Jahon | 01:42 / 04.05.2017
13073
2 daqiqa o‘qiladi

Somalida otib tashlangan vazirni jangari deb o‘ylashgan

Foto: AP

Somali xavfsizlik xizmatlari xodimlari chorshanba kuni poytaxt Mogadishoda jamoat ishlari va mamlakatni qayta tiklash bo‘yicha vazirini otib tashlashgan. Politsiyadagilarning Reyter agentligiga ma'lum qilishlaricha, vazirni tushunmovchilik tufayli islomiy jangari deb o‘ylashgan. 

Ilgariroq, Somali hisob palatasi raisining tansoqchilari jamoat ishlari va mamlakatni qayta tiklash bo‘yicha vaziri Abbos Abdullohiyni mamlakat poytaxti Mogadishoning markazida otib tashlashgani haqida xabarlar berilgan edi. Soqchilar prezident saroyining oldidagi nazorat-o‘tkazish punktida vazir kelayotgan avtomobilga qarata o‘t ochishgan. O‘t ochishning sabablari va tafsilotlari keltirilmayotgan edi.

Mogadisho merligi vakili Abdulfattoh Umarning Halaniyning bayon qilishicha, vazir «xato tufayli» o‘ldirilgan. «Ular avtomobilga qarata tasodifan o‘t ochishgan», — degan u. Politsiya vakili Nur Hussaynning so‘zlariga ko‘ra, ko‘chalarda patrullik qilayotgan xavfsizlik xizmati xodimlari ko‘chalardan birini to‘sib turgan avtomobilni ko‘rib qolgan va uni jangarilar boshqarayotgan deya gumon qilib, o‘t ochgan.

Somalida markaziy hukumatga qarshi qurolli kurashayotgan hamda BMTning insonparvarlik faoliyatiga to‘siq bo‘layotgan «Ash-Shabob» terrorchilik tashkiloti faoliyat olib boradi. Guruh AQShning terrorchilik tashkilotlari ro‘yxatiga 2008 yilda kiritilgan va unga nisbatan mamlakat hududida sanksiyalar amal qiladi.

Mavzuga oid