Sport | 20:48 / 27.03.2017
21499
5 daqiqa o‘qiladi

Futbol mutaxassislari munozarasi: «Ko‘zlar yonishi kerak»

Taniqli futbol mutaxassisi Azamat Abduraimov o‘zining Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida «Futbolni aldab bo‘lmaydi!» blogpostini joylagach, uning ostida taniqli jurnalistlar va sobiq futbolchilar bilan birgalikda munozara bo‘lib o‘tdi.

«Futbolni aldab bo‘lmaydi!»

Tribuna.uz munozaralarning o‘quvchilar uchun eng qiziq joylaridan iqtibos keltirishga qaror qilgan.

Alisher Nikimbayev:
- Suriya qanday tayyorgarlik ko‘rdi, degan savol ham bor? Ularda hech qanday yig‘inlar ham, o‘rtoqlik uchrashuvlari ham o‘tkazilgani yo‘q, shekilli. Eron terma jamoasining yanvar oyidagi yig‘ini klublardan birining prozitsiyasi tufayli barbod bo‘lgandi. Garchi Qatar bilan bo‘lgan o‘yingacha Eron Iroq bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazib olishga muvaffaq bo‘ldi, lekin ikkinchi tarkib bilan. Ya'ni hammasini yig‘inlar va nazorat uchrashuvlariga olib kelib bog‘lash yaramaydi. Muammolarning butun bir kompleksini tilga olish kerak, lekin buning kimga qizig‘i bor?

Azamat Abduraimov:
- Albatta, fikrlaringga qo‘shilaman... Faqat yomon tashkillashtirilgan yig‘inlar va o‘yinlar tufayli yutqazmadik.

Ja'far Irismetov:
- Bizga o‘zgalar qanday tayyorgarlik ko‘rishining nima qizig‘i bor? Bizda Jchga chiqish vazifasi qo‘yilgan. Raqiblarni va o‘yinlar taqvimini allaqachon bilar edik. Biz boshqalar qanday tayyorgarlik ko‘rayotgani-yu, kimlar bilan o‘ynayotganiga qaramasligimiz kerak. Agar biz Jchga chiqishni istar ekanmiz, hammasini oldindan hisobga olib qo‘yishimiz kerak edi. Yig‘inlar, uchrashuvlar va h.k. Keyinchalik «anavi yerda o‘ynamagan edik, u yerda maydon yomon ekan, mana bu yerda falon o‘yinchini yig‘inga chaqira olmadik», degan bahonalarga o‘rin qoldirmaslik uchun. Azamat aka Terma jamoalar markazi bu masalalarni oliy darajada hal qilishi kerak edi, degan e'tirozi bilan haq gapni aytyapti.

Alisher Nikimbayev:
- Ja'far, tayyorgarlik ko‘ngildagidek bo‘lmagani borasida hech kim bahslashmayapti. Faqat sen mendan ham yaxshi bilasanki, tayyorgarlikdan boshqa masalalar ham bor. Masalan, tarkib tanlash, o‘yinga taktika belgilash va h.k. Bundan tashqari, yanada chuqurroq muammolar bor. Birgina yig‘inlar tashkil etib, ularni hal qilib bo‘lmaydi.

Ja'far Irismetov:
- Alisher aka, barchamiz bilamizki, bu yig‘inlar xo‘jako‘rsin uchun o‘tkazildi. Saralash uchrashuvlarida tushishi mutlaqo rejalashtirilmayotgan o‘yinchilarni olib borishdi. Men yechilishi lozim bo‘lgan boshqa ko‘plab masalalar borligini rad etmayman, lekin bularning barchasidan muxlislar aziyat chekmoqda.
Nimadir desak, darhol o‘zbek futbolining dushmaniga chiqamiz, shuning uchun jimgina o‘tiramiz...

Alisher Nikimbayev:
- Yig‘inlar ularning tashkilotchilariga kerak edi.

Ja'far Irismetov:
- Odatda, muayyan o‘yin oldidan o‘sha o‘yinga, hozirgi sharoitimizda ikki o‘yinga, mo‘ljallangan tarkib olinadi. Bizda esa ko‘plab nomzodlar ko‘rikdan o‘tib, maydonga o‘sha eskilar tushaveradi...

Azamat Abduraimov:
- Alisher, sening tanbehingdan so‘ng Suriya bilan o‘yinning kengroq tahlilini yozdim... Jim o‘tirishga chiday olmadim ))

Alisher Nikimbayev:
- Azamat, Ja'far, sizlardan shubha qilmasdim. Lekin boshqa jihatdan, biz bularni ijtimoiy tarmoqda muhokama qilmoqdamiz. TV orqali, O‘FF darajasida muhokama qilinishni kutib o‘tirishning keragi ham yo‘q.

Azamat Abduraimov: 
- Bu turnirda har bir o‘yin jang misoli! Bunday o‘yinlarda garchi o‘yin qovushmayotgan bo‘lsa ham, tishlab, uzib natija olib chiqish kerak... ko‘zlar yonishi kerak. So‘zlarda emas, o‘yinda g‘alabaga bo‘lgan ishtiyoqimiz ko‘rinsin! Qo‘shimchasiga, o‘yin tizginini o‘z gardaniga olishi kerak bo‘lgan yetakchilarimiz o‘zlarini ko‘rsata olishmadi! Men mag‘lubiyatimizga sabablardan birini shu yerda ko‘raman.

Mavzuga oid