Jahon | 14:38 / 16.01.2017
10253
2 daqiqa o‘qiladi

Obama: Netanyaxuning ko‘p bora mendan jahli chiqqan

AQShning BMT Xavfsizlik kengashidagi ovoz berish jarayonida betaraf qolishga qaror qilgani Isroil bilan munosabatlar uzilishiga olib kelgani yo‘q. Iste'foga chiqayotgan prezident Barak Obama CBS telekanaliga bergan intervyusida shunday ishonch bildirgan. 

"Bu Qo‘shma Shtatlar va Isroil o‘rtasidagi aloqalarga sezilarli rahna soldi, deb o‘ylamayman, - degan davlat rahbari. – Agar bosh vazir Binyamin Netanyaxuning jahli chiqqanini aytmoqchi bo‘lsangiz, mening prezidentligim vaqtida bir necha marta shunday jahli chiqqan".

Isroil qo‘rg‘onlarini barpo etish "shunchalik jiddiy tus oldiki", u "qo‘shni Falastin davlati mavjud bo‘lishi"ga jiddiy salbiy ta'sir etmoqda, -deb qayd etgan Obama. 

"Bizning mintaqaga kiritayotgan sarmoyamiz miqdori va Isroil haqida chuqur qayg‘urishimiz tufayli, o‘ylaymanki, AQSh o‘z do‘stiga bu muammo xususida aytish huquqiga ega, - deb izohlagan prezident. – Qo‘rg‘onlar qurish mintaqa va Qo‘shma Shtatlar xavfsizligi hamda tinchligi uchun uzoq istiqboldagi salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin".

2016 yil 23 dekabrda BMT XK 2334 sonli rezolyutsiyasini qabul qilgan edi. Unda Isroildan Falastinning bosib olingan hududlarida isroilliklar uchun qo‘rg‘onlar qurish ishlariga zudlik bilan barham berish talab qilingandi. Hujjatni XKning 14 a'zosi qo‘llab-quvvatladi. O‘shanda, AQSh betaraf qolgan, rezolyutsiyaga nisbatan veto huquqidan ham foydalanmagan edi. Isroil hukumati BMT rezolyutsiyasini bajarmasligini ma'lum qilishga ulgurgan. 

Mavzuga oid