Light | 23:49 / 11.06.2017
57168
6 daqiqa o‘qiladi

Yaponiyani dunyoning eng zo‘r mamlakatlaridan biriga aylantirgan ta'limning 10 xususiyati

Nima uchun yaponlar bunday aqlli ekanini bilasizmi? Chunki ularning ta'lim tizimi juda ajoyib. AdMe shu mavzudagi maqolasi bilan bo‘lishdi.

 

Avval odob - keyin bilim

Yaponiyadagi maktab o‘quvchilari 4-sinfgacha imtihon topshirishmaydi, faqat kichik mustaqil ishlar yozishadi. Ilk uch yilda asosiysi - akademik bilim emas. Boshlang‘ich sinflarda asosiy e'tibor tarbiyaga qaratiladi: bolalar insonlar va jonivorlarga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, bag‘rikenglik, birovning dardiga sherik bo‘lish, haqiqatparvarlik, o‘z-o‘zini nazorat qilish va tabiatga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga o‘rgatiladi.

 

O‘quv yilining boshlanishi 1 aprelga to‘g‘ri keladi

Dunyoning aksariyat mamlakatlarida bolalar o‘quv yilini yakunlayotgan bir paytda yaponlarda o‘qish boshlanadi. Yil boshi mamlakatdagi tabiatning eng ko‘rkam pallasi - sakura gullashiga to‘g‘ri keladi. Shu tariqa ular jiddiy va yangi pallaga qadam qo‘yishadi. Akademik yil uch trimestrdan iborat: 1 aprel-20 iyul, 1 sentabr-26 dekabr, 7 yanvar-25 mart. Shunday qilib yaponlar yozgi ta'tilda 6 hafta, qish va bahorda esa 2 haftadan dam olishadi.

 

Yapon maktablarida farroshlar yo‘q, xonalarni bolalarning o‘zlari tozalashadi

Har bir sinf navbatma-navbat xonalar, koridorlar va hatto hojatxonalarni tozalaydi. Shu tariqa bolalar jamoada ishlash va bir-biriga yordam berishni o‘rganishadi. O‘quvchilar tozalash ishlarini o‘zlari bajargandan keyin xonalarni ifloslantirishmasa kerak. Bu ularni boshqalar mehnatini hurmat qilish va atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga o‘rgatadi.

 

Maktablarda faqat standart tushlik tayyorlanadi

Boshlang‘ich va o‘rta maktabda bolalar uchun maxsus lanchlar tayyorlanadi. Taomlar maksimal darajada sog‘lom va foydali bo‘lishi uchun ularning menyusi nafaqat oshpazlar, balki tibbiyot xodimlari tomonidan ham ishlab chiqilgan. Barcha sinfdoshlar o‘qituvchi bilan birga xonada tushlik qilishadi. Ular bunday norasmiy sharoitda ko‘proq muloqot qilishadi va ishonchli munosabatlar o‘rnatishadi.

 

Qo‘shimcha ta'lim keng tarqalgan

Bolalar yaxshi o‘rta maktabga chiqish uchun  boshlang‘ich sinflardayoq xususiy va tayyorlov mashg‘ulotlariga qatnashadi. Bunday mashg‘ulotlar kechqurun o‘tkaziladi, shu bois soat 21:00da avtobuslarning qo‘shimcha mashg‘ulotlardan qaytayotgan bolalarga to‘la bo‘lishi Yaponiyada tabiiy holatdir. Ular hatto yakshanba va ta'til kunlari ham shug‘ullanishadi. Shunday ekan, statistikaga ko‘ra, Yaponiyada ikkinchi yilga o‘qishga qoldirish holatlarining deyarli yo‘qligi ajablanarli holat emas.

 

O‘quvchilar maktab dasrlaridan tashqari yapon kalligrafiya san'ati va she'riyatga o‘rgatiladi

Yapon kalligrafiyasi yoki shodo tamoyili - juda oddiy: bambuk cho‘tka siyohga botiriladi va guruch-qog‘ozga iyerogliflar chiziladi. Yaponiyada shodo odatiy tasviriy san'at darajasida qadrlanadi. Xayku esa - she'riyatning tabiat va insonni bir butun qilib ko‘rsatuvchi milliy shakli. Ikki predmet ham sharq estetikasi tamoyillaridan birini aks ettiradi - oddiylik va nafislik uyg‘unlashuvi. Mashg‘ulotlar bolalarni ko‘p asrlik madaniyatni qadrlash va hurmat qilishga o‘rgatadi.

 

Barcha maktab o‘quvchilari formada bo‘lishi kerak

O‘quvchi o‘rta maktabdan boshlab uniforma kiyishga majbur. Ko‘p maktablar o‘z formasiga ega, lekin odatda bu o‘g‘il bolalar uchun - harbiy uslubdagi kiyim, qiz bolalar uchun esa - dengizchi uslubi. Qoidalar o‘quvchilarni tartibga keltiradi, zero maxsus kiyimning o‘ziyoq ishchi muhitni yaratadi. Shuningdek bir xil forma sinfdoshlarni birlashtirishda yordam beradi.

 

O‘quvchilarning darslarga qatnashi 99,99 foizni tashkil qiladi

Hayoti davomida biror marta maktabdagi darslarni qo‘yib yubormagan odamni izlab topish qiyin bo‘lsa kerak, bu yerda esa butun boshli millat! Shu bilan birga yapon o‘quvchilari hech qachon darslarga kechikishmaydi. 91 foiz o‘quvchi o‘qituvchining gaplarini diqqat bilan tinglaydi. Yana qaysi mamlakat shunday statistika bilan maqtana oladi?!

 

Bir bitirish imtihonining natijalari barchasini hal qiladi

O‘quvchilar yuqori sinflarni tugallagach, birgina test topshirishadi va bu ularning oliy ta'lim muassasasi (OTM)ga kirish yo kirmasligini hal qiladi. Bitiruvchi faqat bir OTMni tanlashi mumkin - uning qanday bo‘lishi kelajakdagi ish haqi va turmush darajasini belgilab beradi. Raqobat katta: 76 foiz bitiruvchi maktabdan keyingi o‘quv jarayonini davom ettiradi. Aynan shuning uchun ham Yaponiyada "imtihon jahannami" degan ibora mashhur.

 

Universitet yillari — hayotdagi eng yaxshi ta'til

"Imtihon jahannami"ga ko‘p yillik tinimsiz tayyorgarlikdan keyin yaponlarning kichik tanaffus qilishni istashi hayratlanarli emas. Bu har bir yapon hayotida eng oson va betashvish hisoblangan universitet yillariga to‘g‘ri keldi. Ishlashdan oldingi ajoyib hordiq, zero yaponlar bolaligidan ishga nafaqat mas'uliyat, balki butun hayotiy faoliyatiga bo‘lgan katta mehr-muhabbat bilan yondashishga o‘rgatilgan.

Mavzuga oid