O‘zbekiston | 10:27 / 03.04.2017
30279
7 daqiqa o‘qiladi

Mulohaza: xorijga ishchi yuborishdan kimga foyda-yu, kimga zarar?

So‘nggi kunlarda, aytish mumkinki, O‘zbekistonda jiddiy muhokama qilingan voqelik – O‘zbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi huzuridagi fuqarolarni xorijga ishga joylashtirish bo‘yicha Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi bilan bog‘liq mashmashalar bo‘ldi. Aniqroq aytadagan bo‘lsak, bu mashmashalarga, Koreyada ishlash uchun o‘zbekistonliklarni maxsus qabul jarayonidan o‘tkazishda jiddiy va qo‘pol xatoliklarga, ta'bir joiz bo‘lsa, xalq istagini mensimaslik kayfiyatidagi yondashuvlar sabab bo‘ldi.

Bugungi kunda, Koreya respublikasida ishlashni xohlagan o‘zbekistonlik talabgordan hujjat topshirish vaqtida 18-39 yosh oralig‘idagi sudlanmagan erkak yoki ayol bo‘lishi, koreys tilidan boshlang‘ich saboqqa ega bo‘lishi talab etiladi. U, belgilangan imtihonlardan o‘tgach, Koreya bandlikka ko‘mak berish agentligi elektron bazasiga kiritiladi hamda ikki yil mobaynida Koreyadagi birorta zavod yoki fabrika uning nomzodini tanlab, unga viza jarayoni boshlanishini kutadi. 

Shu o‘rinda, shu yilning 27-31 mart kunlari Koreyada qonuniy tartibda ishlash istagida bo‘lganlarning hujjatlarini qabul qilish borasida Migratsiya agentligida ishning qanday tashkil etilgani, saytning texnik imkoniyatlari talabga umuman mos kelmasligi, hujjatlarni qabul qilish jarayonida da'vogarlarning istaklari, ularning fuqarolik haq-huquqlariga nisbatan hurmatsizlarcha yondashish ko‘zga tashlanganini qo‘ya turaylik. 

Aslida, Agentlik o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari va bunga nomzodlarning huquqlarini xorijiy mamlakatlarda asosiy himoya qiluvchi bo‘lishi kerak, nazdimizda. Ammo, bu bizning mulohazamiz mavzusi emas. Bularni tegishli idoralar jiddiy o‘rganishiga umid qilib qolamiz. 

Bizning maqsadimiz, boshqa bir masalaga oydinlik kiritish. Xo‘sh, o‘zbekistonliklarning Koreyaga (Rossiya, Polsha kabi boshqa davlatlarga ham) qonuniy asosda ishga borishi kimga foyda-yu, kimga zarar? Bu birinchi navbatda, o‘zimizga, O‘zbekistonga foyda. Endi ushbu xulosani birmuncha batafsilroq ko‘rib chiqsak. 

Birinchidan, xorijga oilasini, yaqinlarini tashlab, ishga borganlarning aksariyati, O‘zbekistonga ozmi-ko‘pmi xorijiy valyuta (dollar, rubl) kirib kelishini ta'minlaydi. O‘tgan 2016 yil iyun oyi holatiga ko‘ra, Tashqi mehnat migratsiyasi ma'lumotlariga asosan, Koreya respublikasining o‘zida 15 mingdan ortiq o‘zbekistonlik mehnat muhojiri ishlamoqda. Shu yerda, oddiy arifmetikadan foydalansak, har bir ishchi oyiga o‘rtacha 1000 AQSh dollaridan O‘zbekistonga yuborsa, bu oyiga 15 mln dollarni, bir yilda 180 mln dollarni tashkil etishini bilib olamiz. Bu raqam o‘rtacha pul jo‘natmalari ortishi bilan o‘z-o‘zidan o‘sib boradi. 

