O‘zbekiston | 22:04 / 28.03.2017
11078
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistondagi dehqon bozorlarining aksari sanitariya va gigiyena normalariga javob bermaydi

O‘zbekistonda respublika bo‘yicha barcha dehqon bozorlari tanqidiy tahlil qilingan.

Ma'lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda dehqon bozorlarining aksar qismida xavfsizlik choralari, xususan, bino va inshootlarda yong‘in xavfsizligi talablari, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari to‘liq inobatga olinmagan holatda qolmoqda. Shuningdek, avtomobil to‘xtash joylarining yetishmasligi kabi holatlar sotuvchi va xaridorlar uchun bir qator noqulayliklar tug‘dirmoqda.

Xususan, tahlil qilingan 328 ta dehqon bozoridan 70 foizdan ortig‘ining (231) moddiy-texnika bazasi savdoni tashkil etishning zamonaviy talablariga (muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, savdo rastalari, obodonlashtirish, avtomobillar to‘xtash joylari va boshqalar) javob bermaydi. 

Tumanlardagi qishloq aholi punktlarida joylashgan bozorlarning 20 foizidan ortig‘i (59) haftada faqat bir kun va zarar ko‘rib ishlamoqda. Bozorlarning 90 foizidan ortig‘i (301) zamonaviy qurilish normalari talablari va savdo xizmati ko‘rsatish shartlari hisobga olingan holda mukammal ta'mirlashni talab etadi.

Shuningdek, respublika qishloq tumanlari aholisi amalda bozorlarda zamonaviy to‘lov tizimlaridan (plastik kartochkalardan) foydalanib qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va kundalik ehtiyoj tovarlarini sotib olish imkoniyatiga ega emas, aholiga savdo xizmatlari ko‘rsatish darajasi ham zamonaviy talablarga javob bermaydi.

Dehqon bozorlarining asosiy qismi katta hududlarni egallaydi, ko‘pincha aholi uchun iste'mol tovarlarining eng zarur turlari sotuvda bo‘lmaydi. 

«Ushbu barcha omillar dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilish va ularni yanada rivojlantirish strategiyasini tubdan qayta ko‘rib chiqish zarurligini ko‘rsatmoqda», deyilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning «2017-2019 yillar davrida dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilish va ularning hududida zamonaviy savdo majmualari qurish dasturini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarorida.

Mavzuga oid