘ldi. Lekin ulardan foydalanishda jamoaga omadmi, bilmadim xullas, yakun yetishmadi. Gap bu yerda faqatgina «Siti»ning vaziyatlar yaratganida emas, balki maqtalgan «Chelsi» himoyasini bir necha marta osonlik bilan buzib o‘tganida, golli vaziyat yaratgandayam yuz foiz gol bo‘lishi kerak bo‘lgan vaziyatlarga ega bo‘lganida. De Bryuyne yoki Agueroda yuzaga kelgan vaziyatlarni eslang. So‘nggi zarbadan boshqa hammasi ideal ko‘rinishda amalga oshirildi. Faqat shunchaki to‘p darvozaga kiritilmadi. Agar o‘sha gol bo‘lishidan ko‘ra, bo‘lmasligi qiyinroqdek ko‘ringan vaziyatlardan Gvardiola jamoasi foydalanganda bugungi maqolamizda Konte so‘zi bu qadar ko‘p ishlatilmasdi, menimcha.

Raqib vaziyatlardan foydalana olmagani bu «Chelsi»ning aybi emas. Kontening yutug‘i ham shunda ediki, jamoa mana shunday holatga tushib qolganida (plyus hisobda ortda qola turib) ham o‘ziga kelishni uddaladi. Kerakli natijani qo‘lga kirita oldi.

O‘yin chizmasi

Endi bevosita o‘yin ichiga kirishga harakat qilamiz. Konte kutilganidek o‘ziga 7 uchrashuvdan buyon g‘alaba keltirayotgan o‘yin uslubida uchrashuvni boshladi. Birgina «syurpriz» maydonga tusha olmasligi ma'lum bo‘lgan Matich o‘rnida Fabregas paydo bo‘ldi. Xosep Gvardiolaning asosiy o‘yin g‘oyalarida 4-3-3 chizmasidan foydalanishiga qaramay, bu safar jamoa raqibdan kelib chiqib unga kontrtaktika rejasi bo‘yicha 3-4-3 sxemasidan foydalandi. Bu Gvardiolaning APLda bor-yo‘g‘i ikkinchi marta qo‘llayotgan uslubi bo‘lsa ham, muhim o‘yinda Pep tavakkalga borishdan cho‘chimadi. Hozircha butun jamoada ikkitagina haqiqiy markaziy himoyachiga ega bo‘lgan Gvardiola uchinchi markaziy himoyachi roliga mavsum boshidan buyon ko‘p foydalanayotgani Aleksandr Kolarovdan foydalandi.

Konte 3-4-3 sxemasidan, Gvardiola foydalangan «3-4-3» farqi shunda ediki, zaruriyat tug‘ilib, xuddi shu tarkibdan, misol uchun, 4-3-3 sxemasini tuzish kerak bo‘lib qolsa, Konteda barcha futbolchi o‘zi o‘rgangan pozitsiyada joylashib o‘yinni davom ettira olishi mumkin edi. Ya'ni tarkibda haqiqiy to‘rtta himoyachi bor edi. Aspelikueta markaziy himoyaga yaqinroq, Alonso chap qanot yarimhimoyasiga yaqinroq o‘ynayotgan bo‘lsada, aslida ular butun faoliyatini qanot himoyachilari sifatida o‘tkazishgan. To‘rtta himoya bilan o‘ynagan jamoa tarkibida qanot himoyasida paydo bo‘lgan. Bu tarafdan Gvardiola jamoasida esa ikkita markaziy himoyachi, faoliyatini katta qismini raqib jarima maydoni yaqinida o‘tkazgan Kolarov bor edi, xolos. Himoyaga yordam berishi kerak bo‘lgan ikki qanot vakili Sezar Navas va Leroy Sanelar esa odatda 3ta hujumchi bo‘lib harakat qilganda qanot vingerlari sifatida o‘ynagan bo‘lishi mumkin, lekin hech qachon himoyaga yordamchi kuch sifatida foydalanilmagandi. Vaqti kelganda hujumchi ampluasida o‘ynagan olti nafar futbolchi bir vaqtning o‘zida maydonga tushirildi. Bir so‘z bilan aytganda «Siti»da tarkib superhujumkor ko‘rinish olgandi.

Birinchi bo‘lim

O‘yinning boshidan manchesterliklar hujumga ko‘proq e'tibor qaratdi. Ayniqsa De Bryuyne to‘p suradigan jamoada (De Bryuynening eng yaxshi (sermahsul) o‘yinlari aynan u markazda, o‘ng qanotga yaqin, yarimqanot o‘yinchisi sifatida nominal o‘ng qanot vakili bilan o‘zaro sheriklikda o‘ynaganlari bo‘lib turibdi)  asosiy ustunlik bo‘ladigan o‘ng qanotdan jamoa tinmasdan vaziyatlar yaratishga urindi. Quyida berilgan tasvir ham uchrashuvning birinchi bo‘limidan olingan. Unda «Manchester Siti» tashkil qilgan hujumlarning foizini ko‘rishingiz mumkin. Navas-De Bryuyne tandemi Alonso qanotiga umuman tinchlik bermadi natijada o‘yinning ko‘p qismini orqa chiziqda o‘tkazishiga to‘g‘ri keldi.

«Chelsi»da ham o‘ng qanot yaxshi ishladi. Birinchi bo‘limda bu ko‘proq orqa chiziqda ko‘zga tashlandi. Kontening ampluadagi kashfiyoti Mozes xuddi ancha yillardan buyon himoyada o‘ynab kelayotgandek taassurot qoldirdi. Pedro bilan sherikchilikda ular hujumlarni tashkil qilishda ham, himoyalanishda ham o‘zlarining eng yaxshi o‘yinlaridan birini o‘tkazishdi. «Chelsi»ning g‘alaba formulasi uzun va o‘rta masofalarga havolatib beriladigan paslar orqali qarshi hujumlar tashkil etishdan iborat edi. Birinchi bo‘limda jamoa yaratgan eng xavfli vaziyat ham aynan shu uslubda Aspilikuetaning Azarga havolatib bergan pasidan keyin yuzaga kelgandi. Umuman olganda aynan Aspilikueta jamoa himoyadan hujumga chiqishida asosiy dispetcher vazifasini o‘taganini ta'kidlash joiz. Butun o‘yin davomida 45 uzatma (86,7% aniq) amalga oshirgan Sesar bu borada faqatgina Fabregasdan va Alonsodan ortda qoldi. Uning himoyadagi sheriklari Keyxill va Luisda bu ko‘rsatkich ancha kamtarona ekanini ham ko‘rishimiz mumkin: mos ravishda 34 (85,3%) va 34 (76,5%) uzatmalar.

Gol kiritilgan vaziyatga kelib «Siti» ustunligi sezilarli darajaga chiqqandi. Uzoq vaqt to‘pni egallash bo‘yicha tenglik kuzatilib, birinchi bo‘lim so‘ngida bu ko‘rsatkich mezbonlar foydasiga 56%-44% ko‘rinishni olgandi. Yana o‘sha eng o‘tkir hujumlar rivojlanayotgan o‘ng qanotdan oshirilgan to‘pni Keyxill zararsizlantirishga urinish chog‘ida o‘z darvozasiga kiritib qo‘ydi. Mantiqan olib qaraganda bu gol aynan «Chelsi» darvozasiga kiritilishi kerak edi.

O‘xshamagan total ustunlik

Konte fenomenining eng asosiy jihatlaridan biri shunga asoslanganki, agar jamoasi o‘yinida nimadir o‘xshamasa, yoki ssenariy u o‘ylagandek kechmayotgan bo‘sa ham o‘z qarashlaridan, aniq o‘yinga tanlagan, aniq taktikasidan voz  kechmaydi. Mana ikki o‘yindirki jamoa buning ijobiy natijasidan bahramand bo‘lib turibdi. «Chelsi» ochko yo‘qotishi kerak deb qaralgan uchrashuvlardan keyin eng yaqin ta'qibchisini 3 ochkoga ortda qoldirib peshqadamlikni davom ettirmoqda.

Konte ikkinchi bo‘limda ham hech narsani o‘zgartirmadi. Gvardiolaga esa shundoq ham biror jihatni o‘zgartirish zarurati yo‘q edi. To‘g‘ri Konte baribir 51 daqiqada og‘riq bilan o‘ynayotgan Pedro o‘rniga Villianni tushirdi. Biroq braziliyalik futbolchining vazifasi o‘zgarmadi: u Mozes bilan sheriklikda o‘ng qanot himoyasi va hujumini bog‘lab turdi.

 

Aynan mana shu daqiqalarda o‘yinning kulminatsion nuqtalari o‘tdi. «Siti» «Barselona»ga qarshi uydagi o‘yin kabi ikkinchi bo‘limning dastlabki daqiqalarida katta kuch bilan oldinga intildi. Raqibni bir zum bo‘lsada ko‘z ochirishga yo‘l qo‘ymadi. Eng maqtalgan himoya chizig‘ini butunlay sarosimaga tushira oldi. Ammo so‘nggi zarbalar bo‘yicha ularga omad yetishmadi. De Bryuyna 60-70 santimetr masofadan to‘sinni nishonga oldi. Aguero himoyaga uyushtirgan bosimi natijasida bo‘sh qolgan darvoza qarshisida qolgandi, undan ham foydalana olmadi. Umuman argentinalik hujumchini uchrashuvning eng omadsiz futbolchisi deyish mumkin. U tomonidan o‘yin davomida berilgan 6ta zarbadan 3tasi yaqqol golli vaziyatlar sifatida statistikadan o‘rin oldi. Lekin bularning birortasi natijaga ta'sir ko‘rsatadigan sermahsullikni bermadi.

 

Burilish nuqtasi

Raqibning bir necha o‘ta xavfli vaziyatlaridan qutulib qolgan «Chelsi» o‘yindagi asosiyqurolidan foydalandi. Shu vaziyat yaratilishini jamoa bir soat davomida kutdi. To‘p xuddi italyancha uslubda hujumchiga yetib bordi. Fabregas 40 metrlar masofadan havolatib to‘pni Diyego Kostaga berdi, hujumchi birgina harakat bilan Otamendini chalg‘itdi va gol urdi. Gol kiritilgan vaziyatda uzatma shunchalik chiroyli va o‘z vaqtida amalga oshirildiki, tasvirda ko‘rib turganingizdek Kosta va uni qo‘riqlayotgan Otamendi bilan «Siti» himoya chizig‘i orasida shu qadar katta masofa qolishiga sababchi bo‘ldi.

Golga pas bergan Fabregas haqida alohida to‘xtalib o‘tsa arziydi, Tayanch yarimhimoyasida o‘ynagan ispaniyalik futbolchi bu kecha juda katta hajmdagi ish bajardi. Maydonda 50dan ortiq uzatma amalga oshirgan Sesk (shu darajada to‘p bilan muomala qiladigan raqibga qarshi bu juda yaxshi natija) ularning 90% foizini aniq manzilga yetkazib berdi. Masalan Kante o‘yinda bir necha bor raqib jarima maydonida paydo bo‘lganini ko‘rgan bo‘lsakda, Sesk deyarli oldingi chiziqda paydo bo‘lmadi.

Ikkinchi gol kiritilgan vaziyat. Gvardiola Sane o‘rniga Klishini tushirdi. Gael endi qanot bo‘ylab ham himoya va hujumlarni tashkil qilishi lozim ediAynan mana shu qanotdan «Chelsi» ikkinchi golni kiritdi. Azar maydon markazida Kostani topdi. Kosta bu safar bir harakat bilan Otamendini ortda qoldirdi va tezlik olgan Villianning yo‘liga to‘pni tashlab berdi.

Shundan so‘ng «Chelsi» o‘yinning butunlay xo‘jayiniga aylanib oldi. Kosta o‘rniga Nata Chaloba tushirilib, mehmonlar 3-4-3 sxemasidan 3-5-2 ko‘rinishiga o‘tishdi va bunda asosan 5-5 ko‘rinishida himoyalanishda foydalanishdi. Faqatgina Azar va Villian vaqti kelganda qarshi hujumlarni tashkil qilish uchun oldinroqda paydo bo‘lib turishdi.

Vaziyatni o‘z tomoniga og‘dirib olgach, «Chelsi» italyancha super himoyaning namunaviy ko‘rinishini taqdim etdi. Raqib hujum qilgan zahoti ikki qavatda iborat zich himoya.

Gvardiola esa vabankka borishga majbur bo‘ldi. Stounz maydondan olinib uning o‘rniga yana bir nominal hujumchi Kelechi Ixeanacho tushirildi. Biroq aynan mana shu o‘zgarish «Siti»ning foydaasidan ko‘ra ko‘proq zarariga ishladi. «Chelsi»ning zich himoyasi yorib o‘tib xavfli vaziyatlar yaratilmadi. Kelechi tomonidan yo‘qotilgan to‘p xuddi birinchi va ikkinchi goldagi kabi vaziyatga sababchi bo‘ldi. Alonso birgina pas bilan Azarni raqib darvozaboni bilan yakkama-yakka vaziyatda qoldirdi – 1:3.

«Chelsi» o‘z o‘yini bilan yana bir bor Angliya chempionligi uchun asosiy da'vogar ekanini ko‘rsatdi. Gvardiola jamoasi esa o‘zi qurgan ssenariy asosida kechayotgan o‘yinni boy berdi. Yuz foiz uch ochko olishiga kerak bo‘lgan o‘yinni yutqazish bilan birga, ikkita asosiy o‘yinchilari Aguero va Fernandinosiz keyingi o‘yinlarni o‘tkazishga mahkum. Pep hozircha chiroyli o‘yindan tashqari muhim o‘yinlarda kerakli natijani qo‘lga kiritishni ham o‘rganishi kerak. Buning uchun ularni oldinda yana bir sinov kutib turibdi. «Arsenal»ga qarshi ikki asosiy tarkib futbolchilarisiz qanday jamoani ko‘rishimizni tez orada bilib olamiz.

Muallif: ‏@murodov_ 

Mavzuga oid