O‘zbekiston | 08:40 / 07.12.2016
77858
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston jamoat joylarida kashanda va spirtli ichimlik ichganlarga jarimalar tasdiqlandi

Kelasi yilning bahoridan boshlab, O‘zbekistondagi jamoat joylarida tamaki mahsulotlari chekish va spirtli ichimliklarni ichish taqiqlanganidan ogohlantiruvchi belgilar paydo bo‘ladi. Respublika sog‘liqni saqlash vazirligi buyrug‘i bilan alkogol va tamaki mahsulotlari iste'mol qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydigan ogohlantiruvchi hamda tamaki mahsulotini iste'mol qilish uchun maxsus ajratilgan joy yoki xona haqida axborot beruvchi belgilarni tayyorlash hamda ularni joylashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqladi. Hujjat 2017 yil mart oyidan boshlab kuchga kiradi. Nizomning to‘liq matni www.Lex.uz saytida joylashtirilgan

Unga ko‘ra, alkogol va tamaki mahsulotlari iste'mol qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydigan ogohlantiruvchi hamda tamaki mahsulotini iste'mol qilish uchun maxsus ajratilgan joy va (yoki) xona haqida axborot beruvchi belgilarni tayyorlash hamda ularni joylashtirish korxona, muassasa, tashkilot rahbari, ish beruvchi yoki bino yoxud obektlardan foydalanayotgan yuridik yoki jismoniy shaxslar tomonidan mazkur Nizomga muvofiq tashkil etiladi.

Spirtli ichimlik iste'mol qilish taqiqlanganidan ogohlantiruvchi belgi ish joylarida, ko‘chalar, stadionlar, xiyobonlar, istirohat bog‘larida va boshqa jamoat joylarida, shuningdek, alkogol mahsulotini quyib sotishga ruxsat etilmagan savdo va umumiy ovqatlanish obektlarida (to‘ylar, yubileylar va boshqa tantanalar hamda marosimlar o‘tkaziladigan joylar, shuningdek, alkogol mahsulotini quyib realizatsiya qilishga ruxsat etilgan savdo va umumiy ovqatlanish obektlari bundan mustasno) barcha uchun ko‘rinadigan joylarda joylashtirilishi lozim. 

Unda alohida qayd etilishicha, bu belgilar havo kemalaridan boshqa barcha jamoat transportlarida o‘rnatiladi. 

Tamaki mahsuloti iste'mol qilish mumkin emasligidan ogohlantiruvchi belgi ish joylarida, sog‘liqni saqlash, ta'lim, sport-sog‘lomlashtirish muassasalarida, yong‘in chiqish xavfi bo‘lgan joylarda, shu jumladan, avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalarida va boshqa jamoat joylarida (tamaki mahsulotini iste'mol qilish uchun maxsus ajratilgan joylar va (yoki) xonalar bundan mustasno) barcha uchun ko‘rinadigan etib joylashtirilishi lozim. 

Bu belgi mahalliy va uzoq masofaga qatnaydigan poyezdlarda, daryo kemalarida (tamaki mahsulotini iste'mol qilish belgilanmagan joylarda), shahar atrofiga qatnaydigan poyezdlarning vagonlarida (shu jumladan tamburlarida), shahar ichida, shahar atrofiga, shaharlararo va xalqaro yo‘nalishlarda qatnaydigan avtobuslarda, shuningdek, yo‘nalishli va yo‘nalishsiz taksilarda hamda shahar elektr transportida barcha uchun ko‘rinadigan joylarda joylashtiriladi.

Tamaki mahsuloti uchun maxsus ajratilgan joy haqida axborot beruvchi belgi tamaki mahsulotini iste'mol qilish uchun maxsus ajratilgan joyda (xonada) joylashtiriladi. Tamaki mahsulotini iste'mol qilish uchun maxsus ajratilgan joylar va (yoki) xonalar korxona, muassasa, tashkilot rahbari, ish beruvchi yoki bino yoxud obektlardan foydalanayotgan yuridik yoki jismoniy shaxslar tomonidan tashkil etilishi mumkin.

Alkogol va tamaki mahsulotlari iste'moli taqiqlanganidan ogohlantiruvchi matnli belgilarda, shuningdek, ushbu qoidabuzarlik uchun qo‘llaniladigan jarima miqdori va jarimaga asos bo‘ladigan ma'muriy huquqbuzarlik bandi keltiriladi. 

Shunga ko‘ra, ushbu Nizom talablarini buzgan shaxslarga nisbatan ma'muriy jazo sifatida jarima miqdori ham tasdiqlangan. 

Endilikda, alkogol mahsuloti iste'mol qilish taqiqlangan joyda bunday mahsulotni iste'mol qilgan shaxsga birinchi martasida eng kam oylik ish haqining ½ miqdorida, ikkinchi martasida eng kam oylik ish haqining ½ miqdorida jarima yoki 15 kunga ozodlikdan mahrum etish jazosi qo‘llanilishiga olib kelishi mumkin. 

Tamaki mahsuloti iste'moli taqiqlanganligi qoidasiga amal qilmagan shaxsga eng kam oylik ish haqining 1/3 miqdorida jarima solish jazosi qo‘llaniladi. 


 

Mavzuga oid