Jamiyat | 17:20 / 06.07.2017
11980
2 daqiqa o‘qiladi

Chet elda qonuniy ishlovchi fuqarolarning onlayn ruxsatnoma olishi yo‘lga qo‘yiladi

2017 yil 5 iyul kuni Xalqaro Press-klubda O‘zbekiston TIV vaziri Abdulaziz Komilov bilan jonli efirda muloqot tashkil etildi. 

Ochiq muloqot davomida AQShda yashovchi o‘zbekistonlik Nodir Zokirov tomonidan quyidagicha savol yo‘llandi:

“2009 yildan beri Vashingtondagi Jahon bankida faoliyat yuritaman. Chet elda qonuniy ravishda ishlaydigan ko‘plab fuqarolarimiz elchixonaga kelib o‘z biometrik pasportlarini almashtirmoqchi bo‘lishganida ulardan O‘zbekiston Tashqi migratsiya agentligining litsenziyasi talab qilinadi. Bu litsenziyaga ega bo‘lmay turib, lekin xorijda qonuniy asosda ishlayotgan fuqarolar uchun bu ishni, ya'ni ovir yoki pasport alishtirishni yengillashtirish imkoni bormi?”

Mazkur murojaatga Tashqi mehnat migratsiya agentligi rahbari Xo‘jabahlil Asomov javob berdi: 

“Darhaqiqat, Vazirlar Mahkamasining 2003 yilgi qaroriga muvofiq, fuqarolarimizning chet elda ishlashi uchun agentlikdan litsenziya olishlari talab qilinadi. Biroq chet elda ishlaydigan diplomatlar, ma'ruza o‘qishga boruvchi tashkilot xodimlari hamda davlat kelishuviga asosan xorijda ishlaydigan fuqarolarimiz bundan mustasno. Endilikda 2017 yilning 3 martidan boshlab, litsenziya olish jarayoni agentlikning o‘zida tashkil etilib, hujjatni olish muddati  30 ish kunidan 7 kunga qisqardi”.

Agentlik rahbarining qayd etishicha, fuqarolardan mazkur jarayon bo‘yicha ko‘p murojaatlar kelib tushganini inobatga olgan holda, hozirda litsenziya olish jarayonini onlayn rejimga o‘tkazish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. 

“Bu  borada kerakli dasturlar ishlab chiqiladi. Endilikda fuqarolarimiz chet eldan turib, Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligidan ruxsatnoma olish imkoniga ega bo‘lishadi”, deya qo‘shimcha qildi agentlik rahbari.

Феруза Авазова
Tayyorlagan Феруза Авазова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid