O‘zbekiston | 21:38 / 23.06.2017
15326
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston hukumati Qozog‘istonda halok bo‘lgan fuqarolarning yaqinlariga hamdardlik bildirdi

O‘zbekiston Respublikasi rahbariyati 22 iyun kuni Qozog‘istonning Oqto‘ba viloyati hududida ro‘y bergan yo‘l transport hodisasi oqibatida halok bo‘lgan o‘zbekistonliklarning oila a'zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi. Bu haqda O‘zbekiston TIV saytida xabar berilgan.

22 iyun kuni soat 10:20da Qozog‘iston Respublikasi Oqto‘ba viloyatining Aytekebi tumanidagi Qorabutak posyolkasidan 20 kilometr masofada Samara – Chimkent avtomobil yo‘lining 946-kilometrida Volgograd (Rossiya) – Chimkent (Qozog‘iston) yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanayotgan ikki qavatli «Mersedes» rusumli yo‘lovchi avtobusi (davlat raqami N 011 LMM) ag‘darilib ketgan. Avtobusda jami 52 kishi – 50 nafar O‘zbekiston fuqarosi va 2 nafar Qozog‘iston fuqarosi bo‘lgan.

Ushbu yo‘l-transport hodisasi oqibatida 9 kishi (barchasi O‘zbekiston fuqarosi) halok bo‘lgan, 18 kishi jarohat olgan (17 nafari O‘zbekiston fuqarosi, ularning 5 nafari Oqto‘ba viloyatining Aytekebi tumani markaziy shifoxonasiga yotqizilgan).

O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi jabrlanganlarning ahvoli va ushbu hodisa bilan bog‘liq boshqa masalalar haqida ma'lumot olish uchun bevosita telefon aloqasi tashkil qildi. 

Halok bo‘lganlarning jasadini O‘zbekiston Respublikasiga olib kelish uchun Oqto‘ba shahriga maxsus samolyot yuborilgan.

Mavzuga oid