O‘zbekiston | 19:45 / 15.06.2017
15491
6 daqiqa o‘qiladi

Press-klub rahbari gaz o‘rniga muqobil energiyadan foydalanishni taklif etdi

Press-klub rahbari Sherzod Qudratxo‘jayev o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida muqobil energiyadan keng foydalanishga chaqirib, post qoldirdi.

Men o‘tgan yilning yozida Turkiyada bo‘ldim. Istanbulda birinchi ko‘zim tushgan narsa bu - barcha chiroyli osmono‘par binolarning tomlaridagi quyosh panellari va ularning oldida turgan katta suv bochkalari bo‘ldi. Hayron qoldim: Turkiya o‘ziga to‘q davlatligini bilaman, odamlari ham och qolmagan, lekin nega bunaqa darajada hamma avtonom energiya manbalaridan foydalanishiga qiziqdim. Keyin ko‘rishimcha, nafaqat Istanbul, balki kurortlar va soqqa makoni Antaliyada ham xuddi shu holat. Vaziyatni ichidan bilganimdan so‘ng turklar “har baloni” bilishiga qoyil qoldim. Mavjud jarayon shundayki, oddiy bir xonadon quyosh energiyasidan nafaqat uyni yoritish uchun, shuningdek, uydagi suvni isitish (ham issiq suv, ham xonani isitish) uchun ham foydalanar ekan. Bilishimcha, ortib qolgan energiya davlatga sotilar ekan (hisoblagichlar ikki tomonga aylanishga mo‘ljallangan).

Kuni kecha «O‘zbekneftgaz» holding kompaniyasi boshqaruv raisi Alisher Sultonov bilan bo‘lgan Press-klub anjumanida ko‘p o‘ylantirayotgan savollarimga javob oldim va u kishi bilan hamfikr ekanligimni bildim.

Birinchidan, O‘zbekiston gaz zaxiralari bo‘yicha dunyoda sakkizinchi o‘rinda turadi. Neftimiz esa kamroq. Azim Toshkentda yashaydigan “erkatoylarning” gaz buyicha milliardlab qarzi bor. Nazoratchi kelganda eshigimizni ochmaymiz hatto. Yoki pulni “arra” qilishga, jinoyatkorona kelishishga harakat qilamiz. Vaziyatni jiddiy inqiroz darajasigacha kelishi Bosh prokuratura qoshida maxsus Byuroni tashkil etishgacha olib keldi.

Ikkinchidan, gazni ko‘p davlatlarga eksport qilamiz. Lekin, masalan 120 million dollarga falon kub gaz eksport qilmasdan, uni chuqur qayta ishlash bizga 600 millionga dollarga yaqin foyda berar ekan.

Uchinchidan, bizda gaz ko‘p desak, darrov ijtimoiy tarmoqlar va jamoatchiligimiz bong ura boshlaydi. “Nega shuncha gazimiz bo‘la turib, barcha uzoq qishloqlarga, barcha xonadonlarga kelmagan?”. To‘g‘ri, davlatimiz gazlashtirish bo‘yicha dunyoda yetakchi o‘rinda turadi, lekin hech qaysi mamlakatda gaz 100 foiz darajada barcha xonadonlarga quvur orqali berilmaydi. Hatto Rossiyada ham.

To‘rtinchidan, darrov tappi yoqishimizni ro‘kach qilamiz. Guyoki, boshqa chora yo‘qdek, vo ajabo, shunda menda bir savol tug‘ildi. Tappi va gaz quvuri o‘rtasida nima bor?

Javobim shu: Bugungi 21-asrda muqobil energiya - Alloh yaratgan mo‘'jiza oftob va uning bepul, beg‘araz, beminnat nurlari bor. Allaqachon olimlar tomonidan yaratilgan shunday uskunalar borki, oftob nurini uyimizni issiq suv va issiqlik energiyasi bilan ta'minlashga mo‘ljallangan. To‘g‘ri, ular bepul emas. Surishtirishimcha, Toshkentda joylashgan Solar City Solutinons kompaniyasining o‘rtacha bir xonadonga mo‘ljallangan jihozlari 4-5 million so‘mga tusharkan. Ushbu qurilma yilning 365 kunidan 322-325 kun issiqlik quvvati bilan to‘liq ta'minlarkan. Hatto bulutli kunda ham. Bir marta uskuna uchun to‘laymiz, xolos. Qolgani bepul-ku! Oftob nuri uchun hech kimga haq bermaymizku?!

Nimaga biz ist'yemolchilarni madaniyatiga bu narsa kirib kelmayapti. Chunki biz 4-5 million so‘mni o‘zimizdan ayaymiz. Vaholanki, 3 qavatli uy sohibi 1-1,5 yilda shu mablag‘ni gazdan foydalanganiga to‘lab qo‘yadi. Lekin, biz undan ko‘ra avtosalonda 3 oy poylab bo‘lsa ham “Lasetti”mizni “Malibu” qilamiz. To‘yimizda bitta limuzinni ikkita qilamiz yoki sarpo-sidirg‘a yoki hashamatli restoranga o‘ylanmay ishlatamiz. Bizga Turkiya, Yaponiya, Koreya kabi davlatlardagi insonlar psixologiyasi qachon kirib kelarkan? Balki mentalitetimizni o‘zgartirish vaqti kelgandir? Quyosh texnologiyalari kirib kelishi uchun tafakkurimiz bir pog‘onaga o‘sishi lozimmikin? Shunda uyimizga quyosh nuri bilan birgalikda issiqlik, nur, pokizalik va fayz kirib keladi. Gazdan esa polietilen, polipropilen, polimer kabi ko‘plab mahsulotlar ishlab chiqarib eksport qilishimiz mumkin. Bu esa iqtisodiyotimizga yangi ilg‘or texnologiyalar, qanchadan-qancha yangi ishchi o‘rinlari, yaxshi maoshlar, byudjyetga soliqlar va eng asosiysi jamiyat va xalqimiz uchun yaxshi hayot degani. Balki biz har bir narsani davlatdan kutib o‘tirgandan ko‘ra, davlatga yordam berish vaqti kelgandir!

Yoki tappi yoqamiz deb, 19-asrdagidek tanchada o‘tiraveramizmi? “Yapon mo‘'jizasi”, “Koreys mo‘'jizasi” mo‘'jiza emas, aslida. Bu mashaqqatli mehnat, izlanish, balandparvoz emas haqiqiy vatanparvarlikni amalda ko‘rsatishdir.

Yana bir fikrim, bu loyihani hayotga tez va unumli kiritishni yo‘li, banklarni keng jalb etib, ushbu loyihaga kam foizli kredit ajratishdir. Ushbu jihozlarni 100 minglab, millionlab ishlab chiqarish esa tannarxning arzon bo‘lishiga olib keladi.

Ammo, bu ishni ziyolilar, olimlar, tadbirkorlar, badavlat insonlar birinchi boshlashi kerak. Shunda bu narsa ham dabdaba to‘ylar kabi rusumga kiradi.

Shaxsan men, shu kunlarda shu ishni boshlamoqchiman. Sizchi?

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid