Jamiyat | 14:26 / 17.02.2017
9208
2 daqiqa o‘qiladi

Samsung asl rahbarining hibsga olinishi kompaniya faoliyatiga qanday ta'sir ko‘rsatdi?

Janubiy Koreyaning Samsung Electronics elektronika mahsulotlari ishlab chiqaruvchisining aksiyalari korporatsiya asl rahbari Li Chje Yonning hibsga olinishi fonida biroz arzonlashdi. Bundan savdo ko‘rsatkichlari darak bermoqda.

Toshkent vaqti bilan 09.52 holatiga ko‘ra Samsung Electronics aksiyalarining Koreya birjasidagi qiymati avvalgi savdolar yakuniga qaraganda 1,21 foizga arzonlashgan. Shu bilan bir qatorda, avvalroq kompaniya qog‘ozlari 3,2 foizga qadrsizlangandi.

Koreya OAVlarining xabar berishicha, Seuldagi sud Samsung korporatsiyasi haqiqiy rahbari Li Chje Yonni poraxo‘rlikda ayblab hibsga olish haqida order berdi. Bu mamlakat prezidenti Pak Kin Xe aloqador bo‘lgan yirik korrupsiya mojarosi bilan bog‘liqligi aytilmoqda. Korporatsiyaning asl rahbari o‘z ishi bo‘yicha sud qarori chiqarilishiga qadar Yivan shahridagi qamoqxonada saqlanadi. Koreyaning Ryonxap agentligining ma'lum qilishicha, bu yer poytaxtdan 15 kilometr janubda joylashgan.

Tergov 28 fevralga qadar yakunlanishi lozim hamda faqatgina Janubiy Koreya prezidenti vazifasini bajaruvchi bosh vazir Xvan Gyo Anning roziligi bilan yana bir oyga cho‘zdirilishi mumkin.

"Biz sud jarayonida barcha haqiqatlar oshkor bo‘lishiga harakat qilamiz", - deya Samsung’ning Li Chje Yon hibsga olinishidan so‘ng bergan qisqa bayonotidan iqtibos keltirgan Reyter agentligi.

Ma'lumot uchun, Samsung Electronics – elektronika mahsulotlari ishlab chiqaruvchi xalqaro kompaniya bo‘lib, uning qarorgohi Seulda joylashgan. 2016 yilda Samsung’ning sof daromadi 19,3 foizga o‘sib, 19,5 milliard AQSh dollarini tashkil etdi.

Mavzuga oid