Jamiyat | 19:19 / 23.01.2017
57366
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonlik o‘t o‘chiruvchilar O‘zbekistondagi yong‘inni o‘chirishda yordamlashdi

Qirg‘izistonning Botken tumani o‘t o‘chirish xizmati xodimlari O‘zbekiston hududidagi yong‘inni o‘chirishda ishtirok etishdi. Bu haqda Qirg‘iziston davlat yong‘inga qarshi xizmat viloyat boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Maqsatbek Shamshiyev xabar qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 18 yanvar soat 22:48 da qirg‘iz telefon raqamidan Farg‘ona viloyatining Rishton tumani qishloqlaridan biridagi uylardan birida yong‘in sodir bo‘lgani haqida xabar kelib tushgan. Chegarani kesib o‘tishda hech qanday muammo yuzaga kelmadi. «Biz kelib tushgan xabardan so‘ng voqea joyiga zudlik bilan chiqib ketdik. Bu yer O‘zbekiston hududida ekaniga qaramay, biz yong‘inni o‘chirishda ishtirok etdik», - dedi Shamshiyev.

Yong‘in 7 xonali uyda kelib chiqqan. Hodisa oqibatida uyning 2ta xonasi yonib ketgan. Uy egalari esa yengil darajadagi kuyish jarohatlarini olgan. Ular Farg‘ona shahridagi kasalxonaga olib ketildi. Yong‘in sodir bo‘lgan joy Botkendan 35 va Farg‘ona shahridan 250 kilometr uzoqlikda joylashgan. Bu chegara yonidagi hududda ko‘plab qirg‘iz oilalari istiqomat qiladi hamda qirg‘iz mobil operatorlari raqamlaridan foydalanadi. Biroq ularning katta qismi O‘zbekiston fuqarolari hisoblanadi.

 

Mavzuga oid