O‘zbekiston | 14:55 / 31.03.2017
6395
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya-O‘zbekiston ishbilarmonlari muzokaralar o‘tkazishdi

Hududlararo hamkorlikni o‘rnatish, o‘zaro savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirish, qo‘shma korxonalar tashkil etish, ijtimoiy-gumanitar, ta'lim, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi sohalarida birgalikda ishlashni yo‘lga qo‘yish maqsadida Rossiyada safarda bo‘lib turgan Namangan viloyati delegatsiyasining avvalgi kunlarda amalga oshirgan ishlari haqida xabar bergan edik.

Janubiy Ural savdo-sanoat palatasida o‘zbekistonlik va janubiy urallik ishbilarmon doiralar biznes forumi o‘tdi hamda uning asnosida muzokaralar o‘tkazildi.

Biznes forumda Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Rossiya va O‘zbekiston kichik hamda o‘rta biznes sohasida hamkorlik bo‘yicha katta imkoniyatlarga ega ekanligini ta'kidlab o‘tdi. Namangan viloyatining tekstil sohasidagi ulkan salohiyati, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetkazib berishdagi imkoniyatlari haqida gapirdi.

“Bizning korxonalarimiz Janubiy Ural tadbirkorlari bilan yaqin aloqalarni yo‘lga qo‘yib, o‘zaro savdo hajmini oshirishni maqsad qilishgan. Shuningdek, birgalikda biznes-loyihalarni amalga oshirish har ikki taraf ham uchun foydalidir. Yengil sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksportidan tashqari, biz mashinasozlik va metallurgiya sohasida qo‘shma korxonalar tashkil etishdan o‘zaro manfaatdormiz. Bugungi tadbir o‘zaro ishonch va hurmatga asoslangan ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat ega”, – dedi Xayrullo Bozorov.

Tadbir doirasida Rossiya-O‘zbekiston ishbilarmonlari o‘zaro muzokaralar o‘tkazishdi. Namangan viloyati ishlab chiqarish korxonalarining mahsulotlari ko‘rgazmasi mezbonlarga namoyish etildi.

Anvar Ikromov
Hojiakbar PATTAYeV

Mavzuga oid