Jahon | 20:09 / 17.04.2017
55991
2 daqiqa o‘qiladi

Video: Peterburg terakti tashkilotchisi sifatida markaziy osiyolik qo‘lga olindi

Moskva viloyatining Odintsovskiy tumanida Sankt-Peterburg metrosida 3 aprel kuni sodir etilgan terakt tashkilotchilaridan biri sifatida kelib chiqishiga ko‘ra markaziy osiyolik bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Federal xavfsizlik xizmatining jamoatchilik bilan aloqalar markaziga asoslangan holda RIA Novosti agentligi xabar tarqatdi.

Qayd etilishicha, ismi sharifi Abror Azimov Ahrolovich bo‘lgan, 1990 yilda tug‘ilgan ushbu shaxs terakt ijrochiligida gumon qilingan Akbarjon Jalilovni tayyorlash bilan shug‘ullangan. Qo‘lga olish chog‘ida uning yonidan harbiy pistolet topilgan.

Ayni vaqtda uni Tergov qo‘mitasiga topshirishgan.

3 aprel kuni Sankt-Peterburg metrosida «Sennaya ploshchad» va «Texnologicheskiy institut» bekatlari oralig‘ida portlash ro‘y berdi. «Ploshchad Vosstaniya» bekatida ham portlovchi qurilma topildi va zararsizlantirildi. Terakt oqibatida 15 kishi halok bo‘lib, 49 kishi jarohatlandi.

Tergov qo‘mitasi ushbu terakt kelib chiqishiga ko‘ra qirg‘izistonlik bo‘lgan 22 yoshli Akbarjon Jalilov tomonidan sodir etilganini e'lon qildi. OAV ma'lumotiga ko‘ra, 2015 yilda Jalilov Peterburgdagi sushi-barda oshpaz bo‘lib ishlagan, ammo keyingi yilda uni ko‘rishmagan.

Ba'zi manbalar teraktdan oldinroq Jalilov Turkiyada 1 yildan ortiq muddat yashagani va keyin deportatsiya qilingani haqida yozdi.

Mavzuga oid