Sport | 19:35 / 26.05.2017
16105
4 daqiqa o‘qiladi

«Barkamol avlod-2017». Kuchlilar saralanmoqda

Jizzaxda «Barkamol avlod-2017» sport o‘yinlari davom etmoqda. 26 may kuni Jizzax shahrida joylashgan «So‘g‘diyona» sport majmuasida sportning boks, suzish, badiiy gimnastika, yengil atletika, balandlikka sakrash va shu kabi boshqa turlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkazildi.

Unda respublikaning barcha hududlaridan kelgan jamoalar o‘rtasida yuqori o‘rinlarni egallash va keyingi o‘yinlarga yo‘llanma olish uchun qizg‘in kurash olib borildi. Har bir chiqish tomoshabinlar tomonidan olqishlanib, hakamlar xulosasi bilan yuqori baholandi.  

Yengil atletika

«Barkamol avlod-2017» sport musobaqalarining qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan 100 m yugurish,  Yengil atletika sport turi bo‘yicha toshkentlik sportchi Violetta Ivanina 3-o‘rin, Toshkent shahridan kelgan ishtirokchi Anna Shimanis 2-o‘rin, Navoiy viloyatidan tashrif buyurgan sportchi Nargiza Nizomiddinova esa musobaqa g‘olibasi bo‘lib oltin medal bilan taqdirlandi.

Yigitlar o‘rtasidagi musobaqa ham juda keskin tuc oldi. Unda Sirdaryo viloyati vakili Javohir Noriyev uchinchi, Toshkent shahri vakili Dmitriy Ziganshin ikkinchi va Qashqadaryo viloyati jamoasi a'zosi Jaloliddin Hamroqulov birinchi o‘rinni egalladi. 

Basketbol

Bugun sportning handbol, basketbol, tennis, stol tennisi, og‘ir atletika, badminton, dzyudo yo‘nalishlarida respublikaning barcha viloyatlaridan kelgan sportchilar yakkalik va jamoaviy tarzda qizg‘in kurash olib borishdi. Ayniqsa, basketbol, dzyudo va og‘ir atletika o‘yinlari muxlislar qiziqishiga va olqishiga sabab bo‘ldi. Basketbol bo‘yicha mezbon jamoa qizlari yarim final bosqichida namanganlik qizlarga qarshi kuch sinashdi. O‘yin yuqori tempda va kuchlar nisbati teng holda bo‘lib, yakunda jizzaxlik qizlar g‘alaba qozonishdi.

«Biz Jizzax viloyatining qizlar basketbol terma jamoasi a'zolari 4 yildan buyon muntazam basketbol bilan shug‘ullanib kelmoqdamiz. Murabbiyimiz Muhtorov Jaloliddin biz bilan ko‘p tayyorganlik olib bordilar. Yaqinda Samarqand viloyatida bo‘lib o‘tgan «Barkamol avlod» musobaqasining saralash bosqichida yaxshi ishtirok etib yo‘llanmaga ega bo‘lgandik. Mana endi esa viloyatimizda bo‘lib o‘tayotgan «Barkamol avlod-2017» musobaqasida ko‘tarinki kayfiyatda ishtirok etmoqdamiz. Namangan viloyatini mag‘lub etib finalga chiqdik, o‘ylaymanki, biz albatta g‘olib bo‘lamiz», - deydi Jizzax Olimpiya zaxiralari kolleji 1-kurs o‘quvchisi Usmonova Naima.

Endilikda Jizzax viloyati basketbolchi qizlari finalda qoraqalpog‘istonlik qizlari bilan bahslashadi.

Namanganlik basketbolchi qizlar esa uchinchi o‘rin uchun toshkentliklar jamoasiga qarshi kuch sinashdi. Qizg‘in bahslarga boy bo‘lgan o‘yinda toshkentlik basketbolchi qizlar namanganlik tengqurlarini 64-55 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, bronza medalni qo‘lga kiritdi.

Final 27 may kuni bo‘lib o‘tadi.

O‘zbekiston Milliy universiteti onlayn jamoasi

Mavzuga oid