Sir emaski, birgina Rossiyaga nisbatan sanksiyalar joriy qilinishi tufayli Rossiya mehnat bozorida vujudga kelgan vaziyat O‘zbekistonga ushbu davlatdan kirib kelayotgan valyuta oqimi keskin pasaytirdi. 2014 yildan avval, Rossiyaning o‘zidan O‘zbekistonga bir yilda bir necha milliard dollar mablag‘ jo‘natilgan. 

Endi, ushbu mablag‘larning nimaga sarflanayotganiga ham e'tibor berish o‘rinlidir. Xorijga chiqib, asosan, og‘ir mehnat va peshona teri bilan pul topayotganlarning aksariyati uy quradi, bunda O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan qurilish materiallarini xarid qiladi. Uyini turli jihozlar bilan to‘ldiradi, bunda ham asosan, mahalliy mahsulotlarni (mebel, maishiy texnika va h.) xarid qiladi. Chunki, xorijda vatan sog‘inchini bevosita boshidan kechirganlarda vatanparvarlik hissi kuchliroq bo‘ladi. Yana avtomobil xarid qilsa ham o‘zimizda ishlab chiqarilganini sotib oladi. Aytmoqchi bo‘lganim, xorijda mehnat qilayotganlar yuborgan pullarning asosiy qismi yana chetga chiqib ketmaydi. Aksincha, O‘zbekiston iqtisodiyotiga to‘la ravishda singadi. O‘zbekiston mahsulotlari xarid qilinadi. O‘zbekistonda ishchi o‘rinlari barpo qilishga ozmi-ko‘pmi yordam beradi. 

Eng asosiysi, xorijda turli zavod-fabrikalarda malaka oshirgan o‘zbekistonliklar vatanga qaytgach, tajribalaridan foydalanish imkoniyati paydo bo‘ladi. 

Biroq, hozircha, bu amaliy jihatdan yo‘lga qo‘yilmagan. Shu o‘rinda bir taklif bildirsam. Aslida, ayni o‘sha Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari va boshqa manfaatdor idoralar bilan hamkorlikda xorijda ishlab qaytganlarni tashkiliy ravishda O‘zbekistondagi qo‘shma korxonalarga ishga joylashtirish masalasini ko‘rib chiqishi maqsadga muvofiq bo‘lar edi. 

Afsuski, bu masala ijobiy hal etilishi bir yoqda tursin, o‘rganib ham chiqilmagan. Shu bilan tayyor kadrlardan unumli foydalanilmayapti. Ularga, u yoki bu stanokni qanday yuritishni o‘rgatish, mehnat intizomi, xavfsizlikka rioya etish bo‘yicha qaytadan dars berish talab etilmaydi. Migratsiya agentligi xorijdan qaytib kelganlarni ro‘yxatdan o‘tkazib bo‘lgach, ularning O‘zbekistonda ish topgan yoki topmaganiga qiziqib ham ko‘rmaydi. 

Agar, Koreya yoki boshqa xorijiy davlatda ishlab kelganlarga biror qo‘shma yoki mahalliy ishlab chiqarish korxonasida ish taklif qilish yo‘lga qo‘yilsa, o‘ylaymanki, aksariyati bu taklifga rad javobini bermagan bo‘lar edi. Bu borada Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi o‘zlari hamkorlik qiladigan Koreya bandlikka ko‘maklashish agentligi tajribasidan foydalansa foydadan xoli bo‘lmaydi. Mazkur agentlik Koreyada barcha ishchilarni ishga joylashtirishni tashkiliy ravishda elektron tarzda mukammal yo‘lga qo‘ygan.

Nima ham derdik, bu tashqi mehnat migratsiyasi bilan bog‘liq ayrim fikrlar edi, xolos. Yaqin orada bular ham yo‘lga qo‘yilsa, ajab emas. Yaxshi niyat, yarim davlat, deyishadi. 


Tolib Rahmatov

Mavzuga oid