O‘zbekiston | 16:40 / 24.05.2017
44237
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston hukumati Fayzulla Mullajonov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi

Fayzulla Mullajonov. Foto: Oliy Majlis Senati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va hukumat a'zolari tomonidan Fayzulla Mullajonov vafoti munosabati bilan ta'ziya bildirildi. Ta'ziya matni O‘zA tomonidan keltirilgan.

Mamlakatimiz bank-moliya tizimi og‘ir judolikka uchradi. 

O‘zbekiston bank tizimi asoschilaridan biri, atoqli iqtisodchi, tajribali rahbar, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi Fayzulla Maqsudjonovich Mullajonov shu yil 23 may kuni 67 yoshida to‘satdan vafot etdi. 

F.Mullajonov 1950 yili Sirdaryo viloyatida tug‘ildi. 1971 yili Toshkent xalq xo‘jaligi instituti (hozirgi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti)ni iqtisodchi mutaxassisligi bo‘yicha tamomladi. Mehnat faoliyatini davlat banki Sirdaryo viloyati bo‘limida kredit nazoratchisi vazifasidan boshladi. Keyinchalik ushbu viloyatda bank sohasida turli mas'ul lavozimlarda xizmat qildi. 

Katta mehnat va hayot tajribasiga ega bo‘lgan F.Mullajonov 1991 yilda, mamlakatimiz endigina davlat mustaqilligini qo‘lga kiritib, yangi davrga qadam qo‘ygan murakkab bir sharoitda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi etib tayinlandi. 

Ana shu o‘ta mas'uliyatli lavozimda qariyb 26 yil samarali faoliyat ko‘rsatib, F.Mullajonov eski ma'muriy-buyruqbozlik tizimidan bozor iqtisodiyoti munosabatlariga o‘tish jarayonida bank-moliya tizimini shakllantirish va rivojlantirish, milliy valyutamizni joriy etish, oltin-valyuta zaxirasini mustahkamlash, bank sohasi uchun zamonaviy kadrlar tayyorlash borasida o‘zining yuksak tashkilotchilik va tashabbuskorlik qobiliyatini namoyon etdi. 

F.Mullajonovning O‘zbekiston bank tizimini xalqaro talab va mezonlar asosida taraqqiy toptirish, uning kadrlar salohiyatini mustahkamlash, jahon miqyosidagi obro‘-e'tiborini oshirish borasidagi katta xizmatlari xalqimizga yaxshi ma'lum. 

Bugungi kunda mamlakatimiz iqtisodiyotining turli soha va tarmoqlarida xizmat qilib kelayotgan ko‘plab rahbar xodimlar, bank-moliya mutaxassislari haqli ravishda o‘zlarini F.Mullajonovning shogirdlari, deb hisoblaydilar. 

F.Mullajonovning ko‘p yillik samarali xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlangan. U “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan iqtisodchi” faxriy unvoni, “Mehnat shuhrati” va “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari bilan mukofotlangan edi. 

O‘zbekiston bank-moliya sohasining yirik namoyandasi, mehribon ustoz, kamtarin inson Fayzulla Mullajonovning xotirasi qalbimizda hamisha saqlanib qoladi. 


Sh.Mirziyoyev, N.Yo‘ldoshev, N.Ismoilov,

A.Aripov, U.Ismoilov

Mavzuga oid