Light | 20:54 / 10.01.2017
35218
5 daqiqa o‘qiladi

Dunyoning aholi eng zich joylashgan oroli - Mgingo

Mgingo oroli Afrikadagi Viktoriya ko‘lida joylashgan. Uning maydoni - 1,8 ming kvadrat metr atrofida bo‘lib, u yerdagi kulbalarda 131 kishi yashaydi. Bu kishilar o‘zlari uchun  "senat respublikasi"ni tashkil qilishgan, ular baliqchilik evaziga kun ko‘rishadi va o‘z jamiyatlariga begonalarni qo‘yishmaydi. Orol Keniya va Uganda o‘rtasidagi bahsli hudud hisoblanadi. Mgingo oroli 1991 yilga kelibgina o‘z aholisiga ega bo‘lgan. O‘shanda keniyalik ikki baliqchi Dalmas Tembo va Dorj Kibebe bu yerda qolishga ahd qilishgan. BigPicture nashri shu haqida ma'lumot bilan bo‘lishdi.

1. Ikki jasur baliqchiga Keniya, Uganda va Tanzaniyadan yana 60 afrikalik kelib qo‘shilgan. Mgingoga ko‘chib o‘tishdan maqsad nafaqat yaxshi ov qilish imkoniyati, balki tengsizlik va jaholat bo‘lmagan shaxsiy "davlat"ni barpo etish ham bo‘lgan. 2009 yilga borib, orol aholisi 131 kishiga yetdi. Shundan keyin "nufuzli senatorlar" Tembo va Kibebe o‘z kommunalariga boshqa hech kimni qabul qilmaslik haqida qaror qabul qilishgan. 

2. Bu yerda asosan Nil olabug‘asi ovlanadi. Oila bir hafta ichida 200-250 dollar ishlashi mumkin - bu qo‘shni mamlakatlardagi afrikaliklarning 2-3 oylik o‘rtacha maoshi. 

3. Mgingo "davlat"ining mustaqilligini saqlab qolishga orolning Keniya va Uganda o‘rtasidagi bahsli hudud ekanligi imkon beradi - ikki mamlakat ham uni o‘z tarkibiga qo‘shib ololmaydi, shu bois ular bu baliqchilarga e'tibor berishmaydi. 

4. So‘nggi 20 yil davomida ikki mamlakat Mgingo tufayli 9 marta qurolli to‘qnashuvga kirishgan. Dastlab Keniya va Uganda qirg‘oq muhofazasi xodimlari baliqchilarning qayiqlarini sindirishgan, ularning to‘rlarini uzishgan va hatto olti kishini otib tashlashgan. Biroq keyin ikki mamlakat kelishuvga erishib, kommuna ularga soliq to‘laydigan bo‘lgan. 

5. Keniya va Ugandaga to‘lanadigan soliqlar baliqchilar daromadining 25 foizini tashkil qiladi. Yana 10 foiz daromad apparat va kommuna mudofaa kuchlariga sarflanadi, ya'ni orol aholisi o‘z ozodligi uchun ishlab topgan pulining 60 foizini "davlat"ga to‘lashiga to‘g‘ri keladi. Biroq hatto qolgan 40 foiz daromad ham ularga Viktoriya ko‘lidagi qo‘shnilaridan ancha yaxshi yashashga imkon beradi. 

6. Orolda 5 bar, go‘zallik saloni, dorixona, shuningdek, bir necha mehmonxona va 4 ishratxona mavjud. Kommuna qoidalariga ko‘ra, bu yerda begona odam bir kundan ko‘p qolishi mumkin emas. 

7. Kommunani umrbod ikki "nufuzli senator" Tembo va Kibebe boshqaradi, bulardan tashqari, yana 5 nafar senator (faqat 30 yoshdan oshgan erkaklar) tanlab olinadi. Qaror ko‘pchilik bilan qabul qilinadi. 

8. Oroldagi eng oliy jazo undan haydalish hisoblanadi, xashak qamchilarda savalash esa - oddiy jazo. "Davlat" paydo bo‘lgan vaqtdan boshlab undan olti kishi quvg‘in qilingan, barchasining sababi - o‘g‘irlik. 

9. Mgingodan 200 metr narida yana bir orol bor - Usingo. U yerda aholi yo‘q. Kommuna aholisining fikricha, Usingoda Tuk ismli yovuz ruh yashaydi. Mgingodan quvilgan yovuz ruh - Kalele ham shu yerda qo‘nim topgan, deb hisoblanadi. Usingo ham Keniya va Uganda o‘rtasidagi bahsli hudud. Usingoda bor-yo‘g‘i bir necha vaqtinchalik kulbalar mavjud, ularda ba'zan Viktoriya ko‘li va uning atrofidagi aholini o‘rganuvchi Birinchi dunyo biologlari qo‘nim topishadi.

Mavzuga oid