Jahon | 16:50 / 30.05.2017
34528
2 daqiqa o‘qiladi

Afg‘onistonning sobiq prezidenti AQShga jiddiy ayblov qo‘ydi

Foto: Anadolu

Afg‘onistonda IShID bo‘linmalari AQShning mamlakatda harbiy harakatlari tufayli paydo bo‘lgan. Bu haqda "Anado‘lu" agentligiga bergan intervyusida Afg‘onistonning sobiq prezidenti Hamid Karzay aytib o‘tgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘oniston hududida xorijiy mamlakatlardan kelgan IShID jangarilari harakatlanmoqda va ularni AQSh qo‘llab-quvvatlamoqda.

Sobiq prezidentning hisoblashicha, AQSh Afg‘onistonda terrorizm to‘la g‘alaba qozonishidan manfaatdor hisoblanadi.

«AQShning harbiy kontingenti terrorizmga qarshi kurash maqsadida 2002 yildan buyon Afg‘onistonda bo‘lib turibdi. Ammo mamlakatda terroristik tahdid kun sayin ortmoqda. Amerikalik harbiylar faqatgina IShID pozitsiyalari mustahkamlanishiga xizmat qilmoqda», - degan Karzay. 

Sobiq prezidentning hisoblashicha, IShIDning Afg‘onistondagi birinchi galdagi maqsadi vaziyatni beqarorlashtirishdir. 

«IShID terrorchilari tinch aholi vakillariga shafqatsiz munosabatda bo‘lmoqda, begunoh kishilarni o‘ldirmoqda. Bosib olingan hududlarda ular qadriyatlarni yakson etishmoqda», - degan u. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh, Buyuk Britaniya va G‘arbning bir qator mamlakatlari hamda Rossiya «Tolibon» harakatiga aloqador bo‘lishi mumkin. 

Prezidentning aytishicha, oxirgi vaqtlarda tolibonlarning Afg‘onistondagi mavqei o‘smoqda.

Sobiq prezident «Hizbi Islomiy» guruhi rahbari Gulbiddin Hikmatyor Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatilishi uchun o‘z hissasini qo‘shayotganini e'tirof etgan.

U so‘zi yakunida tolibonlarni muzokaralarga chorlagan.

Mavzuga oid