Jahon | 10:46 / 18.03.2017
18668
4 daqiqa o‘qiladi

Kabulov: Afg‘onistonda keng qamrovli qonli to‘qnashuvlar ehtimoli mavjud

Rossiya prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zamir Kabulov «AP» agentligi bilan suhbatda toliblar bilan aloqalar, Rossiyaning afg‘on inqiroziga barham berishdagi o‘rni, Markaziy Osiyoning bu masaladagi roli xususida fikrlarini bildirdi. U Tojikistonga safar qilib, bu yerda respublika TIV rahbari birinchi o‘rinbosari Nizomiddin Zohidiy va boshqa hamkasblari bilan uchrashgan. Unda Afg‘onistondagi vaziyat muhokama qilingan. 

Kabulovning aytishicha, hozirda, Afg‘onistonda yangi jang mavsumi, 2017 yil bahor-yoz oylaridagi harbiy kampaniya boshlanishi arafasida. Shu yilning qish oylarida «Tolibon» harakati mamlakatning ayrim tumanlari, aniqrog‘i janubida avvalgi yillarga qaraganda kam harakat qilganini e'tiborga olsak, bahor-yoz oylarida qamrovi keng va qonli jangovar to‘qnashuvlar bo‘lishini taxmin qilish mumkin. 

Fuqarolik urushi bu mamlakatni yana ekstremistlar va terrorchilarning tayanch bazasiga aylantirishi ehtimol. Ular Afg‘onistonni o‘zlarining g‘arazli maqsadlarini amalga oshirishda tayyorgarlik maydoni sifatida ko‘rishadi. 

Uning aytishicha, Rossiya afg‘on masalasini bir o‘zi emas, balki mintaqa mamlakatlari bilan hamkorlikda hal etadi. Rossiya faqatgina ushbu muammoni hal etishda tashabbus ko‘rsatishi mumkin. Bunda nafaqat Markaziy Osiyo mamlakatlari, Eron, Pokiston, Hindiston va Xitoy kabi davlatlar ham sa'y-harakatlarini birlashtirishi kerak. 

Zamir Kabulovning so‘zlariga ko‘ra, NATOning 16 yil mobaynida Afg‘onistonda bo‘lishi mamlakatdagi vaziyatni yanada yomonlashtirgan. “Shunday ekan, mazkur muammoni hal etishda mintaqa mamlakatlari bo‘lmagan davlatlarni aralashtirmaslik maqsadga muvofiqdir”, - degan fikrni bildirgan Kabulov. 

Shu yilning 14 aprelida Moskvada Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha kengaytirilgan maslahatlashuvlar bo‘lib o‘tadi. Unga Afg‘onistonga qo‘shni bo‘lgan barcha mamlakatlar taklif etilgan bo‘lib, mazkur muammoni qanday qilib bosqichma-bosqich hal etish yo‘llari muhokama etiladi. Anjumanda Afg‘oniston hukumati va uning qurolli raqiblari o‘rtasida milliy kelishuv jarayoni boshlanishiga turtki berish masalasi ko‘rib chiqiladi. 

Kabulovning oydinlik kiritishicha, u Afg‘on hukumatining qurolli muxolifati deganda, birinchi navbatda «Tolibon» harakatini nazarda tutadi. 

“Chunki, toliblar «Al-Qoida» bilan avvalgi hamkorligidan xulosa chiqarib olishdi. Ular, endilikda, transchegaraviy jihod urushi haqidagi g‘oyalarni tark etgan va shu ma'noda ular Afg‘onistonnning qurolli muxolifati sifatida namoyon bo‘lmoqda. Ular Afg‘onistondagi vaziyatni kuch ishlatish yo‘li bilan hal etishga urinmoqda. Ularning asosiy noroziligi mamlakatda xorijiy qurolli kuchlarning bo‘lishidir. Shu bilan birga, toliblar Afg‘onistonda haqiqiy hokimiyat o‘rnatilishini talab qilishmoqda”, -deya fikr bildirgan Rossiya prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili. 

Mavzuga oid